09.08.2021

MANBASHUNOSLIK BO'LIMI

        Markazning Manbashunoslik bo'limi ham allomalarimizning hayoti va ijodiga oid manbalarni saralab tadqiq etish bilan birga, bugungi kundagi manbashunoslik yo'nalishining dolzarb masalalari, eng muhim qonun-qoidalari, asoslari va jahon miqyosdagi yangi tendentsiyalarini o'zlashtirishni maqsad qilib qo'ygan. 
Bugungi kunda manbashunoslik yo'nalishida “Termizlik ikki alloma” (2017),  “Muhammad Hakim Termiziy risolalari” nomi ostida “Buduvvu sha'n Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy”, “Adab an-nafs”, “Riyozatun nafs”, “Bayon al-kasb” (2017), “Buyuk yurt allomalari” (2018), kabi asarlar manbalar asosida o'rganilib, o'zbek tilida nashr etildi.
Ayni kunlarda esa Abu Nasr Muhammad ibn Abduljabbor Utbiyning Markaziy Osiyo tarixiga oid fundamental asarlarida biri bo'lgan “Tarixi Yaminiy” asari izoh va sharhlari bilan, Hakim Termiziyning “Tahsilu nazoiril Qur'on” (Qur'ondagi o'xshash kalimalar tahsili), Jaloliddin Rumiyning ustozi bo'lgan Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziyning “Ma'orif”, Roziyiddin Chag'oniyning “Durr as-sahoba fiy bayani mavadiyi' vafayati as-sahoba” (Sahobalarning vafot etgan manzillari bayoni haqida marvarid asar), Abu Muhammad Abdulloh ibn Muqaffaning “Al-adab  al-kabir” (Odob haqidagi katta kitob) va “Adab as-sag'ir” (Odob haqidagi kichik kitob) nomli asarlar tarjimasi ustida ish olib borilmoqda.
Bulardan tashqari Markaz ilmiy xodimlari tomonidan Hakim Termiziy qo'lyozmasining arab tilidagi qo'lyozma tahqiqi, 5 ta allomalar asarlariga oid tarjimalar, “Qur'onshunoslik” “Dinshunoslik” va “Hadisshunoslik” fanlaridan o'quv qo'llanmalar va “Buyuk termiziylar” rukni ostida 10 kichik hajmdagi xalqchil risolalar nashrga tayyorlandi. Markaz xodimlarining 50 ga yaqin maqolalar,  ilmiy jurnal va konferentsiya to'plamlarida chop etildi.

Izoh qoldirish