DUNYO VA OXIRAT OLIMLARINING ALOMATLARI
Ma’lumki, olimlar maqsadlariga ko’ra ikkiga: oxirat olimlari va dunyo olimlariga bo’linadi. Dunyo olimlaridan maqsad ilmlarini mol-u davlat, maqom, martaba uchun ilm olganlar hamda shu dunyo uchun sarflaydiganlar tushuniladi. Oxirat olimlari esa ilmni faqat Allohning roziligiga erishish uchun oladi hamda o’z ilmlarini din-u diyonat yo’lida sarflaydi va u uchun hech bir tam’a qilmaydilar. Ibn Vahb Abu Hurayra (r.a) dan Rasululi akram sollallohu alayhi vasallam oxirat olimlari va dunyo olimlarini farqlari haqida: “Qiyomat kunida eng og’ir azoblanadigan kishilar, Alloh taoloning ilmidan o’ziga foyda olmagan olimlardir” deganlarini rivoyat qiladi.
Imom G’azzoliyning ukasi Ahmad G’azzoliyning bu boradagi fikrlari:
“Inson o’z ilmiga amal qilmagunicha olim bo’la olmaydi. Oxir zamonda, johil obidlar bilan fosiq olimlar keladi. Yomon odamlarga qarshi kurashish, olimlardan ustun kelish va bu bilan faqat insonlarning roziligini qozonish uchun ilm olmang! Kim shunday qilsa, u do‘zaxdadir. Ilmini oshirib, ammo axloqini tuzatmagan inson, Alloh taolodan uzoqlashgan inson bo’ladi.”
Hasan Basriy shunday deydi: “Olimlar ilmini va shariatni o’rganib lekin amalda so‘zlari amallariga to‘g‘ri kelmaydigan nopok qavmlarga o‘xshamang”. Olimlarning azobi ikki sababga ko‘ra johillarning azobidan kattaroqdir. Birinchidan, ularning rahbarlik mavqeidadir. Hazrati Umar aytadilar: “Olim xato qilsa, qozi ham xato qiladi”. Ikkinchisi, ular qasddan gunoh qiladilar”. Yomon olimlarning mavqei juda past bo‘lganidek, oxiratda ularga beriladigan azob johillarning azobidan ham kattaroq bo‘ladi. Oxiratni qo'lga kiritadigan, azobdan qochadigan va Allohu taologa yaqin bo'ladigan olimlar oxirat ulamolaridir.
Ushbu fikrlardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin. Har bir ilmi tolib ilm olish jarayonida niyyatini yaxshilab olmog’i, har bir ilmiga amal qilmog’i lozim. Niyati mol davlat yig’ish, yuqori martabalar bo’lmasligi kerak, zero tolibi ilm o'z ilmiga amal qilib yashasa, martaba ham mol davlat ham uning izidan kelaveradi.
✍️ Sa’dulla Boboxodjayev -
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish