30.01.2023

Jidda shahrida qadimiy qo'lyozmalarimiz namoyish etiladi

joriy yilning 23-yanvaridan 23-apreliga qadar Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Islom san’ati bo‘yicha birinchi ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi

Xalqaro tadbirda O‘zbekistonning 17 ta eksponati namoyish etiladi. Islom olamining muhim qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan VIII asrga oid Katta Langar Qur’onining bir necha sahifasi, XVII asrga oid “Imom al-Buxoriyning Al-Jome’ as-Sahih” hadislar to‘plami, Samarqand va Afrosiyobning X-XII asrlarga oid sopol ko‘za va kosalari, milliy liboslar, poyabzallar va boshqa noyob eksponatlar shular jumlasidandir. 
 

Saudiya Arabistoni Madaniyat vazirligi va Diriy biyennale fondi hamkorigida tashkil etilgan ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad – o‘tmish, hozirgi kun va kelajakni bog‘lashdan iborat. 

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi boshchiligidagi bir nechta tashkilot vakillari O‘zbekiston tarixiy merosini ishtirokchilarga tanishtiradi. 

Mazkur ko‘rgazmaga qo‘yilgan 17 ta ashyo orasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi muzeyida saqlanayotgan eng qadimiy Mus'haf qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan Katta Langar Qur’onining borligi diqqatga sazovor. 

Islom san’ati biyennalesida mazkur muborak Qur’onning to‘rt sahifasi taqdim qilinib, ulardan ikkitasi jamoatchilik e’tiboriga ilk marotaba havola etiladi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Luvr mutaxassislari tomonidan restavratsiya qilingan 13 ta sahifadan ikki varog‘i Luvr muzeyidagi ko‘rgazmadagi namoyishi ham davom etmoqda. 

Ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qur’oni restavratsiya qilindi. Mus'haf sahifalari ta’miri Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida uch bosqichda, ya’ni 2019, 2020 va 2021 yillarda amalga oshirildi.

Jidda shahridagi Islom san’ati ko‘rgazmasi – ushbu nodir madaniyat bilan bog‘liq loyihalarni namoyish etish imkonini beruvchi muhim xalqaro tadbirdir. Mamlakatimiz tomonidan namoyish etilayotgan eksponatlar jahon hamjamiyatining ularni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan.

Din ishlari bo'yicha qo'mita Axborot xizmati

Izoh qoldirish