Yozma manbalar ustida tadqiqot olib borishdagi yangi yondashuvlar
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va IRCICA tashkiloti tomonidan tashkil etilgan “Yozma manbalar ustida tadqiqot olib borishdagi yangi yondashuvlar” mavzusida onlayn seminar bugun ZOOM dasturi orqali bo'lib o'tdi.
Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq qilish IRCICA tashkiloti “Ilmiy tadqiqotlar va nashrlar” bo'lim boshlig'i, tarix fanlari doktori, professor, Ashirbek Mo'minov ishtirok etgan seminarda yurtimizning nufuzli xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbarlari va ilmiy xodimlari, ilmiy tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Ilmiy-amaliy seminarni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, hadisshunoslik ixtisosligi bo’yicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov kirish so’zi bilan boshlab, ayni kunlarda markaz ilmiy xodimlarining amalga oshirayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari haqida so’z yuritar ekan, Termiziy va termizlik allomalarning yozma manbalari ustida olib borilayotgan tadqiqotlar, undagi o’ziga xos yangi yondashuvlar haqida atroflicha ma’lumotlar berib o’tdi.
Seminar davomida Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq qilish IRCICA tashkiloti “Ilmiy tadqiqotlar va nashrlar” bo'lim boshlig'i, tarix fanlari doktori, professor, Ashirbek Mo'minov ham ishtirok etib, ilmiy-tadqiqot jarayonidagi ba’zi dolzarb masalalar xususida to’xtalib, ilmiy-tadqiqot olib borayotgan tadqiqotchilar uchun tegishli maslahatlar berib o’tdi.
Shuningdek, dissertatsiya mavzularini tanlashda mantiqan yondashuv zarurligi, dissertatsiya yozishda ko’chirmachilikka mutlaqo yo’l qo’ymaslik, ba’zi iqtiboslar olinganda muallif huquqi va hurmatini e’tiborga olish kerakligi, mavzuni yoritishda xorijiy tajribalardan unumli va samarali foydalanib, unga metodologik, falsafiy va mantiqiy yondashgan holda tadqiqot ishlarini amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.
Seminar davomida hanafiy matnlarini o’rganishdagi ba’zi ixtilofiy masalalarning yuzaga kelish sabablari va ularni bartaraf etish yo’llari haqida ham o’zaro fikrlar almashinildi.
Aytish mumkinki, mazkur seminar ilmiy-tadqiqot olib borayotgan izlanuvchi va tadqiqotchi yosh olimlar uchun muhim ahamiyatga ega bo’ldi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati
Izoh qoldirish