MARKAZ XALQARO HAMKORLARI SONI ORTMOQDA
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Turkiya Respublikasining Anqara shahrida joylashgan Ilohiyot tadqiqotlari markazi (İLAMER) oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur Ilohiyot tadqiqotlari markazi (İLAMER) 2006-yilda Turkiya Respublikasi Diyonat ishlari bosh boshqarmasi rahbari Lütfi Doğanning tashabbusi bilan Islom ilmlarini tadqiq qilish jamgʻarmasi (İSİLAY) tarkibida tashkil etilgan. Bu markazning asosiy maqsad va vazifasi islomiy ilmlar va allomalar merosini oʻrganishga doir ilmiy va akademik tadqiqotlar olib borish bilan bir qatorda mazkur sohaga oid turli loyihalar va grantlar ishlab chiqish hamda qoʻllab quvvatlashdan iborat.
Ochiqlik va oʻzaro hurmat ruhida oʻtgan muzokaralar natijasida imzolangan Memorandum ikki markaz oʻrtasida akademik va taʼlim ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda akademik maʼlumotlar, materiallar, davriy nashrlar va boshqa nashrlar almashinuvlari hamda qoʻshma tadqiqot dasturlar, konferensiya va seminarlar tashkil etish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Izoh qoldirish