TURKIYADA MOVAROUNNAHR ALLOMALARI ILMIY MEROSINI O‘RGANISHGA BAG‘ISHLANGAN XALQARO ILMIY KONFERENSIYA TASHKIL ETILDI
Bugun, 2024-yil 27-may kuni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Chankiri Karatekin universiteti bilan hamkorlikdagi “Movarounnahrdan Onado‘liga hadis an’anasi va muhaddislar” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Xalqaro ilmiy konferensiya ishini Chankiri Karatekin universiteti rektori Prof. Dr. Harun Chiftchi kirish so‘zi bilan ochib, o‘tgan yili Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tashkil etilgan “Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Termiziy Movarounnahr muhaddislik maktabi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyaga Chankiri Karatekin universiteti professor olimlari taklif qilinganligi uchun alohida minnatdorchilik bildirgan holda mazkur konferensiya Termizda bo‘lib o‘tgan konferensiyaning mantiqiy davomi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bosh mutaxassisi Sh.Islomov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi axborot tahlil va targ‘ibot ishlarini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i K. Kamilov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori v.v.b. M. Joniyev, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari F. Abduhalimovlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Ma’ruzachilar islom dinining rivojlanishida Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimizning qo‘shgan hissasi, mamlakatimizda islom diniga bo‘lgan e’tiqod va yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, sohada bevosita ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bilan shug‘ulllanuvchi qator oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, tadqiqot markazlari faoliyat yuritayotganligi, bu boradagi xalqaro hamkorlik masalalari xususida atroflicha so‘z yuritdilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi axborot tahlil va targ‘ibot ishlarini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i K. Kamilovning “Movarounnahr mutafakkirlari bilan Onado‘lu mutafakkirlarining munosabatlari yaqin do‘stlik, qardoshlik va insonparvarlik asosida barpo etilgandi. Ilmu ma’rifat yo‘lidagi hamkorligi esa o‘rta asrlardan hozirga qadar davom etib kelayotganligi hammamizga ma’lum” – degan so‘zlari bo‘lib o‘tayotgan ilmiy konferensiyaning ildizi uzoq o‘tmishga borib taqalishini ko‘rsatadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari F. Abduhalimovning “Dunyo bo‘yicha eng mo‘tabar hadis kitoblari oltita bo‘lib, shundan beshtasiga hamma yakdil ittifoq qilgan. Bular Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasoiylarning kitoblari bo‘lib, shulardan uch nafari – Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Nasoiylar yurtimiz farzandlaridir” – degan fikrlari o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy konferensiyaning butun mazmun-mohiyatini ochib berganligi shubhasiz.
Turkiyalik olim Islom tafakkuri instituti direktori prof. Dr. Mehmet Go‘rmezning o‘z ma’ruzasida “Shunday madaniyatlar borki, bular o‘z davrida, o‘z vaqtida gullab-yashnaydi, porlaydi, lekin vaqt o‘tgandan keyin ular so‘nishni boshlaydi. Lekin Movarounnahr madaniyati shunday madaniyatki, u hali-hanuzgacha porlab turgan, o‘zining porloqligini yo‘qotmagan madaniyatdir. Qolaversa, u dunyo miqyosida umuminsoniy madaniyatga beshik bo‘lgan zamin – Movarounnahr madaniyatidir” – degan fikrlari konferensiya 1-ish kunining “qaynoq nuqtasi” bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida: Konferensiyaning 1-ish kunida 6 ta shu’ba bo‘yicha ish olib borildi, konferensiyaning 2-ish kuni ertaga – 2024-yil 28-may kuni davom etadi.
Izoh qoldirish