06.09.2024

SURXON VOHASIGA KELGAN SAHOBALAR

Islom dinining Markaziy Osiyoga kirib kelishi bu diyor tarixida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi. Uni ifodalash uchun fan tilida “uyg‘onish”, “renessans” kabi atamalar qo‘llanmoqda. Ushbu uyg‘onish asoslarini anglash uchun esa Islom dini yurtimizga kirib kelishining ilk davrini chuqur o‘rganish muhimdir. Islom qadriyatlari va manbashunosligida sahobalik tushunchasi alohida ahamiyatga ega. Mashhur ta’rifga ko‘ra, Muhammad (alayhissalom)ni imonli holida ko‘rgan kishi sahoba hisoblanadi. Ushbu sahobalarning bevosita biron hududda bo‘lishi esa mazkur joy uchun alohida sharaf sanaladi. Shuning uchun musulmonlar yashovchi o‘lkalarning Islom tarixi, agar ushbu holat mavjud bo‘lsa, eng avvalo, mana shundan boshlanadi.

Tarixiy Movarounnahr o‘lkasiga kelgan sahobalar borasida bugungi kungacha eng mashhur bo‘lgan holat sahoba Qusam ibn Abbos (roziyallohu anhu) (vaf. 57/677)ning Samarqandda shahid bo‘lib, u yerga dafn etilganidir. Ammo manbalar sinchiklab o‘rganilsa, bu borada boshqa dalillar ham kuzatiladi. Jumladan, hozirgi Surxon vohasini o‘z ichiga oluvchi qadimgi Termiz va Chag‘oniyon viloyatlari ham sahobalar bevosita kirib kelgan hudud ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Ta’kidlash lozimki, Termiz ham, Chag‘oniyon ham ma’muriy jihatdan viloyat sanalgan. O‘rta asr manbalaridagi “Termiz”ning viloyat sifatidagi hududi Surxondaryoning Amudaryoga quyilish joyi va shimolda Zang kanali bilan chegaradosh hududga, ya’ni hozirgi Surxondaryo viloyatining Termiz, Angor, Muzrabot (eski Gagarin hududi, Amudaryo yoqalab ketgan hozirgi temir yo‘l izlari bo‘ylab), Jarqo‘rg‘on, Sherobod hududiga (to Darbandgacha) to‘g‘ri keladi. Termizga tutash bo‘lgan Chag‘oniyon – hozirgi Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Denov, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo va Sho‘rchi tumanlariga to‘g‘ri keladi. Ikkala viloyatning ham qishloq, nohiya va shaharlari bo‘lgan (Камалиддинов, Ш. 1996:132, 114). Ibn Xo‘rdodbehga ko‘ra, Tohiriylar vakili Abulabbos Abdulloh ibn Tohir davrida 211-212/826-827-yillar xaroji “at-Termiz” (Termiz viloyati) uchun qirq yetti ming bir yuz (47100), “Termiz” (Termiz shahri) uchun ikki ming (2000), Chag‘oniyon uchun qirq sakkiz ming (48 000) dirham bo‘lgan. Termiz hukmdori “Termizshoh” unvoniga ega (Abulqosim Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Xo‘rdodbeh, 1889:33, 36-37, 39) bo‘lgan. Bu o‘rinda “at-Termiz” viloyat, “Termiz” esa shahar ma’nosida kelgan. Termiz shahri nomi butun viloyatga qo‘llangani uning markaz bo‘lganini anglatadi. “Viloyati Tirmiz” jumlasini Adib Sobir Termiziy (taxm. 471-542/1078-1147) ham ishlatgan (Abdullayev A. 2003:11). Buni islomdan oldin Syuan Szan (602-664) e’tirof etgan: “Da-mi (Termiz) mulkligi sharqdan g‘arbga 600 li, janubdan shimolga 400 liga cho‘zilgan. Poytaxtning aylanasi 20 lidan ortiqroq” (Сюан-сзан, 2012:44). Islom manbashunosligida Amudaryodan o‘tib, bu yurt hududiga ilk bor kirib kelgan musulmon shaxs haqida bahs yuritiladi. Ziyod ibn Abu Sufyon (1-53/622-673) tomonidan 45/665-yilda o‘z noibi sifatida Xuroson voliysi etib tayinlangan sahoba Hakam ibn Amr G‘iforiy (roziyallohu anhu) (vaf. 50/670) davr jihatidan bular orasida eng avvalgisidir. Balozuriy (vaf. 279/892): “Hakam – daryo ortida namoz o‘qigan avvalgi shaxsdir”, degan. Tabariy (224-310/839-923) aytadi: “Daryodan suv ichgan musulmonlarning eng avvalgisi Hakamning mavlosidir. U sovuti bilan undan olib ichdi, so‘ng Hakamga uzatdi, u ham ichdi va tahorat olib, daryo ortida ikki rakat namoz o‘qidi. U ushbu ishni qilgan eng avvalgi kishidir” (Tabariy, 1407/1986: J.3, 236). U Toxaristonga g‘azot qilgan edi (Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy, 1407/1986:J.3, 200; (Ibn Asir, 1407/1987: J. 3, 308, 338). U Marvda vafot etib, o‘sha yerda dafn etilgan edi. U musulmon amirlaridan Xurosonda vafot etgan va Balx (Amu) daryosidan suv ichgan ilk shaxsdir (Gardiziy, 2006:167). Aynan Toxaristonga yurish davomida ushbu sahoba Chag‘oniyon o‘lkasida ham bo‘lganligini taxmin qilish mumkin. Islom tarixidagi mashhur olim, taba tobein Abdulloh ibn Muborak (118-181/736-797)ning Sag‘oniyon (Chag‘oniyon) ahlidan bo‘lgan hadis ilmi tolibiga shunday degani naql etiladi: “Yurtingni kim fath etganini bilasanmi?”. U: “Yo‘q” dedi. U: “Uni Hakam ibn Amr G‘iforiy fath etgan” dedi” (Balozuriy, 1407/1987:576-577).

Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, bu fath 48/668-yoki 49/669-sanada sodir bo‘lgan. Chunki Hakam (roziyallohu anhu) G‘ur tog‘laridagi g‘azotdan 47/667-yili qaytgan. Bu sahobaning 50/670-yili vafot etganini ishonchli ma’lumot sifatida olinsa, yuqorida keltirilgan ikki sana oralig‘ida Chag‘oniyonni fath etish uchun vaqt ajratganligi kelib chiqadi. Zero Ibn Asirning ma’lumot berishicha, u hayotining oxirgi sanasi bo‘lgan 50/670-yilda Ashal tog‘iga ikkinchi bor yurish qilgan va shundan qaytib kelgandan so‘ng vafot etgan (Mahmud Shiyt 1418/1998: 118). Qayd etilishicha, Ashal – Xuroson chegarasidagi tog‘ bo‘lib, unga Hakam ibn Amr G‘iforiy g‘azot qilgan (Hamaviy, 5991:J.1, 200). Hakam ibn Amr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadislar Imom Muslimdan boshqa olti mo‘tabar hadis to‘plamlarida keltirilgan (Mizziy, 1400/1980: J. 7, 124-129). Termiz fathi ham islomning ilk davrlarida amalga oshirilgan va Sa’id ibn Usmon ibn Affon (vaf. taxm. 62/682) Termizni 56/676-yilda sulh bilan fath etgan. Ibn Hibbon (vaf. 354/965) shunday keltiradi: “Abu Fotima, ismi Amr Iyodiy. Deyiladiki, uning suhbati bor (ya’ni sahoba). Mashriq-u mag‘ribda g‘oziylik qilgan. Uni Mag‘rib nohiyalaridan bo‘lgan Zit-Tivaziyda ham ko‘rishgan. Darhaqiqat, ko‘p sajda qilganidan peshanasi va ikki tizzasi qorayib ketgan. Yana uni g‘oziy holida Termizda odamlarga imomlik qilganini ham ko‘rishdi, u bomdod namozida “Haqqo” surasini o‘qidi, ammo uni bir oyda ham tugata olmadi. Qachonki Alloh taoloning: “(Ey jahannam qo‘riqchilari!) Uni ushlab kishanlanglar! So‘ngra uni olovga toblanglar!” (69/29-30) degan so‘ziga kelganida (undan ta’sirlanib) hushidan ketib qolaverdi” (Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon ibn Ahmad Tamimiy Bustiy, 1395/1975:J. 3, 277). Ma’lum bo‘lishicha, Imom Ibn Muborak, Ahmad, Abu Dovud, Ibn Moja va boshqalar undan quyidagi hadisni rivoyat qiladi: “Ey Allohning Rasuli, meni bir amalga buyuringki, unda mustaqim (barqaror) bo‘lay va unga amal qilay” dedim. U zot: “Sajdani lozim tut. Albatta, sen Alloh uchun biron sajda qilsang, albatta Alloh u bilan darajangni ko‘taradi va bir xatongni o‘chiradi”. Ushbu lafz Ibn Mojaga tegishli. Abu Dovud lafzida: “Ey Abu Fotima, sajdani ko‘paytir. Albatta, biror musulmon yo‘qki, Alloh uchun sajda qilsa, albatta Alloh o‘sha bilan uning darajasini ko‘taradi” (Mizziy, 1999:12078-raqam). Ibn Muborak sanadi bilan Kasir A’rajdan shunday rivoyatni keltiradi (Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Muborak ibn Vozih Hanzaliy (mavlo) Tamimiy Marvaziy, 1425/2004:1296-raqam): “Biz Ziy AsSavariyda edik va Abu Fotima Azdiy ham biz bilan edi, uning peshanasi va ikki tizzasi sajdaning ko‘pligidan qorayib ketgan edi. Kunlarning birida u shunday dedi: “Rasululloh (alayhissalom) menga shunday dedilar: “Ey Abu Fotima, sajdani ko‘paytir. Albatta, Alloh azza va jalla uchun sajda qilgan biror banda yo‘qki, illo Alloh o‘sha bilan uning darajasini ko‘taradi”. Bu kabi rivoyatlar boshqa tobeinlardan Imom Ahmadning “Musnad”ida ham rivoyat qilingan (Ahmad ibn Hanbal, 1420/1999:15526-15528-raqam).

Imom Bayhaqiy “Shuabul iymon”da (Bayhaqiy, 1410/1990:8104-raqam) zaif sanad bilan keltirgan yana bir hadisda ushbu sahoba Payg‘ambar (alayhissalom)dan shunday rivoyat qiladi: “Toki Alloh biron chiqadigan yo‘l qilgunicha, o‘zi ular bilan muomala qilishiga to‘g‘ri kelgan odamlar bilan yaxshi muomala qilmagan kishi hakim emasdir”. Bu sahobaning boshqa manbalarda kelgan tarjimai holi tahlilidan ma’lum bo‘lishicha, uning ismi Unays yoki Abdulloh ibn Unays, qabilasi esa Azdiy. Iyodiy – Nizor ibn Ma’d ibn Adnonga nisbat bo‘lib, undan ko‘p qabilalar tarqalgan. Azd – Azd Shanuaga mansub mashhur qabila (Sam’oniy, 1400-1404/1980- 1984: J. 1, 394-395, 197-199). Ushbu sahoba Shomda yashagan, Misr fathida ham ishtirok etgan va unda uyga ham ega bo‘lgan. Shomga tushgan va yashagan sahobalar qatorida qayd etilgan, qabri ham Shomda bo‘lib, sahoba Fazola ibn Ubayd (roziyallohu anhu)ning (vaf. 53/673) yonidadir (Abulhasan Izziddin Ali ibn Abulkaram Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim ibn Abdulvohid Shayboniy Ibn Asir Jazariy, 1417/1996: J. 1, 201, 235, J. 3, 177, J. 6, 229, 255-257.; (Shihobiddin Abulfazl Ahmad ibn Muhammad Ali ibn Hajar Asqaloniy, 1412/1992: J. 1, 139, J. 4, 14, J. 7, 276, 318-319). Uning uch hadisi bo‘lib, undan rivoyat qilingan hadislar olti mo‘tabar hadis kitobi mualliflaridan Imom Abu Dovud (Mizziy, 1999:12078-raqam), Nasoiy (Nasoiy, 1406/1986:4167-raqam) va Ibn Moja (Ibn Moja, 1373/1953:1422-raqam) kitoblarida bor (Mizziy, 1400/1980: J. 34, 182- 183). Shuningdek, undan qilingan rivoyatlar boshqa turli manbalarda ham keltirilgan. Uning Termiz bilan bog‘liq bu faoliyati haqida ma’lumot bergan Ibn Hibbon bir muddat Samarqandda qozilik qilganini hisobga olinsa, demak, u mahalliy tarixni boshqa mualliflardan ko‘ra yaxshiroq bilishini xulosa qilish mumkin. Hadis ilmi peshvolaridan bo‘lgan tabaa tobein Hammod ibn Zayd Basriy (98- 179/717-795) olimlarni o‘rganish borasidagi quyidagi qoidani aytgan: “Kishining hamyurtlari o‘sha kishini yaxshiroq tanuvchidir” (Abu Bakr Ahmad ibn Ali ibn Sobit ibn Ahmad ibn Mahdiy Xatib Bag‘dodiy, 1405/1985:133). Demak, o‘rni kelganda mahalliy tarixni bilishda ustunlik o‘sha joyda yashagan mahalliy shaxslarga beriladi. Sahoba Abu Fotima Amr Iyodiy (roziyallohu anhu) Sa’id ibn Usmon bilan kelgan shaxslar orasida bo‘lgan deb taxmin qilish mumkin. Gardiziyning keltirishicha, Sa’id ibn Usmon davrida arablar xalifa Mu’oviya (roziyallohu anhu) (vaf. 60/680)ning buyrug‘iga ko‘ra, ko‘ch-ko‘ron ortib, manzillar tiklashib, turklar daryoni kesib o‘tishmasliklari uchun u yerda yashay boshlashgan. E’tiborga olish lozimki, agar ushbu mintaqa tarixi haqida so‘z ketganda daryo ismsiz kelsa, u Amudaryo bo‘ladi (Gardiziy, 2006:168). Bu o‘rinda Movarounnahr haqida so‘z ketayotganini hisobga olinsa, unda bu manzillar Termiz va uning atrofida ekani tabiiy hamda Abu Fotima (roziyallohu anhu) ham mana shu chegara qismni qo‘riqlash asnosida Termizda bir qancha muddat turgan bo‘lishi mumkinligi kelib chiqadi. Ma’lumki, Movarounnahr Islom tarixining ilk davrlarini tizimli tahlil etish va uni bu diyor tarixida aks ettirish ajdodlar erishgan ulkan yutuqlar poydevorini o‘rganish demakdir. Jumladan, sahobalarni o‘rganish o‘z navbatida bu diyordagi tobein va taba tobein shaxslarni o‘rganish zaruriyatini ham taqozo qiladi va bu borada ham hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina.

Jo‘rabek CHO‘TMATOV Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

Annotatsiya. Mustaqillik yillarida tarixni haqqoniy o‘rganish imkoniyati tug‘ilishi bilan islom tarixi va ilmlariga oid tadqiqotlar keng ko‘lam kasb etdi. Bugungi kungacha sahobalardan faqat Qusam ibn Abbosning bu diyorga kelgani ma’lum bo‘lsa, oxirgi izlanishlar boshqa sahobalarning ham Movarounnahr diyorida faoliyat ko‘rsatganini tasdiqlamoqda. Hozirgi Surxon vohasiga ikki sahoba kelganining manbalarda qayd etilishi ham ulkan ahamiyatga ega voqelik bo‘lib, ushbu maqolada bu masaladagi tegishli dalillar manbalar asosida taqdim etiladi.

Abstract. In the years of independence, with the opportunity to study our history truthfully, studies on the history and sciences of Islam gained a large scale. To this day, it is known that only Qusam ibn Abbas came to our country from the companions, but the latest researches confirm that other companions also visited to the land of Movarounnahr. The fact that two Companions came to the current Surkhan oasis is also a very important fact, and in this article, relevant evidence on this issue is presented based on the sources. 

Kalit sozlar: Termiz, Chag‘oniyon, viloyat, Hakam ibn Amr, Sa’id ibn Usmon, fath, Abu Fotima Amr Iyodiy. 

Key words: Termiz, Chaghaniyan, province, Hakam ibn Amr, Sa’id ibn Usman, conquest, Abu Fatima Amr al-Iyadi.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

 1. Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Muborak. (1425/2004). Kitobuz zuhd. Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya Birinchi nashr

 2. Abu Abdulloh Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbal. (1999). Musnad. (J. 50). Bayrut: Muassasatur risola. 

3. Abu Abdurahmon Ahmad ibn Shuayb ibn Ali ibn Sinon ibn Bahr ibn Dinor Nasoiy. (1406/1986). Mujtabo. (J. 8). Halab: Maktabatul matbuotil islomiyya. 

4. Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Moja. (1953). Sunanu Ibn Moja (J. 2). Bayrut: Dorul fikr. 

5. Abulabbos Ahmad ibn Yahyo ibn Jobir Balozuriy. (1407/1987). Futuhul buldon. Bayrut: Muassasatul maorif. 

6. Abulqosim Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Xo‘rdodbeh. (1889). Masolik val mamolik. Leyden: Brill. 

7. Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy. (1407/1986). Tarixul umam val muluk. (J. 5). Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya.

 8. Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon. (1395/1975). Siqot (J. 9). Bayrut: Dorul fikr (birinchi nashr). 

9. Abu Bakr Ahmad ibn Ali ibn Sobit ibn Ahmad ibn Mahdiy Xatib Bag‘dodiy. (1405/1985). Kifoya fi ilmir rivoya. Bayrut: Dorul kutubil arabiy. 

10. Abu Said Abdulhay ibn Zahhok ibn Mahmud Gardiziy. (2006). Zaynul axbor (Forschadan arabchaga Affon Sayyid Zaydon tarjimasi). Qohira: Majlisul a’lo lis saqofa. 

11. Abu Said Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Tamimiy Sam’oniy. (1980-1984). Ansob. (J. 12). Qohira: Maktabatu Ibn Taymiya. 

12. Abulhasan Izziddin Ali ibn Abulkaram Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim ibn Abdulvohid Shayboniy Ibn Asir. (1987). Komil fit tarix. (J. 11). Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya.

13. Abulhasan Izziddin Ali ibn Abulkaram Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim ibn Abdulvohid Shayboniy Ibn Asir. (1996). Usdul g‘oba. (J. 7) Bayrut: Dor ihyoit turosil arabiy. 

14. Abu Abdulloh Shihobiddin Yoqut Hamaviy. (5991). Mo‘jamul buldon. V. Bayrut: Doru sodir. (ikkinchi nashr). 

15. Abu Bakr Ahmad ibn Husayn ibn Ali ibn Muso Xusravjirdiy Xurosoniy Bayhaqiy (1410/1990). Shu’abul imon. (J. 7). Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya. 

16. Abulhajjoj Yusuf ibn Zakiy ibn Abdurahmon Mizziy. (1980). Tahzibul kamol fi asmoir rijol. (J. 37). Bayrut: Muassasatur risola (birinchi nashr). 

17. Abulhajjoj Yusuf ibn Zakiy ibn Abdurahmon Mizziy. (1999). Tuhfatul ashrof bima’rifatil atrof. (J. 12). Bayrut: Dorul g‘arbil islomiy. 

18. Shihobiddin Abulfazl Ahmad ibn Muhammad Ali ibn Hajar Asqaloniy. (1412/1992). Isoba fiy tamyizis sahoba. (J. 8). Bayrut: Dorul jiyl. 

19. Abdullayev, A. (2003). Adib Sobir Termiziy. Toshkent: Yangi asr avlodi. 

20. Mahmud Shiyt. (1998). Qodatul fathil islamiy fiy bilad Movarounnahr. Bayrut: Doru Ibn Hazm Jidda: Dorul Andalusil xazro. 

21. Сюан-сзан (2012). Записки о западных странах (эпохи) Великой Тан (Да Тан си юй сзи). Введ., пер. и коммент. Н.В. Александровой . Ин-т востоковедения РАН. Москва: Восточная литература

Izoh qoldirish