Jaloliddin Zayniddinovich Mirzayev
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi
Jaloliddin Mirzayev Termiz va Termiziylar tarixi mavzusini oʻrganishni oʻzining asosiy maqsadi sifatida tanladi. Ilmiy izlanishlari samarasi sifatida 2001-yilda Fan va texnika qoʻmitasi granti asosida Termiz tarixi (Toshkent, 2001) monografiyasini; Muhammad Hakim Termiziy: hayoti va ijodi. (Toshkent, 2007) va Termiz sayyidlari (Toshkent, 2008) risolalarini, hammualliflikda Termez. Drevniy i novыy gorod na perekrestke velikix dorog (Tashkent, 2001); Termiz tarixidan lavhalar (Toshkent, 2008) va boshqa toʻplamlarni, yuzdan ortiq maqolalarni nashr ettirdi.
Jaloliddin Mirzayev Avstraliya, Amerika, Afrika, Yevropa va Osiyo qitʼalaridagi koʻplab ilmiy anjumanlarda ishtirok etgan.
Termiz tarixi va unda yetishgan allomalarning merosini oʻrganish bilan bogʻliq izlanishlarni chuqurlashtirish, yangi manbalarni izlab topish va ilmiy muomalaga kiritish uchun dunyoning turli mamlakatlarida joylashgan ilmiy markazlar bilan, jumladan, Germaniyaning Halle shahridagi sharqshunoslik institutida va Berlindagi Humbolt universitetida, Olma-otada joylashgan Yevrosiy tadqiqotlar institutida, Turkiyaning bir qator ilmiy markazlarida faoliyat koʻrsatdi.
Jaloliddin Mirzayev 2018-yildan hozirgacha Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida faoliyat koʻrsatmoqda. Olim “Termizning Islom sivilizatsiyasi tarixida tutgan oʻrni” mavzusidagi toʻplamni nashrga tayyorlamoqda.
Jaloliddin Mirzayev Termiz davlat universiteti “Surxondaryoda ilm va fan” jurnalining tarix sohasi boʻyicha tahrir aʼzosi, Rossiya Federatsiyasi “SCIENCE TIME” jurnalining tahrir aʼzosi, Turkiyada nashr etiladigan “Turkis art. Nistory and folklore cjygress/ Art activities davriy toʻplami tahrir aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatdi. Shuningdek, olim yetakchiligada Berlinda chop etiladigan, nemis tilli mamlakatlarda tarqatiladigan “Sharq” jurnalining Surxondaryoga bagʻishlangan maxsus soni nashrdan chiqarildi. Unda Surxondaryo tarixi va madaniyatini, urf-odatlarini, mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan islohatlarni yoritishga bagʻishlangan maqolalar jamlangan.
Mirzayev J.Z. ustoz–shogird anʼanalari asosida oʻttizga yaqin iqtidorli shogirdlar yetishtirib, ularning ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda.
Izoh qoldirish