23.12.2024

IMOM TERMIZIYNING HAYOTI VA U YASHAGAN DAVRDAGI IJTIMOIY SIYOSIY MUHIT

 

MUHIDDINOV MUZAFFAR ZIYOVIDDIN O‘G‘LI,

Hidoya o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi

 

Annotatsiya. Ushbu maqolada asosan muhaddis, alloma Imom Termiziyning hayoti va u yashagan davrdagi ijtimoiy, siyosiy muhit va bir necha asrlar davomida asarlari ilmiy jihatdan juda muhim o‘rin egallab kelgani yoritiladi.

Resume. In this article, mainly explained the life and social and political environment of the time when Imam Termiziy lived, and the fact that his works have been scientifically very important for several centuries.

Резюме. В этой статье в основном объясняются жизнь и общественно-политическая среда того времени, когда Имам Термизий жил, а также тот факт, что его работы имели очень важное научное значение на протяжении нескольких столетий.

Kalit so‘zlar: muhaddis, Termiz, Bug‘, Sherobod, az-Zariyr, Hadis ilmi, sanad, isnod.

Key words: muhaddis, Termiz, Bug, Sherabad, al-Zariyr, Hadith science, sanad, isnad.

Ключевые слова: мухаддисы, Термиз, Буг, Шерабад, аз-Зарийр, хадисоведение, санад, иснад.

Islom ilmlarining taraqqiy etishida Turkiston shaharlari ichida Termiz kenti ham katta ahamiyat kasb etgan. Samarqand va Buxoroni Balx kabi qadimiy ilm markazi bilan bog‘lovchi shahar Termiz edi. Shuning uchun ham bu еrda ko‘plab allomalar еtishib chiqqan. Shulardan biri – Abu Iso Imom Termiziydir. Manbalarda aytilishicha, u 300 dan ortiq asar bitgan. Shulardan 57 tasi bizning zamonamizgacha еtib kelgan.

Imom Termiziyning to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok as-Sullamiy az-Zarir al-Bug‘iy Termiziy[1] bo‘lib, 209/824-yilda Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog‘ida o‘rtahol bir oilada tavallud topgan. Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Said Abdulkarim as-Sam’oniy (1113-1167-yy.) Imom Termiziy Bug‘ qishlog‘ida vafot etganligi uchun al-Bug‘iy nisbati bilan ham atalgani, olimning ko‘p yig‘laganidan umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan az-Zarir (ko‘zi ojiz) taxallusini olganligini ham qayd qiladi. Lekin xalq orasida Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshligidan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganidan, shuningdek, alloma tug‘ilgan Bug‘ qishlog‘i Termiz shahriga yaqin, ma’muriy-idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanidan, deb izohlash mumkin[2].

Imom Termiziyning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilmagan, faqat tarixchilar uning: “Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, so‘ng u еrdan Termizga ko‘chib kelganlar”, - degan fikrni keltirish bilan chegaralanadilar. Shuningdek, Imom Termiziyning ko‘zi ojizligi xususida ham yozma manbalarda turli-tuman ma’lumotlar keltirilgan. Ba’zi mualliflar u zotni tug‘ma ko‘zi ojiz bo‘lgan desa, ko‘pchilik mualliflar olimning keyinchalik, ya’ni umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganini yozadilar.

Imom Termiziy yoshligidan g‘oyatda tirishqoq, idrokli va zakovatli bo‘lib, bu fazilatlari bilan o‘z tengdoshlaridan batamom ajralib turgan. Uning yoshlik chog‘laridan ilmga o‘ta qiziqish va ishtiyoqi o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallashida to‘liq namoyon bo‘ldi. U yoshlik paytlaridan boshlab Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamolar va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgana boshladi, keyinchalik, qo‘shni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan aloqalar o‘rnatdi. Imom Termiziy 850-yildan, ya’ni yigirma olti yoshidan boshlab, uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi.

Jumladan, u Hijoz – Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddislar, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsiddin Zahabiyning ta’kidlashicha, Imom Termiziy Misr va Shomga shaxsan safar qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan. Uzoq yillar davom etgan safarlari chog‘ida Imom Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm ul-qiroat, ilm ul-bayon, fiqh, tarix va ilm-u fanning boshqa sohalarida ham ko‘plab ustozlardan saboq olib, o‘z bilimini oshiradi. Bularning hammasi Imom Termiziyning yirik olim darajasiga еtishiga mustahkam zamin tayyorlaydi[3].

Shu bilan birga, Imom Termiziy o‘zi yoshlikdan qiziqqan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislarini to‘plashga alohida e’tibor bilan qaraydi, bu borada har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki birorta roviydan eshitgan hadisni alohida qog‘ozlarga qayd qilib, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlagach va qayta-qayta tekshirib, to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilgach, ularni alohida-alohida maxsus qog‘ozlarga qayd qilib borgan. Turli roviylardan eshitgan hadislarining to‘g‘riligiga shubha va ikkilanish bo‘lganda, ularni ham ajratib, alohida, tartib bilan yozib borgan. Shu tariqa, hadislarning to‘g‘riligi, isnodi tadqiq qilinganligi yoki shubhalilari turli tabaqalarga bo‘linib, ular sahih (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma’qul), zaif (bo‘sh, ishonchsiz), g‘arib (g‘alati) kabi xillarga ajratilgan. Imom Termiziy o‘z asarlarida keltirilgan hadislarni ushbu tabaqalar asosida ko‘rsatib o‘tgan.

Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda Imom Termiziy o‘z davrining ko‘pgina mashhur muhaddislari, jumladan, Imom Buxoriy, Imom Muslim ibn Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Said, Is’hoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘iylon, Said ibn Abdurahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar Marvaziy, Ahmad ibn Muni’, Muhammad ibn Musanno, Sufyon ibn Vaki’lardan tahsil olgan. U o‘z davrining yosh muhaddisi sifatida ko‘pgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Uning shogirdlaridan Makhul ibn Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, ibn Muhammad Nasafiy, Hammod ibn Shokir, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy, Abul Abbos Muhammad ibn Mahbub Mahbubiy kabi еtuk olimlarni ko‘rsatish mumkin[4].

Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, Imom Termiziyning ustozlari va shogirdlari orasida turli mamlakat va elatlarning vakillari borligi sezilib turibdi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, uzoq o‘tmishda ham ilm-fanning taraqqiyot va ma’rifat urug‘larini tarqatish borasida turli o‘lkalarning vakillari yakdil bo‘lib faoliyat ko‘rsatib, samarali hamkorlik qilganlari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yo‘lida haqiqiy hamjihatlik ruhi mavjud bo‘lgani hozirgi davrimiz uchun ham ibratli bir holdir.

Imom Termiziy zehnining o‘tkirligi, xotirasi hamda quvvayi hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda ko‘plab misollar, rivoyatlar keltiriladi. Jumladan, arab tarixchisi Shamsiddin Zahabiyning (1274-1347-yy.) “Tazkirat ul-huffoz” (“Hofizlar haqida tazkira”) nomli asarida quyidagi hikoya bor:

Abu Iso Muhammad Termiziy Makkaga hajga borayotganida yo‘lda ko‘p mashhur muhaddislar bilan uchrashib, muloqotda bo‘lib, olimlarning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qilgan. U olim: “Bo‘lmasa, qog‘oz-qalam ol”, - degan. Aksiga olib, shu payt Imom Termiziy qalam topa olmagan va olim ro‘parasida o‘tirib, eshitgan hadislarini go‘yo yozib olayotgandek, qo‘lini qog‘oz ustida harakat qildiravergan. Olim esa turli mavzularga oid hadislar keltirib, ularning еtmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada u qog‘ozga qarab, unda hech qanday yozuv ko‘rmagan va Imom Termiziyning bu ishidan jahli chiqib, “Nima, sen hali mening vaqtimni bekorga olmoqchimisan?”, - deb qattiq ranjigan. Imom Termiziy bo‘lsa, bamaylixotir: “Siz aytgan hadislarni yoddan aytib beraymi?”, - degan-u, hozirgina o‘zi olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin aynan takrorlab aytib bergan. Imom Termiziy xotirasining bu qadar kuchliligidan boyagi olim hayratga tushib, qoyil qolgan[5].

Imom Termiziyning xorijiy mamlakatlarga qilgan safari uzoq yillarga cho‘zilib, avval eslatib o‘tganimizdek, bu safarlar chog‘ida ko‘pdan-ko‘p olimlar, muhaddislar bilan muloqotda bo‘ldi. Shu bilan birga, hadislarni to‘plab, kitoblar ta’lif qilishga ham kirishdi. Ayniqsa, mashhur muhaddis Buxoriy bilan Nishopurda birga faoliyat ko‘rsatib, ko‘plab ilmiy bahslarda ishtirok qiladi, bu haqida Imom Termiziy o‘zining “al-Ilal” kitobida yozadi. U xorijiy ellarga safarlaridan o‘z yurtiga 863-yillar atrofida qaytadi va mahalliy olimlar bilan ilmiy munozaralarda qatnashadi, ko‘plab shogirdlarga ustozlik qiladi. Imom Termiziyning ko‘pchilik asarlari, jumladan, mashhur asari “al-Jome’” ham o‘z vataniga qaytganidan keyin yozilgan.

Darhaqiqat, Imom Termiziy uzoq yillar Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Uzoq davom etgan safarlari chog‘ida qiroat ilmi, bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, o‘zi yoshlikdan qiziqqan hadis ilmi bo‘yicha o‘sha davrning yirik olimlaridan ta’lim oladi. Mashhur muhaddislardan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon va boshqalar uning ustozlari edi.

Bundan tashqari manbalarda allomaning ustozlari qatori quyidagicha sanab o‘tilgan:

Ulug‘ ustozlari:

Ibrohim ibn Ismoil ibn Yahyo, Abu Is’hoq al-Kufiy;

Ibrohim ibn Sa’id al-Javhariy, Abu Is’hoq at-Tobariy;

Ibrohim ibn Abdulloh ibn Hotam al-Haroviy, Abu Is’hoq;

Ibrohim ibn Abdulloh ibn Munzir al-Bohiliy;

Ibrohim ibn Al-Mustamir al-Huzaliy, Abu Is’hoq al-Basriy;

Ibrohim ibn Harun al-Balxiy al-Obid;

Ibrohim ibn Ya’qub al-Javzaniy;

Ahmad ibn Ibrohim ibn Kasir ad-Davroqiy al-Bag‘dodiy;

Ahmad ibn Badil ibn Quraysh, Abu Ja’far al-Yamiy;

Ahmad ibn Abu Bakr ibn al-Horis, Abu Mus’ab az-Zuhriy al-Madaniy;

Ahmad ibn Hasson ibn al-Maymun (undan Bag‘dodda eshitgan);

Ahmad ibn al-Hasan ibn Junaydib at-Termiziy;

Ahmad ibn al-Hasan ibn Xirosh, Abu Ja’far al-Bag‘dodiy;

Ahmad ibn Xolid al-Xolal, Abu Ja’far al-Bag‘dodiy;

Ahmad ibn Said ibn Ibrohim ar-Robatiy al-Marvaziy, Abu Abdulloh al-Ashqor;

Ahmad ibn Said ad-Dorimiy;

Ahmad ibn Abdulloh ibn al-Hakam al-Hoshimiy “al-Kardiy” nomi bilan mashhur, Abul Husayn al-Basriy[6].

Termiziy Imom Buxoriy bilan uchrashganida (bu uchrashuv Nishopurda bo‘lgan va ikki alloma besh yil birgalikda yashashgan) hadisning matninigina emas, uning hikmati va falsafasini tushunib еtganini e’tirof etadi. O‘z vaqtida Imom Buxoriy shogirdini maqtab, kamtarinlik bilan: “Sen mendan bahra topganingdan ko‘ra men sendan ko‘proq bahra topdim”, - degan. Bu Termiziyga berilgan juda katta baho edi.

Termiziy yo‘lda, safarda bo‘lganda ham, yoki bir joyda muqim turganda ham ustozlaridan, uchratgan roviylardan eshitgan hadislarni yozib olar, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borardi. 868-yilda xorij safaridan o‘z yurtiga qaytgan Termiziy ilmiy-ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldi va yirik muhaddis, imom sifatida shuhrat qozondi. Taqvodorlik, islom dini va o‘z obro‘siga gard yuqtirmaslikka intilish, dunyo mol-matosi va boylikka beparvo qarash, oxiratning g‘amini еyish Termiziyning hayot tarzi edi. O‘z davrining еtuk muhaddis olimi sifatida tanilgan at-Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlarga ustozlik qilgan. Hadis ilmidagi uning shogirdlaridan Makhul ibn al-Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Hamod ibn Shokir, Abd ibn Muhammad Nasafiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiylarni ko‘rsatish mumkin.

Imom Termiziy 279-hijriy (892-milodiy) yilda rajab oyining 13-kunida vafot etgan. Vafot etgan vaqtida 70 yoshda bo‘lgan. Qabri hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidadir.

Buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad Imom Termiziy dafn qilingan maqbara XI–XII asr me’moriy yodgorliklaridan hisoblanadi. Sherobod tumanining sharqiy tomonidan 6 km masofada katta qabriston yonida joylashgan. Maqbaraning old tarafiga XX asr boshlarida ustunlari o‘ymakorlik bilan naqshlangan ayvon qurilgan va dastlabki ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan[7].

Tarixchi Abdul Karim Sam’oniy (1113–1167-yy.) Imom Termiziy Bug‘ qishlog‘ida vafot etganligi uchun Bug‘iy taxallusi bilan ham atalgani haqida yozadi.

1990-yilda Abu Iso Imom Termiziy maqbarasi O‘zbekiston hukumati ajratgan mablag‘ hisobidan to‘liq ta’mirlandi. O‘sha yilning kuzida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ulug‘ allomaning 1200 yillik yubileyi o‘tkazildi.

Mashhur muhaddis Abu Iso Termiziyning shaxsiy hayoti va barkamol ijodining har tomonlama o‘rganilishi tufayli buyuk bobokalonimizning hozirgi davrimiz uchun ham o‘rnak bo‘ladigan ko‘p ibratomuz fazilatlarining guvohi bo‘lamiz. Eng avvalo, Termiziyning yoshligidan ilm-fanga g‘oyatda chanqoqligi va zo‘r havas bilan qiziqishi, bu borada har qanday qiyinchiliklarga ham bardosh berib o‘z maqsadi, ya’ni o‘z bilimini oshirish yo‘lidagi jiddu-jahdi katta tahsinga sazovordir.

Yozma manbalarda keltirilishicha, hadisshunoslik ilmi sakkizinchi asrning ikkinchi yarmidan o‘n birinchi asr o‘rtalarigacha asosiy va zaruriy mashg‘ulotlardan biri darajasiga aylangan. Bu davrda Sharqning turli mamlakatlaridan bo‘lgan to‘rt yuzdan ortiq mualliflar ana shu ilm (hadisshunoslik) bilan shug‘ullanganlar[8].

Ma’lumki, o‘z bilimini oshirish borasida Termiziy ko‘pgina xorijiy mamlakatlarni ziyorat qilgan. Elma-el kezib, cho‘l-u biyobonlar oshib roviylardan eshitgan hadislarini yig‘ish bilan shug‘ullangan. Ularni tartibli ravishda yozib qayd qilish bilan birga ushbu hadislarni qanchalik darajada sahih, hasan yoki zaif, mavzu (soxta, o‘ylab chiqarilgan) ekanligini qayta-qayta tekshirgan, ilmiy ravishda chuqur tadqiq etgan. Allomaning shogirdlari orasida turli millat vakillari ham bo‘lgan.

Yoshi qirqdan oshgan va turli mamlakatlar olimlaridan ta’lim olgan Termiziy ham Imom Buxoriy mashhur bo‘lgan paytda еtuk olim darajasida tanilgan. Ikkala olim o‘rtasida 863 – 868-yillar oralarida Nishopurda ko‘pdan-ko‘p samarali ilmiy munozaralar, samimiy do‘stona uchrashuvlar bo‘lgan[9]. Termiziy o‘z asarlari uchun ko‘pgina foydali ma’lumotlarni Buxoriy bilan bo‘lgan uchrashuvlarida olganligini yozadi[10].

Imom Termiziy asarlari: manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plashda va o‘rganishda Termiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borgan. O‘z davrining еtuk muhaddis olimi sifatida tanilgan Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlarga ustozlik qilgan.

Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, Abu Iso Muhammad at-Termiziyning hayotlarini o‘rganish asnosida boshqa Termiziy nisbatli olimlar bilan adashtirish ehtimoli bor. Bulardan bir nechtasini sanash mumkin.

Ulardan biri albatta, al-Hakim at-Termiziydir. Uning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn al-Hasan[11] ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy bo‘lib, tarjimayi holiga oid ma'lumotlar o‘rta asr arab mualliflaridan Tojuddin as-Subkiy, al-Xatib al-Bag‘dodiy, Ibn Hajar al-Asqaloniy, as-Sullamiy va boshqalar asarlarida, shuningdek, uning o‘zining qalamiga mansub “Bad'u sha'ni Abu Abdulloh” (“Abu Abdulloh ishining boshlanishi”) nomli avtobiografik risolasida keltirilgan.

Uning mazkur shakldagi to‘liq ismi alloma tomonidan yozilgan “Navodir ul-usul fi ma'rifat axbor ar-rasul” (“Rasululloh (s.a.v.) xabarlari haqidagi nodir usullar”), “Ilm ul-avliyo” (“Valiylar yoki avliyolar ilmi”), “Xatm ul-avliyo” (“Avliyolarning oxirgisi’) va “Nazoir ul-Qur'on” (“Qur'on ibratlari”) kabi asarlarning nomlari, yoinki, muqaddima qismlarida ham aynan shu tarzda keltirilgan. Al-Hakim at-Termiziy tavallud topgan sana xususida ham yozilgan manbalar va adabiyotlarda turli yillar keltirilgan. Odatda, o‘rta asrlarga oid yozma manbalarda, aksar hollarda, muallifning faqat vafot etgan yili ko‘rsatilib, tavallud etgan sanasi keltirilmaydi. Jumladan, taniqli olim Hoji Xalifa o‘zining “Kashf uz-zunun” nomli mashhur asarining bir necha o‘rinlarida al-Hakim at-Termiziy vafotini hijriy 255, milodiy 869-yilda deb ko‘rsatgan. Shuningdek, allomaning Termiz shahri yaqinida joylashgan maqbarasi ustida o‘rnatilgan qabrtoshdagi bitiklarda ham uning hayoti haqida ba'zi ma'lumotlar keltirilib, vafot etgan sanasi hijriy 255, milodiy 869-yilda deb yozilgan. Boshqa ba'zi manbalarda ham uning mazkur sanada vafot etganligi qayd etiladi. Al-Hakim at-Termiziyning uzoq, ya’ni 116 yoinki 120 yil umr ko‘rganligini e'tiborga olsak, alloma sakkizinchi asrning o‘rtalarida (taxminan 750-760-yillar oralig‘ida) tavallud topganligi ayon bo‘ladi. Ayni vaqtda, ba'zi zamonaviy tadqiqotchilar uning tavalludi va vafoti haqida batamom boshqa sanalarni ko‘rsatganlar. Jumladan, al-Hakim at-Termiziyning hayoti va uning ta'limotini chuqur o‘rgangan misrlik taniqli olim Abdulfattoh Abdulloh Baraka al-Hakim at-Termiziyni hijriy 205, milodiy 820-yilda Termiz shahrida tavallud topib, uzoq umr ko‘rib, hijriy 320, milodiy 932-yilda 112 yoshida vafot etganligi haqida yozadi. Mana shularni xulosa qilib aytish mumkinki, bu yo‘nalishda kelajakda olib boriladigan chuqur ilmiy tadqiqotlar alloma al-Hakim at-Termiziy tavalludi va vafoti sanalarini aniqlash imkonini beradi, deb o‘ylaymiz. Uning maqbarasi Termiz shahrining yaqinida, Amudaryo bo‘yida joylashgan.

Termiz shahri haqidagi qimmatli ma'lumotlarni arab geograflari al-Muqaddasiy (“Ahsan ut-taqosim fi ma'rifat al-aqoliym”), al-Istaxriy (“Al-Masolik val-mamolik”), al-Balazuriy-Futuh ul-buldon va boshqa qator mualliflarning asarlarida uchratamiz. Mazkur manbalarda ta'kidlanishicha, al-Hakim at-Termiziy tug‘ilgan Termiz shahri ham IX asrda Movarounnahrning eng yirik va obod shaharlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Shaharda islomiy ilm va madaniyat yuksak darajada taraqqiy etgan. Ilm-fanning turli sohalari, jumladan, islomiy ilmlar bo‘yicha Termiz shahridan еtishib chiqqan ko‘plab allomalar at-Termiziy nisbati bilan butun dunyoda mashhur bo‘lganlar. Jahon ehtiromi, e’zoziga sazovor bo‘lgan termizlik buyuk siymolardan biri al-Hakim at-Termiziydir. Afsuski, al-Hakim at-Termiziyning bolalik va yoshlik yillari haqida manbalarda aniq ma'lumotlar uchratmadik. Uning ota-onasi haqidagi ba'zi xabarlardan ma'lum bo‘lishicha, uning otasi Ali ibn al-Hasan o‘z davrida hadis ilmining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Arab tarixchisi al-Xatib al-Bag‘dodiy o‘zining mashhur “Tarixi Bag‘dod” (Bag‘dod tarixi) nomli asarida yozishicha, u musulmon olamining eng yirik markazlaridan sanalgan Bag‘dod shahrida bo‘lib, o‘sha davrning mashhur olim-u ulamolari bilan hadis ilmining turli masalalari bo‘yicha qizg‘in bahs va munozaralarda ishtirok etgan. Al-Hakim at-Termiziy o‘zining avtobiografik risolasi “Bad'u sha'ni Abu Abdulloh” va “Ar-Radd alal-muattila” kabi asarlarida yozishicha, uning onasi va bobosi ham o‘z davrida hadis ilmining еtuk bilimdonlaridan bo‘lgan. Bu ma'lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, al-Hakim at-Termiziy ilm-ma'rifat yuksak qadrlanadigan ziyoli bir xonadonda dunyoga kelib, mana shu ilmiy-ma'naviy muhitda o‘sib ulg‘aygan. Oxir oqibatda mazkur omillar ta'sirida uning ma'naviy dunyosi va ilmiy tafakkuri shakllanib, kamolga еtgan. Ayni vaqtda, shuni alohida ta'kidlash kerakki, al-Hakim at-Termiziyning ilmiy kamolotida uning otasi Ali ibn al-Hasanning xizmatlari benihoya katta[12]. Chunonchi, u o‘z farzandi uchun nafaqat mehribon va g‘amxo‘r ota, balki unga nisbatan talabchan murabbiy va ma'rifatli ustoz maqomida ham bo‘lgan. Bu xususda al-Hakim at-Termiziy o‘z kitoblaridan birida shunday hikoya qiladi:

- Alloh taolo meni ustozim – volidamdan judo qilganda men sakkiz yoshda edim. Uning sa'y-harakatlari bois men ilm olishga shunday berilib ketgandimki, kitob mutolaa qilish men uchun asosiy mashg‘ulot bo‘lib qolgan edi. Vaholanki, mening tengqurlarim o‘yin-kulgi va vaqtixushlik bilan band bo‘lardilar. Volidamning ijtihodlari tufayli men shu yoshimda “Ilm al-osor” (“Qadimiy rivoyatlar (hadislar) haqidagi ilm”) va “Ilm ar-ray” (“E'tiqod haqidagi ilm”) bilimlarini to‘liq egallab olgan edim.

Otasi vafotidan keyin al-Hakim at-Termiziy o‘z shahridagi еtuk olimlardan asosan tafsir, hadis va fiqh ilmlaridan saboq oladi. Uning termizlik muhaddislar Abu Muhammad Solih ibn Muhammad ibn Nasr at-Termiziy, Solih ibn Abdulloh at-Termiziydan hadis ilmini o‘rganganligi haqida manbalarda aniq ma'lumotlar keltirilgan. Shundan so‘ng, alloma Farididdin at-Attorning yozishicha, “yoshi yigirma еttiga еtganda, al-Hakim at-Termiziy ikki o‘rtog‘i bilan o‘sha paytda butun Sharqda ilm-u ma'rifatning eng yirik markazlaridan biri sanalgan Bag‘dodga borib, ilm olishni niyat qilganda, birdan onasi betob bo‘lib qoladi va unga: “Ey o‘g‘lim, men bir mushtipar, zaifa ayol bo‘lsam, menga sendan bo‘lak boshpanoh bo‘lib yordam beradigan biror kimsa bo‘lmasa, mening butun borlig‘im faqat sen bilan bog‘liq bo‘lsa. Sen meni kimga tashlab ketmoqchisan?”, - deb unga iltijo qiladi. Volidasining bu so‘zlari al-Hakim at-Termiziyga qattiq ta'sir qilib, u ilm talabidagi ushbu safaridan voz kechadi. Uning ikki o‘rtog‘i esa o‘z safarlariga otlanib yo‘lga tushadilar. So‘ngra, ushbu voqeadan keyin talay vaqt o‘tgach, al-Hakim at-Termiziy Bag‘dodga borolmaganligi uchun g‘oyatda afsuslanib, maqbaralardan birining yonida yig‘lab xafa bo‘lib turganida, uning yonida yuzidan nur yog‘ilib turgan bir shayx paydo bo‘lib, undan yig‘lashining sababini so‘raydi. Al-Hakim unga yuz bergan voqeani birma-bir aytib beradi. Shunda shayx: “istasang, men senga har kuni turli ilmlardan saboq berib, seni o‘qitaman”, - deydi. Al-Hakim uning bu so‘ziga darhol rozi bo‘ladi. Bu hol bir necha yil davom etadi. So‘ngra u bilsa bu kishi Xizr alayhissalom ekanlar. Uning bu saodatli marhamatga erishishi volidai mushfiqasining duosi barokatidan bo‘lgan edi. Ayni shu voqea boshqa manbalarda biroz boshqacharoq tarzda hikoya qilinadi.

Bu hikoya haqiqatmi yoki afsonaviy rivoyatmi, qanday bo‘lmasin uning oilasi haqida muayyan darajada tasavvur beradi. Chunonchi, ushbu hikoyadan ma'lum bo‘lishicha, u ota-onasining yakka-yu yagona farzandi bo‘lgan, onasining iltijosiga qaraganda ularning oilasida al-Hakimdan boshqa unga boshpanoh bo‘lib, qaraydigan kimsa bo‘lmagan. U o‘z onasiga mehribon, uni boquvchisiz tashlab ketishga jur'at qilmagan – oilaparvar, qanchalik ilm olishga ishtiyoqi kuchli bo‘lgani bilan o‘z volidasining so‘ziga quloq solib, uning duosini olganligi bois, oxir-oqibatda, ilm olishda ham o‘z matlabiga erishadi. Shuningdek, manbalarda uning oilaviy ahvoli, rafiqasining soliha, taqvodor, pokiza ayol ekanligi, oilada oltita farzandi bo‘lganligi haqida ham ba'zi ma'lumotlar keltirilgan.

Darhaqiqat, Termiz ummatga qanchadan-qancha muhaddislarni, mufaqqihlarni, mutafakkirlarni, mutakallimlarni va tasavvuf ilmi namoyondalarini tarbiyalab berdi. Ular o‘zlarining nodir asarlari bilan nafaqat zamonasida balki, hozirgi avlod uchun ham xizmat qilmoqda. Mana shunday fozil, olim va hakim zotlardan biri bu Abu Umar Termiziydir.

U zotning hayoti haqida ma’lumotlar bizga juda kam еtib kelgan. Abu Umar Termiziyning rivoyat ahlidan, ya’ni muhaddis ekanliklari haqidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lsa ham, aslida, u kishi haqidagi ko‘pchilik ma’lumotlar tasavvuf kitoblarida uchraydi. Darhaqiqat, biz o‘rganayotgan “Ta’liymul muta’allim” asari ham tasavvuf haqidagi asar deyish mumkin.

Abu Umar Termiziyning to‘liq ismi Imom Hakim Olim Rabboniy Muhammad ibn Umar Termiziydir. Vafotlari tahminan 280-hijriy yilga to‘g‘ri keladi. Ta’kidlaganimizdek, ushbu ma’lumotlar Abu Abdurrahmon Sulamiyning “Tabaqotus sufiya” kitobida keladi[13]. Muallif Abu Umar Termiziyni ikkinchi tabaqada zikr qiladi. Abu Umar Termiziy manbalarda Hakim Termiziy deb ham nomlanganligi sababli Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy bilan adashtirish ehtimoli mavjud. Aslida esa ushbu ikki olim ustoz-shogird hisoblanishadi. Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy Abu Umar Termiziyning ustozlaridan sanaladi. U kishidan Abu Umar Termiziy tasavvuf saboqlarini olgan.

Abu Umar Termiziy yashab ijod qilgan davr hijriy III asrga to‘g‘ri keladi. Bu Abbosiylar hukmdorlik qilgan davrdir. Abbosiylar davri musulmonlar erishgan yutuqlarning yuqori nuqtalaridan biri bo‘ldi. Abbosiylarning ilm-fan va madaniyat bobidagi yutuqlariga Mahdiy va Horun Ar-Rashid hukmronligi davrida urug‘ sochilgan bo‘lib, undan unib chiqqan nihol Horunning o‘g‘li Ma’mun davrida barq urib, gullab yashnadi.

Abu Umar Termiziy ana shu ilm-fan taraqqiy etgan davrda yashagan va o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan mutafakkir olimdir.

Darhaqiyqat, at-Termiziy o‘z yurtida yirik muhaddis olim sifatida shuhrat qozondi va ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Buyuk vatandoshimiz Abu Iso Muhammad at-Termiziy bizga boy va katta ilmiy meros qoldirdi. U Xuroson va Movarounnahrda ilk tasavvuf ta’limotchisi, huquqshunoslik, tabiatshunoslik, tabobat, ilm-u nujum, tilshunoslik, axloq va boshqa ko‘plab qomusiy ilm sohalarida asarlar yaratgan allomadir.

 

 

[1] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Al-А’rf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.7.

[2] Nuriddin Itr. Аl-Imom аt-Termiziy. – Istаnbul: Dorus sаlom. 2009. – B.21-22.

[3] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Al-А’rf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.6.

[4] Shаmsiddin Muhаmmаd ibn Аhmаd ibn Usmon аz-Zаhаbiy. Siyar а’lomi аn-nubаlo. – Bаyrut: Muаssаsа аr - risolа, 1992. J.13. – B. 271.

[5] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Al-А’rf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.8.

[6] Mirzo Kenjabek. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq. 2012. – B. 16.

[7] http://qadamjo.uz/index.php

[8] Mirzo Kenjabek. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq. 2012. – B. 24.

[9] Ibn Хаllikon. Vаfoyot аl-а’yon. – Qohirа: Dorul fikr. 2004. J-3. – B.407.

[10] Shаmsiddin Muhаmmаd ibn Аhmаd ibn Usmon аz-Zаhаbiy. Siyar а’lomi аn-nubаlo. J-12. – B.404.

[11] Ba'zi muarrixlar, masalan, ash-Shaaroniy o‘zining “At-Tabaqot al-kubro” asarining 78-sahifasida al-Husayn deb keltirgan.

[12] ziyouz.com/portal-haqida/xarita/maqolalar/at-termiziy

[13]Мuhаmmаd ibn Umаr Теrmiziy. Кitаb аl-ilmi vаl-mutа’аllimi. Аbdulmuttаlib va Аli Аbdulbаsit tаhqiqi. – Qоhirа: Маktаbаtul Хоnаjiy, 2001. – B.5.

Izoh qoldirish