11.01.2022

Hamkorlik to'g'risidagi memorandum oldi uchrashuvi bo’lib o’tdi

Qozon federal universiteti rahbariyati taklifiga asosan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qozon federal universiteti (QFU) o'rtasida onlayn tarzda o'zaro hamkorlik to'g'risidagi memorandum oldi uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Onlayn tarzda o'tkazilgan uchrashuv chog'ida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov hamda QFU Ijtimoiy-falsafiy fanlar va ommaviy kommunikatsiyalar instituti direktori, professor, Mixail Shelkunov davlatlarimiz o'rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini alohida e'tirof etishdi. 

  Muloqot davomida ilmiy-amaliy aloqalarni, jumladan, noyob qo’lyozmalar ustida hamkorlikda tadqiqot ishlarini olib borish, sof islomiy aqidalarni keng targ’ib qilish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlari, seminar-trening va xalqaro simpoziumlarni tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish borasida o'zaro hamkorlikni keng yo'lga qo'yish borasida fikrlar bildirildi.

Shuningdek, Islom diniga oid boy madaniy merosimizni yanada chuqur o’rganish, kelgusida  ilmiy hamkorlikni yo’lga qo’yish va o‘zaro tajriba almashishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

                Imom Termiziy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi matbuot xizmati

Izoh qoldirish