EZGU QADRIYATLAR NAMOYON BO’LMOQDA
So’nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu g’oya asosida xalqimizning har bir a’zosini ham ma’nan, ham moddiy nuqtai nazardan qo’llab-quvvatlash borasida misli ko’rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, muqaddas dinimizda, Qur’oni karim va hadisi shariflarda inson qadri eng yuksak martabaga qo’yiladi. Xususan, Qur’oni karimning Isro surasi 70-oyatida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
{وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُم مِّنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِّمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلاً}
Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik.
Qur’oni karimda inson qadrini yuksaklarga ko’taruvchi juda ko’plab shunday oyatlarga duch kelishimiz mumkin. Shuningdek, Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham inson zotiga, uning mukarram va barcha jonzotlarning gultoji ekanligiga dalolat qiluvchi ko’plab misollarni keltirish mumkin. Jumladan, Payg’ambarimiz: “Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, – deb marhamat qilganlar.
Dinimizda insonga, uning qadr-qimmatiga qaratilgan mana shunday go’zal e’tibor zamirida insonni nafaqat ruhiy-ma’naviy jihatdan, balki ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ham qo’llab-quvvatlash g’oyasi yotadi. Bu ezgu g’oyalar ayniqsa muborak Ramazon oylarida yaqqol namoyon bo’lmoqda. Zero, Ramazon rahmat, mehr-muhabbat, muruvvat oyidir. Bu oyda qilinadigan savob amallarning ajru mukofoti beqiyosdir. Shu nuqtai nazardan Ramazon oyi savob ishlar umidida bo’lgan saxovatpesha insonlar uchun eng qulay imkoniyatdir.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan har yili mamlakatimizda Ramazon oyini munosib kutib olish maqsadida maxsus qaror qabul qilinib, ushbu qaror asosida Ramazon oyida dinimizga xos bo’lgan odamiylik, do’stlik, mehr-oqibat, saxovat va muruvvat g’oyalari namoyon bo’ladi. O’tganlar yod etilib, ularning ortlarida qolgan oila-a’zolariga moddiy-ma’naviy ko’mak ko’rsatish masalasiga alohida ahamiyat qaratiladi.
Joriy yil 22-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ham ona zaminimizda ushbu muborak oyni har tomonlama ko’tarinki ruhda o’tkazish borasida huquqiy asos vazifasini bajarmoqda. Aynan ushbu qaror asosida Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan odamiylik, inson qadrini ulug‘lash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Moddiy ko’makka muhtoj bo’lgan yurtdoshlarimizning xonadonlarida, mahallalarda iftorlik dasturxonlari tashkil etilmoqda, bemorlarning holidan xabar olinmoqda, masjidlarimizda Qur’oni karim xatmlari amalga oshirilmoqda, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi uchun duolar qilinmoqda. Alloh taolo mukarram qilgan insonni moddiy-ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar xalqimiz ongu shuurida dinimiz belgilab bergan go’zal fazilatlarning mustahkamlanishiga, bahamjihatlik g’oyalarining rivojiga, Yangi O’zbekistonning mustahkam ma’naviy-ma’rifiy poydevorga ega bo’lishiga xizmat qiladi.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo’limi katta ilmiy xodimi
Izoh qoldirish