TERMIZIYLAR MEROSI OLIMLAR NIGOHIDA
Surxon zamini buyuk allomalarni yetishtirgan va dunyo tamadduniga bebaho ma’naviy xazina tuhfa etgan zamindir. Bu zamindan islom ilmi va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk muhaddislar, mutasavviflar, ijodkorlar yetishib chiqqan. Islom ilmlarining taraqqiy etishida, ayniqsa Termiz shahri alohida o‘ringa ega bo‘lgan. Shu bois Termizda ko‘plab allomalar yetishib chiqqan. Bu diyordan “Termiziy” taxallusi bilan ijod qilgan 200 dan ziyod allomaning yetishib chiqqanligi fikrimizga dalildir. Ular hadis, fiqh, tilshunoslik, she’riyat, tarix va tasavvuf kabi yo‘nalishlarda noyob asarlar yaratgan. Chunonchi Hakim Termiziyning ilmiy qarashlari musulmon olamida hozirgi kunda ham yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘layotgan bo‘lsa, Imom Termiziy hadis ilmidagi bebaho asarlardan hisoblangan “Sunani Termiziy” orqali ilm-fan rivojiga bebaho hissa qo‘shdi.
Muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, hadis ilmining darg‘alaridan biri, buyuk vatandoshimiz Imom Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlash va ulug‘lash, yosh avlodning ruhiy va ma’naviy olamini boyitish, iymon-e’tiqodini mustahkamlash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Bugungi kunda Islom dinining asl mazmun-mohiyatini ko‘rsatib berishda, dinlararo va millatlararo bag‘rikenglik, do‘stlik, ijtimoiy hamkorlik, o‘zaro hurmat va hamfikrlilik qadriyatlarini xalqimiz orasida targ‘ib qilishda, islom tamadduniga bebaho hissa qo‘shgan Imom Termiziyning ulkan hissasini tadqiq etishda, u zotning ilmiy-ma’naviy merosini, ijodiy faoliyati va shaxsiyati bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy merosini yoshlar orasida keng targ‘ib qilishda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi asosiy tayanch tashkilotga aylanib bormoqda. 2017-yil 14-fevraldagi Prezident qarori asosida tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida o‘tgan qisqa fursat ichida Imom Termiziyning bag‘rikenglik, tinchlik va moʻtadillik g‘oyalarini o‘zida jamlagan bebaho asarlarini tarjima va tahqiq qilish, keng xalq ommasi uchun mo‘ljallangan ommabop risolalar tayyorlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Imom Termiziyning boy ma’naviy merosini o’rganishda yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror muhim tarixiy ahamiyatga ega bo’ldi. Ushbu qaror asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Surxondaryo viloyat hokimligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz davlat universiteti va O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida 12-sentabr sanasida “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Ushbu konferensiyada mamlakatimizning bir qator taniqli olim va tadqiqotchilari ishtirok etishdi. Islom tamadduni rivojiga bebaho hissa qo‘shgan Termiz zaminida bu kabi xalqaro konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad dunyo ilmiy jamoatchiligini yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan yaqindan tanishtirish, mamlakatimizning ziyorat turizmi borasidagi ulkan imkoniyatlarini namoyish qilish, Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa ulug‘ ajdodlarimizning hadis, tafsir, fiqh, falsafa kabi ilmlar rivojiga qo‘shgan hissasi borasida o‘zaro tajriba almashishdan iborat.
Umuman olganda, bugungi kunda termiziy allomalarning durdona asarlarini xalqimizning ma’naviy mulkiga aylantirish, ushbu ma’naviy merosni o‘rganishga qaratilgan konferensiya va ilmiy anjumanlarning son va sifatini oshirish yosh avlodning turli adashgan oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olishga, jamiyatda bag‘rikenglik, tinchliksevarlik va birodarlik g‘oyalarining qaror topishida muhim ma’naviy asos vazifasini bajaradi.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy tadqiqot bo’limi boshlig’i
Izoh qoldirish