Hayit bayrami tarixi
Musulmon olamida keng nishonlanadigan, barcha musulmonlar uchun xos boʻlgan bayramlardan biri bu hayit (iyd) bayrami hisoblanadi.
Bu bayram mustaqillikka erishganimizdan so’ng yurtimizda ham keng ko’lamda, umumxalq bayrami sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Hayit soʻzi arab tilidan kirib kelgan soʻz bo’lib, “iyd” – bayram, ma’nosini bildiradi. Islom an’anasiga koʻra ikkita hayit rasman bayram sifatida nishonlanadi: Qurbon hayiti (iyd al-kabir, iyd al-adho), Ramazon hayiti (iyd as-sig’ar, iyd al-fitr). Musulmon olamida hayit kunlari oy kalendari asosida belgilanadi. Qurbon hayiti zulhijja oyining o’ninchi kuniga toʻgʻri kelsa, Ramazon hayiti shavvol oyining birinchi kunida nishonlanadi.
Ramazon hayitining paydo boʻlishi va nishonlanishi Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan uzviy bogʻliq. Hijratning ikkinchi yilidan buyon Ramazon hayiti ulugʻ ayyom sifatida nishonlab kelinadi. Mazkur ibodatning tantanasi oʻlaroq Ramazon hayiti Alloh taolo tomonidan musulmonlar uchun bayram qilib berildi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida shahar ahli ikki kunda oʻyin-kulgi qilar edilar.
“Bu ikkisi qanday kun?” deb soʻradilar.
“Johiliyatda oʻynaydigan kunimiz edi”, – deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Alloh sizlarga bu ikkisi oʻrniga ulardan koʻra yaxshi — Qurbonlik kuni va Fitr kunini berdi”, – dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).
Qurbon va Ramazon hayitlari Allohning bandalariga farz qilgan ulugʻ ibodatlari: Ramazon roʻzasi va haj ibodati ado etib boʻlingan kunning ertasiga nishonlanadi. Alloh taolo bandalarini mana shunday ulugʻ ibodatlarni ado etishga muyassar qilgani uchun ham uning shukronasiga ikki rakaat hayit namozini oʻqishni vojib qildi.
Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Bas, Robbingiz uchun namoz oʻqing va (tuya) soʻyib qurbonlik qiling” (“Kavsar” surasi, 2-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har bir qavmning oʻz bayrami bor, bu (Iyd kuni) bizning bayramimizdir”, – deganlar. Moʻmin-musulmonlar Hayit bayramini yaqinlari davrasida oʻtkazadilar. Ayniqsa, ota-onalariga yanada xushmuomala boʻlib, xursandchilik ulashishadi. Ularning duolarini olishadi. Shuningdek, muhtojlar va bemorlar holidan xabar olish, bolalarga shodlik ulashish, ularning qalblariga quvonch olib kirish katta savob amallardan biri. Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, – deganlar.
Iyd – Alloh taologa qilingan toat-ibodatlar tufayli U Zotning bandalariga koʻrsatgan rahmat-u magʻfirati sababidan xursandchilik izhor qilish uchun bir munosabatdir. Alloh taolo: “Allohning fazli va rahmati ila. Ana shu bilan xursand boʻlsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”, degan (“Yunus” surasi, 58-oyat).
Iyd ulugʻ ibodatni ado qilgandan soʻng bandalarga taqdim qilingan oʻziga xos rabboniy ziyofatdir. Iyd ul-fitr – Ramazon hayiti bayrami Alloh taolo bandalariga Ramazon oyida farz qilgan roʻza ibodati ado qilinganidan keyin keladi. Banda Ramazonda Allohning roziligi uchun, U Zotning amri boʻlgani uchun yegulikdan, ichimlikdan va roʻzani ochib yuboradigan boshqa narsalardan oʻzini tiyadi. Shuning uchun Alloh taolo Oʻzining fazli, magʻfirati va bu ibodatga loyiq koʻrganidan xursand boʻlsinlar, deb bandalarini Iyd ul-fitr ziyofatiga taklif etadi.
Hayit bayrami – inson shaʼni va qadrining nechogʻli yuksakligini koʻrsatuvchi xayr-saxovat, mehr-muruvvat ayyomi, dillardagi gina-kuduratlar zavolga ketib, oʻrnini unsu ulfat, doʻstlik va hamjihatlik egallovchi, Hazrat Alisher Navoiy taʼrifidagi kabi soʻz va koʻz ozodaligi, til va dil pokligi bayramidir.
Hayit bayrami shukrona mavsumidir. Inson oʻziga ato etilgan neʼmatlarga shukr qilishi vojib ekani buyuk allomalar tomonidan taʼkidlangan.
Ushbu ma’lumotlar shayx Usmonxon Alimovning “Muborak ramazon hayiti shodiyonalari: diniy qadriyatlar, azaliy urf-odatlar va oʻlmas anʼanalar” nomli maqolasi asosida tayyorlandi. (Yangi Oʻzbekiston gazetasi: 13.05.2021-yil 97-son)
Hikmatillo Xursanmurodov-Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi
Izoh qoldirish