14.01.2022

VATAN HIMOYASI – MUQADDAS BURCH

    Eshit endi Vatan o‘g‘li mendin nasihat,

Qabul qilsang kelur boshingga davlat.

Vatan asli seningdur O‘zbekiston,

O‘g‘izdin qolmish erdi bu guliston.

(Alixonto‘ra Sog‘uniy)

“Vatan” atamasi aslida arabcha so‘z bo‘lib, ona yurt ma’nosini anglatadi. Ibn Xaldun “Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘idir”, deb ta’rif bergan.Vatanga bo‘lgan muhabat va sadoqat har bir inson farzandining fitratida mavjud. Ayniqsa bizning ajdodlarimiz Vatanga xizmat qilishni oliy burch deb bilishadi. Har bir qarich yerini ko‘z gavharidek asrashadi. Bu kabi oliy tuyg‘u Alloh taolo tomonidan insonlarga berilgan ulug‘ ne’matlardan biridir. Zero Vatan tuyg‘usi va muhabbati inson qalbida bo‘lmaganida, bugun yer yuzi shunchalik obod bo‘lmasdi. Shuning uchun hazrati Umar roziyallohu anhu: «Agar Vatan sevgisi bo‘lmaganda, yurtlar xarob bo‘lardi», deganlar. Ammo ba’zi insonlar va toifalar borki bunday oliy ne’mat – vatanni sevish va obod qilish ne’matidan mahrumdir. Oqil inson Alloh taolo bergan aqli ila tafakkur qilsa o‘z Vatanida Alloh taolo unga qancha ne’matlarini hisobsiz berganini anglaydi. Inson mana shu ne’matlar sonini sanasa adog‘iga yetolmaydi. Umr buyi shu vatanga xizmat qilsa shuncha kam. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ota bobolarimiz vatan himoyasi uchun hatto jonlarini fido qilishgan. Musulmon sarkardalari ichida vatandoshlarimizdan bo‘lgan Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur butun dunyoda nomlari jasorat va sadoqatga tengsiz bo'lishgan. Buyuk siymolarimiz Imom Buxoriy, Hakim Termiziy, Imom Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Imom Zamaxshariy, Abu Ali ibn Sino, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va Abu Rayhon Beruniy o‘z ilmiy-tarixiy va diniy asarlari bilan Vatanni himoya qilish va vatantparvarlik haqida kerakli ma’lumotlarni berishgan.

Qur’oni karimda bir insonni o‘z Vatanidan judo qilish og‘ir gunoh sifatida qayd etilishi Islom dinida unga yuksak maqom berilishidan dalolat qiladi: “Eslang, (ey, Isroil avlodi,) sizlardan “Bir-birlaringizning qoningizni to‘kmaysiz, o‘zlaringizni (bir-birlaringizni) yurtingizdan badarg‘a qilmaysiz”, degan ahdingizni olgan edik. So‘ngra o‘zlaringiz guvohlik berib, uni e’tirof ham etgan edingiz” (“Baqara” surasi, 84-oyat)”.

Bu haqda Payg‘ambar alayhissalom hadislarida aytadilar: “Bir kecha-kunduz chegarani himoya qilish, bir oy ro‘za (nafl) tutgan va bir oy kechalari ibodatda turgandan yahshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Mo‘min-musulmonlarga Vatanni sevish Muhammad alayhissalomdan meros hisoblanadi. Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makka shahridan Madina shahriga chiqib ketayotganlarida to‘xtab, orqalariga qarab: “Qanday ham yaxshi shaharsan! Qanday ham menga sevimlisan! Agar qavming meni sendan quvmaganida sendan boshqa joyda yashamas edim”, - deb noilojlikdan Vatanni tark etishga majbur bo‘lganlarini izhor etganlar (Imom Termiziy, 3926-hadis).

Buyuk ajdodlardan biri, tasavvufning kubroviya ta’limotiga asos solgan Najmiddin Kubro mo‘g‘ullar istilosi davrida dushman tomondan yashab turgan shahrini tashlab chiqishga ruxsat berilganiga qaramay, lashkarni yovga qarshi jangga boshlab kirish oqibatida qahramonlarcha halok bo‘lgan.

Dinimizda Vatan himoyasidan o‘zini olib qochish og‘ir gunoh ekanligi va bunday holat halokat olib borishligi ta’kidlanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Halokatga eltguvchi yetti xil ilatdan uzoqroq bo‘linglar: Shirk keltirishlik, sehr-jodu bilan shug‘ullanish, nohaqdan begunoh odamni o‘ldirish, sudxo‘rlik qilish, yetim molini yeyish, jang maydonidan qochish, pokiza iffatli mo‘mina ayolga tuxmat qilish», dedilar.

Hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, Vatanni himoya qilishda inson jon berishga ham tayyor bo‘lishi kerak. Chunki bu Vatanda bizning ajdodlarimiz, ota-onamiz, yaqin qarindoshlarimiz va oila ahlimiz yashashadi. Vatanni himoya qilish ularni himoya qilish bilan barobar. Payg‘ambar alayhissalomning ushbu harakatlaridan shunday xulosa chiqarish mumkinki, ona Vatan hech qachon sotilmay, unga xiyonat ham qilinmaydi. Demak, bunday xiyonatni hech qanday diniy va dunyoviy qonun yoki ta’limot oqlamaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 52-moddasiga ko‘ra: “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir”. Shuningdek, Bosh Qomusning 49-moddasiga “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab-asrashga majburdirlar”, deb qayd etilgan.

Hazrat Alisher Navoiy Vatanidan, xalqidan norozi bo‘lib uni tark etadigan kishilarni oqibitda g‘ariblikda sarson bo‘lishini quydagicha ta’kidlaydi:

 Vatan tarkini bir nafas aylama,

Yana ranju g‘urbat havas aylama.

Imom Muhammad Gʻazzoliyning bu boradagi so‘zlari barchamizga hayotiy shior bo‘lishi zarur: «Vatanning ham haqlari bo‘ladi. Ularning birinchisi shu Vatanda yashaganda tinch-xotirjam, shukrona qilib yashash haqqidir. Shuningdek, Vatandan ketganda uni sog‘inish, Vatan kamsitilganda g‘azablanish, Vatanga hujum qilinganda uni himoya qilish ham Vatanning shu yurtda tug‘ilib-o‘sganlar zimmasidagi haqqidir.

Xulosa, Vatanga muhabbat oddiy insonlarga ham ulkan kuch-qudrat, azm-u shijoat baxsh etib, tengsiz jasoratlarga undab, vatan sharafini o‘zining sharafidek bir xil himoya qiladi. Inson sharafi qancha ulug‘ bo‘lsa, Vatan sharafi ham oqil insonlar nazdida ulug‘dir. Ona yurtning tabarruk yeri boshqa o‘lkalarning oltin zaxiralaridan afzaldir. Albatta Vatan himoyasi – sharafimiz rioyasi ekanligini unutmasdan tun-u kun sergak bo‘lib har bir qarich yerini, xalqini aziz tutib tilimiz-u dilimiz va jismimiz bilan himoya qilishimiz darkor. Zero xalqning tinch va osuda hayoti, baxt-u saodati mard va bahodir farzandlarning sadoqatiga, jasoratiga bog‘liq. Alloh taolo bergan bu buyuk ne’mat – umrimizni faqat yaxshilik, halollik, oqillik va sodiqlikka o‘tkazish barchamizga nasib etsin.

 

Karomiddin  Jamahmatov - 

Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining manbashunoslik bo`limi boshlig'i


 

Izoh qoldirish