21.10.2021

21-OKTABR – O‘ZBEK TILI BAYRAMI KUNI

 Til — davlatning timsoli, mulki. Tilni asrab-avaylash orqali millat yuksaladi. Tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi. Til – millat ko‘zgusi, deb bejiz aytilmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta’sirida shakllangan. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan. Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari, sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanayotgani har birimizning g‘ururimizga g‘urur qo‘shadi.

1989 yil 21-oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida o‘zbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. O‘zbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng barcha davlat hujjatlari o‘zbek tilida yuritiladi, gazeta va jurnallar o‘zbek tilida chop etila boshlandi. 1993 yil 2- sentyabrda “Lotin tiliga asoslangan o‘zbek alifbosini tuzish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan so‘ng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib o‘rin egallash muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu sababli chet ellarda ham o‘zbek tiliga qiziquvchilar, uni o‘rganuvchilar soni ortib bordi. Dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud bo‘lib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o‘zbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purma’no va jozibadorligidan, mamlakatimizning chin ma’noda mustaqilligidan darak beradi. Shunday ekan ona tilimizning shundayin go‘zalligini, sofligini keyingi avlodlarga yetkazish bizning vazifamizdir.

 

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati

Izoh qoldirish