19.10.2022

Til millat ko’zgusi

Til har bir millatning koʻzgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Tilni Onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson oʻz onasini koʻrmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas. Bu fikrimizning isboti sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan soʻzlagan nutqini keltirishimiz mumkin: “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin”.

1989-yil 21-oktyabr… Aynan shu kunda oʻzbek tilining haqiqiy jozibasini anglashni boshlashga imkoniyat berildi. Oʻzbek millati uchun dunyoga tuynuk ochildi. 

2022-yil 21-oktyabr… Roppa-rosa oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 33 yil toʻldi. Xoʻsh, mana shu davr mobaynida oʻzbek tilining haqiqiy jozibasi, uning goʻzalligini dunyoga tanitish uchun qanday ishlar amalga oshirildi? 

Taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oʻzbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Oʻzbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan soʻng barcha davlat hujjatlari oʻzbek tilida yuritila boshlandi, gazeta va jurnallarning oʻzbek tilida chop etilishi yoʻlga qoʻyildi. 1993-yil 2-sentyabrda “Lotin tiliga asoslangan oʻzbek alifbosini tuzish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingandan soʻng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib oʻrin egallashiga yoʻl ochdi. Shu oʻrinda statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak: dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud boʻlib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida oʻzbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purmaʼno va jozibadorligining yorqin dalilidir. Rossiyalik tilshunos olima, professor A. M. Kozlyanina “Oʻzbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador” deb bejiz taʼkidlamagan edi.

 Yangilanishlar shiddati va ulugʻ maqsadlarga shaylanish jarayonlari aro maʼnaviyatimizning, maʼrifatimizning qoni-joni boʻlmish ona tilimizni eʼzozlab “Oʻzbek tili bayrami kuni” eʼlon qilinishining oʻziyoq katta bir bayramdir.

 Shu munosabat bilan ushbu bayramimiz butun Oʻzbekiston xalqiga, yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchi koʻplab kishilarga va dunyoning turli oʻlkalaridagi “Oʻzbek tili doʻstlari”ga qutlugʻ boʻlsin deymiz.

 Shon-sharafli millatimiz, ona tilimiz, davlatimiz mangu gullab-yashnayversin!

 

Farrux Saydullaev - Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor o'rinbosari

 

 

Izoh qoldirish