11.03.2023

“ADABUL VAJIZ” RISOLASIDA YOSH AVLOD TARBIYASIGA OID HIKMATLAR

 

Yosh avlodni har tomonlama barkamol shaxs qilib tarbiyalash masalasi muqaddas Islom dinida, uning muqaddas manbai Qur’oni karim va hadisi shariflarda eng ko’p e’tibor qaratilgan mavzulardan biridir. Farzand inson umrining davomchisi sifatida, ota-onaning xayrli ishlarini davom ettirishga, ularning yaxshi nom bilan zikr etilishlariga sabab bo’luvchi asosiy vositadir. Shu nuqtai nazardan farzandlarni go’zal tarbiya asosida voyaga yetkazish, ularni jamiyatning xushxulq va yaxshi fazilatlar bilan ziynatlangan a’zosi qilib tarbiyalash ota-onalar oldidagi asosiy vazifalardan hisoblanadi. 

Dunyo mutafakkirlari ta’kidlaganlaridek, bu yorug’ olamga kelgan bola ongi oppoq, toza varoq kabidir. Ota-ona tarbiyasi va atrof-muhit ta’siri ostida ushbu varoq turli ranglar bilan bo’yalib boradi. Mana shu jarayonda tarbiyaning o’rni beqiyosdir. 

VIII asr Islom tamaddunining iste’dodli vakili, tarjimon, kotib va faylasuf Abu Muhammad Abdulloh ibn Muqaffaning “Adabul vajiz li-l-valadi-s-sag’ir” nomli risolasi aynan farzand tarbiyasi, uning axloqiy-ma’naviy xislatlarini yuksaltirish, diyonatli, ruhan va jismonan yetuk inson qilib voyaga yetkazish masalasiga qaratilganligi bilan diqqatga sazovordir. Risolaning har bir bandi “Ey farzand” xitobi bilan boshlanib, ta’lim-tarbiyaning ma’lum bir masalasiga qaratilgan. Muallif pand-nasihat asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko’plab misollar keltirib, o’z nasihatlarining ta’siri yanada oshishiga, risolaning esa yanada go’zalroq ko’rinish kasb etishiga erisha olgan. 

Ushbu risolaning asl arab tilida yozilgan nusxasi bizning kunlarimizga qadar yetib kelmagan. Faqatgina XIII asrda fors olimi Nosiruddin Tusiy tomonidan risolaning fors tiliga qilingan tarjimasi ushbu bebaho tarbiya namunasining butkul yo’qolib ketishining oldini oldi.

Risolaning boshlanish qismlarida ibn Muqaffa yosh avlodga murojaat qilib shunday deydi: 

Ey farzand: Men senga odob namunalaridan egallashing, o‘zingda zaxira qilishing lozim bo‘lgan, hech qanday shak-shubhasiz, sabr-toqat va bor quvvating bilan intilishing shart bo‘lgan vasiyat shudirki, Alloh taoloning rizoligi yo‘lida ijtihod qilgin, Uning yo‘lida xizmat qilishni hamma narsadan afzal ko‘rgin. Chunki “Avval ham, oxir ham, zohir ham, botin ham Uning O‘zidir” .

Aql-farosatni o‘z qalbingda mustahkam qilib joylagin, Allohdan qo‘rqishni o‘zingga odat va shior qilib olginki, bugungi azob ertangi rohat oldida arzimas ahamiyat kasb etsin. Zero, qiyomat osoyishtaligini talab qiluvchi aql sohiblari nazdida tez o‘tib ketuvchi mashaqqatning qadri yo‘qdir, boqiy jannatdan umidvor bo‘lgan oqil kishi ko‘z oldida esa foniy kulfat hech bir ahamiyatga ega emas. Har kimki Alloh taolodan qo‘rqsa, taqvoni o‘zi uchun mustahkam qo‘rg‘onga aylantirsa, turli balo va ofatlardan o‘zini ehtiyot qilgan, g‘am-qayg‘uga sabab bo‘luvchi voqea-hodisalardan himoyalangan bo‘ladi.

“Adabul vajiz” risolasi shu kabi hikmatlarga boy bo’lib, moddiy lazzatlardan ma’naviy lazzatlarni ustun qo’yuvchi fikrlar, axloqiy poklikka da’vat etuvchi g’oyalarga boyligi bilan ahamiyatlidir. Shu sababli ushbu risoladan yosh avlodni ma’nan va axloqan barkamol shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida foydalanish maqsadga muvofiqdir.

 

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Zamonaviy tadqiqotlar bo’limi ilmiy xodimi

Izoh qoldirish