01.10.2021

Ustoz -otangdek ulug'!

   Ustoz. Shu birgina so'z zamirida olam-olam ma'no va hurmat mujassam. Ustoz-bu  o'zidan keyin har bir insonning hayotida sezilmas, ammo juda muhim iz qoldiruvchi buyuk zot.  Zero, har bir kasb egasi muallim qo‘lida o‘z yo‘lini topadi. Inson yo‘qki, ustoz-muallim sabog‘isiz kamolga yetgan bo‘lsa! Insoniyat kamoloti uchun  bilimi, iqtidori va hayotini baxsh etgan ustozlarning xizmatlarini hamma zamonlarda ham kishilar hurmatlab, o'zlarini esa e'zozlab kelishgan.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi majlislar zalida 1-oktabr "Ustoz va murabbiylar kuni" munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari, Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchi va murabbiylari hamda talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, ustoz, Sh.Umarov o'z nutqi bilan boshlab, mazkur muassasada faoliyat yuritayotgan, o‘z qalb qo‘rini, ko‘z nurini, mehr – muhabbatini, barkamol avlodlarni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani zimmalariga olib, bu olijanob ishni sharaf bilan bajarishga bel bog'lagan barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan qutladi. Shuningdek, tadbir davomida yuragi g‘ayrat-shijoatga to‘la, yoshlar tarbiyasidek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan mehridaryo ustoz-murabbiylarimizga qaratilayotgan e'tibor va g'amxo'rliklar, qolaversa, ustozlarni qadrlab, doimo ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatishimiz lozimligi ta'kidlandi.

Tadbir davomida so'z olgan talabalar ustoz va murabbiylarning haqqi -hurmati haqida so'z yuritishar ekan, ilm bebaho boylik va uni egallash oson ish emasligini ta'kidlashib, kasb bayrami bilan barcha ustoz va murabbiylarini sanmimiy qutlashdi.

 O‘tgan ulug‘larimiz, ota-bobolarimiz ustoz va muallimlarning haqqini yaxshi bilganlar, ularning qadri nechog‘li baland ekanini teran anglaganlar va shunga ko‘ra muomala qilganlar. Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlari rivoyat qilinadi: «Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u ustozim, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta, o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman».

Albatta, ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Shuning uchun ham uning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug‘dir. 

Uchrashuv davomida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ustoz-murabbiylari hamda ilmiy xodimlariga Qur'oni karim ma'nolarining shayx Usmonxon Temurxon o'g'li Samarqandiy (Alimov) tomonidan qilingan o'zbekcha tarjimasi sovg'a qilindi.

Hayotning go'zalligi, farovonligi, odobligi, qolaversa, istiqlolimizning ravnaqi muallim mehnati bilandir. O'z davrining mashhur pedagogi Abdulla Avloniy "har bir millatning saodati, davlatlarning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog'liqdir",- deb yozgan edi. "Ustoz otangdek ulug", degan hikmatda olam-olam ma'no bor. Hatto otani quyoshga qiyos etamiz, ko'klarga ko'tarib maqtaymiz. Ammo otaday ulug' deb nisbat beriluvchi inson bor, bu – ustozdir! Haqiqatan, ota-ona seni voyaga yetkazadi, ustoz esa unib-o'sishing, kamolatga erishishing, ilm-ma'rifat cho'qqilarini zabt etishinga ko'maklashadi. O'z umrini, qalb qo'rini, aql-idrokini, tajribasi va bilimini sening yo'lingga sarf etadi. Yutug'ingni ko'rib quvonadi, muvaffaqiyatsizligingdan g'am-anduh chekadi.

Ustoz bog'bonga o'xshaydi. U tarbiyalab o'stirgan nihollarning hosili qanchadan-qancha avlodlarni bahramand qiladi. Ustoz va murabbiylarning ma'suliyatli, ammo sharafli kasblarini bir mash'alaga qiyos etish mumkin.

Aziz ustozlar! Bayramingiz muborak bo'lsin!

Imom Termiziy xalqaro  ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati

Izoh qoldirish