VATAN HIMOYASI – MUQADDAS BURCH
Alloh taolo tomonidan inson zotiga berilgan eng buyuk ne’matlardan biri – bu uning ona vatan bag‘rida umrguzaronlik qilishi, vatan bag‘rida kamol topishidir. Zero, vatan kindik qonimiz to‘kilgan tuproq, ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan maskan, avlodlarimiz kamolotga yetadigan diyordir. Vatan ona kabi yakkayu yagonadir. Alloh taolo har bir bandani yaratar ekan, uning o‘sib-unishi uchun ularga bir vatan ham ato etdi. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, dunyoda vatan mudofaasidan, uning har bir qarich tuprog‘ini asrab-avaylashdan ham ko‘ra buyukroq burch bo‘lmasa kerak.
Payg‘ambarimizning hayot yo‘llariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, vatanga bo‘lgan muhabbatning oliy namunasini, muqaddas dinimizda vatanga bo‘lgan sevgi naqadar yuksak darajada ta’rif etilishini ko‘ramiz. Jumladan, Rasululloh s.a.v.ning qavmi Makkadan chiqib ketayotganda Makka bilan xayrlashib, unga qarata shunday xitob qilganlar: “Qandayam yaxshi shaharsan, qandayam menga suyuklisan! Agar qavmim meni sendan chiqarib yubormaganida, sendan boshqada yashamasdim” (Termiziy rivoyati 3926).
Ona diyorimizda azal-azaldan vatanni asrab-avaylash, uni ham ma’naviy, ham harbiy nuqtai nazardan mudofaa etish borasida olim va mutafakkirlar, harbiy sarkardalar namuna ko‘rsatganlar. Jumladan, yurtimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy kabi allomalar o‘zlarining bebaho asarlari orqali mamlakat qudratining yuksalishiga, ma’naviy hayot taraqqiyotiga xizmat qilgan bo‘lsalar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi buyuk sarkardalar esa vatanning harbiy qudratini oshirishga, uni mudofaa qilishga tayyor turganlar. Kubraviya tariqatining asoschisi Shayx Najmiddin Kubro vatan mudofaasi yo‘lida namuna ko‘rsatgan ulug‘ ajdodlarimizdan hisoblanadi. Zero, Shayx Najmiddin Kubro hazratlari vatan yo‘lida nafaqat o‘z ilmlari orqali, balki dushmanga qarshi mardonavor jang qilish orqali ham xizmat qilganlar.
Yaratganga ming shukrlar bo‘lsinki, ona vatanimiz istiqlol degan ulug‘ ne’matni qo‘lga kiritgach, mamlakatning harbiy qudratini oshirish, sohani yangi sifat bosqichiga ko‘tarish borasida ulkan loyihalar amalga oshirildi. Ayniqsa, so‘ngi yillarda “Inson qadri uchun” degan shior ostida harbiy soha vakillarining turmush sharoitlarini yaxshilash masalasiga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Mamlakatimiz Konstitusiyasining 52-moddasida O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish — O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, vatanning ma’naviy-ma’rifiy, iqtisodiy-siyosiy, harbiy nuqtai nazardan rivojlanishiga har birimiz mas’ulmiz.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi
Izoh qoldirish