Imom Termiziy Xalqaro ilmiy-tatqiqot markazi 6 yoshda
So’ngi yillarda mamlakatimizda ajdodlarimiz merosini o’rganish, uni xalqimizga xalqchil tilda yetkazish, yoshlarimiz o’rtasida keng targ’ib qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Allomalarimiz tomonidan bizga juda katta ma’naviy meros yetib kelgan. Bugungi kunda ularni xalqimiz va yoshlarimiz ongiga yetadigan qilib, tarjima va sharhlarini yaratish o’ta muhum”.
Yuqorida ta’kidlangan gaplarning ijrosi o’laroq, bu borada bir qancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan: Imom Termiziy Xalqaro ilmiy tatqiqot markazining tashkil etilishi ham bevosita ajdodlarimiz ilmiy merosini o’rganish, xalqimizga tushunarli bo’lgan izohli tarjima va sharhlar yaratish bilan bog’liq.
Bundan roppa rosa 6 yil oldin muhtaram Prezidentimizning “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Markaz tashkil etilgandan boshlab shu kunga qadar o’zining keng ilmiy faoliyatini olib bormoqda, tom ma’noda o’ziga yuklatilgan vazifalarni a’lo darajada bajarib kelmoqda. Bu borada markazda faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlar, jonkuyar ustozlar xizmatini ham unutmaslik lozim.
Imom Termiziy Xalqaro ilmiy tatqiqot markazida shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar borasida qisqacha to’xtalib o’tamiz.
- Xalqaro aloqalar
Imom Termiziy va termiziy allomalarning benazir merosini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida Markaz tomonidan 10 ga yaqin xalqaro konferensiya, 10 dan ortiq mahalliy konferensiya va anjumanlar, 2 ta xalqaro va mahalliy foto ko‘rgazma hamda anjumanlar tashkil etildi.
Xorijdagi nufuzli universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan 10 ta (7 ta xorijiy va 3 ta mahalliy) memorandum imzolangan. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, London al-Furqon islom merosi fondi, Saudiya Arabistonining Riyoz shahridagi arab-rus va axborotlar markazi, Islom tarixi, san’ati va madaniyati ilmi-tadqiqot markazi (IRSIKA), Turkiyadagi Karabuk universiteti, Afg‘onistondagi Javzjon universiteti, Turkiyadagi Bursa Uludog‘ universiteti, London markaziy masjidi va islom madaniyat markazi (ICC), Jazoir islom madaniyati markazi va Rossiya islom universitetlari bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolangan. Shuningdek, 5 ta xalqaro tashkilotlar bilan memorandum imzolash taklifi berilgan.
Markaz ilmiy xodimlari Buyuk Britaniya, Turkiya, Malayziya, Rossiya kabi davlatlardagi turdosh markazlar va universitetlarda tashkil etilgan 4 ta malaka oshirish va o‘quv kurslarida ishtirok etdi. Jumladan, Markaz ilmiy xodimlaridan 3 nafari Boboxodjayev Sa’dulla, Choriyev Muhiddin, Jomahmatov Karomiddinlar Turkiyaning poytaxti Anqara shahrida joylashgan Islom tafakkuri institutida 2022 yil avgust oyida malaka oshirish kursida bo‘lib, u yerda usul, hadis, fiqh, tasavvuf va tafsir fanlaridan tahsil olishdi. Markaz direktori Sh. Umarov Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazi tomonidan tashkil etilgan “Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro grantlari” tanlovida g‘olib chiqib 2022 yil 29 yanvardan 18 mart kunigacha Oksford islom tadqiqotlari markazida ilmiy tadqiqot ishlari hamda xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy safarda bo‘ldi.
- Axborot-resurs markazi
Markaz o’zining qadimiy qolyozma va toshbosma asarlari mavjud kutubxonasi bilan ham ajralib turadi. Kutubxona fondida 500 ga yaqin qo’lyozma asarlarning elektron nusxasi, 98 ta noyob qo’lyozma va toshbosma asarlar saqlanmoqda. Qo’lyozma va toshbosmalar ichida Abulqosim Firdavsiyning shoh asari “Shohnoma”ning o’zbek tiliga birinchi tarjimasi (toshbosma), Burxoniddin Marg’inoniyning “Hidoya” asarini eng qadimgi sharhlaridan biri (qo’lyozma), So’fi Olloyorning turkiy tilda yozilgan qo’lyozmasi alohida o’ringa ega.
- Nashr ishlari
Imom Termiziy Xalqaro ilmiy tatqiqot markazida nashrlar bo’yicha bir qancha ishlar amalga oshirildi. Bugungacha 100 ga yaqin o’zbek tiliga tarjima qilinmagan, kitobxonga qimmatli ma’lumotlar beradigan kitoblar izohli tarjima, tahqiq va taxrij qilinib, xalqimizga tuhfa qilindi.
Turkiya-O’zbekiston o’rtasidagi xalqaro darajadagi kitob, “Hujjatlarda Turkiya-O’zbekiston aloqalari” kitobi Turkiyada nashrdan chiqdi.
“Buyuk termiziylar” rukuni ostida 20 ta buyuk termiziy allomalar haqida kichik hajimdagi xalqchil risolalar nashrdan chiqdi. Ahamiyatli tomoni shundaki bu kitoblar o’zining hajmi va yosh-u qariga birdek tushunarli ekanligi bilan ajralib turadi. “Buyuk termiziylar” rukuni ostida olib borilayotgan tatqiqot ishlari davom etmoqda.
Xulosa o’rnida aytadigan bo’lsak, Imom Termiziy Xalqaro ilmiy tatqiqot markazi o’zining 6 yillik faoliyati davomida xalqimizga manfaatli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Ajdodlarimiz hayoti va ma’naviy merosini o’rganishda muhim ishlarni amalga oshirib, markazning ilmiy faoliyati kelajakda nafaqat yurtimiz, balki xalqaro maydonda ham munosib e’tirof etilishiga ishonamiz.
Hikmatillo Xursanmurodov-Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi
kichik ilmiy xodimi
Izoh qoldirish