22.10.2024

BUYUK SIYMOLARINI E’ZOZLAGAN DIYOR

Movarounnahr zamini azaldan ulug‘ mutafakkirlari bilan butun dunyoga ilm-u ma’rifat ulashgan. Ilm-u fanning turli yo‘nalishlarida benazir hissa qo‘shgan Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abuali ibn Sino, Abunasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burohoniddin Marg‘inoniy nafaqat Movarounnahr xalqi uchun ustoz sanaladi, balki barcha xalqlarga o‘z sohasida peshqadamlik qilishgan. Yuqorida sanab o‘tilgan olimlar merosini bugungi kunda o‘rganish har qachongidan dolzarblik kasb etmoqda. Sababi, dunyoda yuz berayotgan turli xil hodisalar insonlar ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birgalikda ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Salbiy ta’sirni bartaraf etish uchun ma’naviyat, odob-axloq, ilm-u ma’rifat o‘rni beqiyos. Shu sababli, bugungi globallashuv zamonida ajdodlar hayoti va merosini sof holda o‘rganish hamda nuqsonsiz kelajak avlodga yetkazish soha olimlarining asosiy vazifalardandir. Muhtaram Prezidentimiz so‘nggi yillarda ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishga alohida e’tibor berayotganligi barchamizni mamnun etadi. Mana shunday qarorlardan biri Prezidentimizning 2024-yil 15-avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida, uning doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Ushbu konferensiya esa 17-18 oktyabr kunlari Termiz shahrida o‘tkazildi. Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida ko‘zga ko‘ringan islomshunos olimlari, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilari bilan birga Turkiya, Qatar, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Qirg‘iziston kabi dunyoning o‘nga yaqin davlatidan taniqli olim va ulamolar jumladan, Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, Qatar Xalqaro musulmon ulamolar kengashi raisi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy, Hindiston Ulamolari uyushmasi raisi Arshad Madaniy, Turkiyaning Anqaradagi Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Go‘rmez kabi taniqli ulamolar tashrif buyurib, Imom Termiziy, Hakim Termiziy boy ma’naviy merosi bashariyat uchun rahmat manbai ekanligi qayd etib o‘tildi.

Konferensiya davomida martabali mehmonlar Imom Termiziy va Hakim Termiziy qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qilishdi. Anqara universiteti professori Mehmet Emin O‘zafshar “Bugun bu yerda insoniyat tarixining eng buyuk siymolaridan biri bo‘lgan va islom tarixining peshqadam olimlaridan sanalgan Hakim Termiziyning muhtasham ziyoratgohidamiz. Biz Turkiyadan bir guruh islomshunos va hadisshunos olimlar Hakim Termiziy va Abu Iso Muhammad Termiziyning imliy merosiga doir anjumanda ishtirok etish uchun tashrif buyurdik.

Hakim Termiziy XI asr avval yashagan,  arab tili, fiqh, hadis, kalom, tafsir kabi sohalarda islom adabiyotida va irfon tarixida o‘ziga xos o‘rin tutgan shaxs hisoblanadi. Biz bugun ana shunday mo‘tabar zotning ziyoratida bo‘lib turganimizdan juda xursandmiz. O‘z navbatida, mana shunday xalqaro anjumanni yuksak saviyada tashkil etgan O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz”, dedi.

Shubhasiz, bu kabi xalqaro ilmiy anjumanlar O‘zbekistonning islom olamidagi azaliy qadriyatlari  an’anaviyligini namoyon etadi.  Konferensiya boshlanishi avvalida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilarning bir qismi Termiz shahriga yetib kelishdi. Martabali mehmonlarni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligida viloyat mas’ullari Termiz xalqaro aeroportidan kutib olishdi. Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi-spichrayter Xayriddin Sultonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev janobi oliylarining xalqaro anjuman ishtirokchilariga tabrik nutqi bilan ochib berdi. So‘ngra martabali mehmonlarning yalpi majlisdagi ma’ruzalari tinglandi. Yalpi majlisda so‘z olgan Butunjahon musulmon ulamolari uyushmasi raisi, Doha dinlararo muloqot markazi raisi Shayx Ali Muhyiddin Qoradog‘iy shunday dedi: “Bugun O‘zbekistonda muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy va ma’rifiy sohada, xususan, islom ilmlari sohasida juda katta yangiliklar, yaxshiliklar amalga oshirilmoqda. Bugungi murakkab dunyoda diniylik va dunyoviylik muvozanatini ushlash juda ham murakkab, biroq mana shu qiyinchilikni qanday chiroyli tarzda yengib o‘tish, amalga oshirish mumkinligini O‘zbekiston misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Navbatdagi so‘zga chiqqan Turkiya Respublikasi Islom tafakkuri instituti direktori professori Mehmet Go‘rmez “Bugungi ilmiy anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining Movarounnahrda tug‘ilib, kamolga yetgan va islom olamida zabardast bo‘lgan Imom Termiziy va termiziy allomalarning ilmiy merosini chuqur tadqiq etish borasida yaratib bergan shart-sharoitlarining yorqin namunasi hisoblanadi. Qolaversa, ushbu anjuman Yangi O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan umuminsoniy islohotlarning yaqqol misolidir.

Janob Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniylik va dunyoviylik muvozanatini nozik did bilan hayotga tatbiq etilgani biz kabi olimlar va ulamolarni hayratlantirmoqda. Zero, biz ulamolar uchun mazkur ezgu ishni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish lozim bo‘ladi. Chunki diniylik va dunyoviylikning buyuk ajdodlaringizga xos tarzda go‘zal talqin etilgani kam kuzatiladigan voqelikdir”.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman to‘rt sho‘ba asosida olib borildi. Birinchi sho‘ba: “Imom Termiziy – islom sivilizatsiyasi tarixida munosib peshqadam”, ikkinchi shu’ba: “Hakim Termiziyning ilmiy merosi va bugungi jamiyat”, uchinchi sho‘ba: . “Termiziy allomalarning ilmiy merosini o‘rganish”, to‘rtinchi sho‘ba esa 18-oktyabr kuni Termiz davlati universteti majlislar zalida “Yangi O‘zbekistonda Imom Termiziy ilmiy merosiga munosabat” mavzusida qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tkazildi.

Yurtimizda bo‘layotgan islohotlar, buyuk mutafakkirlarimizga bo‘lgan hurmat-ehtirom hamda olimlarga alohida e’tiborning yana bir namunasini Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagixalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga  yo‘llagan murojaatida ham ko‘rish mumkin. Prezidentimiz o‘z nutqida anjumanga ishtirok etgan olimlarga “Zero, sizlarning timsolingizda musulmon olamining faxru iftixori bo‘lgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari buyuk allomalarimizning ezgu an’analari davomchilarini ko‘ramiz”, dedi.

Darhaqiqat, olimlarni e’zozlagan xalq doimo kelajagi farovon, yoshlari esa barkamol avlod bo‘lib voyaga etadi. Chunki, bizning ajdodlarimiz tarix davomida ilm-u fan, san’at va madaniyatga alohida e’tibor qaratishgan. Amir Temur olim-u fuzalo va hunarmandlarga ko‘rsatgan e’tibori sababli, bugun dunyo Samarqand zaminini “Sayqali ro‘i zamin” deb e’tirof etishadi. Muhtaram Yurtboshimiz ham bugungi globallashuv, axborot va texonologiyalar rivojlangan zamonda yoshlarni turli xil yot g‘oyalardan asrashlik hamda vatanparvar, millatsevar, ma’rifatparvar yoshlarni voyaga yetkazishni bugungi davrning zarurati ekanligini olimlarga yo‘llagan murojaati davomida guvohi bo‘ldik: “Biz ulug‘ allomalarning vorislari sifatida islom dinimiz tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dini ekanini ta’kidlab, bu tengsiz boylikdan bashariyatning ezgu orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun birgalikda foydalanishni, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishni o‘zimizning asosiy burchimiz, deb bilamiz”.

Umuman olganda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilarini O‘zbekistonda amalga oshirlayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, buyuk mutafakkirlarga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom, mehmonnavozlik kabi boshqa ezgu xislatlarimiz ularni yanada mamnun etdi.

Karomiddin Jamahmatov,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Izoh qoldirish