11.06.2021

Markaz haqida

 

“Islom dini rivojiga hissa qo'shgan buyuk alloma, 
vatandoshimiz Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning
benazir merosini ilmiy asosda chuqur o'rganish va xalqqa
yetkazish o'ta muhim ishdir”.
                                                           
                                                                   Shavkat Mirziyoyev,  
                                          O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

 

         Islom dini insoniyat taraqqiyoti tarixida muhim burilish nuqtasi yasaganligi va unga o'ziga xos nur baxsh etgani barchaga ma'lum. Uning  tarixiy o'lkamiz bo'lgan Movarounnahrga kirib kelishi VII asrdanoq boshlangan bo'lsa, ayniqsa IX asrlardan e'tiboran to hozirgi kunimizgacha madaniyatimiz va ma'naviyatimizning muhim asosi bo'lib kelmoqda. Bugungi kunda esa ushbu merosni o'rganish jarayonida o'zligimizni tadqiq etish va anglash bilan barobar sanash mumkin.
So'nggi yillarda O'zbekistonda ajdodlar merosini chuqur o'rganish, ularning ilmiy merosini, pandu nasihatlarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqandda hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Qashqadaryoda aqida, Farg'onada fiqh, Buxoroda tasavvuf, Samarqandda hadis va kalom maktablari o'z faoliyatini boshladi. Ayni paytda ularda buyuk  ajdodlarimizning boy ilmiy asarlari o'rganilib, Islom dinining musaffo ta'limoti va nazariyalari keng tadqiq qilinmoqda. 
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi  “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi chin ma'noda Surxondaryo ahliga ulkan ma'naviy tuhfa bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Chunki, bu yerdan Termiziy nomi bilan islom olamiga mashhur bo'lgan yuzlab allomalar yetishib chiqqan. Biroq mustabid tuzum davrida ularning hatto nomlari ham unutilish darajasiga yetib kelgan.
Markazning xalqaro maqomi – ajdodlarimiz merosining bugungi dunyo muammolarini yechishda ishtirok etishi lozimligining amaliy ifodasi hamdir. Bugungi kunda Markaz ilmiy xodimlari tomonidan termiziy allomalar ijodiga oid o'ndan ortiq asarlarni tarjima qilib, nashr ettirdihamda yurtimiz va xalqaro miqyosda ko'plab ilmiy maqolalar e'lon qilindi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda Markaz xodimlari termiziylar merosining jahonning 44 mamlakati kutubxona fondlarida saqlanayotgan 1400 dan ziyod qo'lyozmalarini aniqlashda ishtirok etgani va “Termizlik allomalar asarlarining qo'lyozmalari katalogi”, “Termizlik olimlar asarlarining jahon fondlaridagi qo'lyozmalari katalogi” kitoblarining nashr etilishida hamkorlik qilgani Markazning tarixiy yutuqlaridan biri sifatida baholash mumkin. Ushbu ro'yxat asosida o'ndan ortiq qo'lyozmalar Markazga keltirilib, tadqiqot ishlari boshlanib yuborilgan. 
Shu bilan birga, ajdodlarimiz merosini nafaqat tarjima, balki asl holida tadqiq etib, nashrga tayyorlash kabi ulkan va muhim ishni ham o'z oldimizga vazifa qilib qo'yganmizki, bu orqali jahon ilm-faniga integratsiyalashish jarayonini jadallashtirish bilan birgalikda ajdodlarimiz yoqqan mash'alalarni yanada balandroqqa ko'tarib, uning nuridan butun dunyoni bahramand qilish imkoniyati yuzaga keladi. 
Markaz Surxondaryoning eng sara olimlarini jamlab, birlashtirgani, ularning uzoq yillik ezgu niyatlarini amalga oshirishda tayanch maskan vazifasini o'tayotgani, asosiysi, hozirdanoq o'ziga xos bir maktabga asos solgani va bu borada Surxondaryo tajribasini boshlab bergani kishiga kuch-g'ayrat baxshida etadi. Bu esa kelajakda termiziylar an'anasining tiklanishiga ulanib ketishiga va jahon miqyosda yana bir porloq ilm mayog'i yuzaga kelishiga asosli umid va ishonch tug'diradi.  
                
                                                                                                                                      

Izoh qoldirish