TASBEH ISHLATISH BIDʼATMI?
Tasbeh – bidʼat emas. Hazrat paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam zamonlarida ham tasbeh bor edi. Xurmo danaklaridan, mayda toshchalardan tasbeh oʻrnida foydalanishardi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bir ipni bir-biriga tugib chiqqanlar. U kishining ikki ming tugunli tasbehlari bor edi! Tasbehni bidʼat deyish notoʻgʻri, chunki, dinda boʻlmagan narsalarga bidʼat, yaʼni, yangilik deyiladi!
Yuqorida aytilgan xurmo danaklari, mayda toshchalar, ip tugunlari sahobai kiromlar tomonidan tasbehlarni va zikrlarni sanash maqsadida foydalangan vositalardir.
Hazrat paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida ham barmoq bilan sanaganlar. Bu ham bir tasbeh. Oʻn toʻrt boʻgʻin oʻng qoʻlda, oʻn toʻrt boʻgʻin chap qoʻlda, jami 28 boʻgʻin. Bunga 5 ni qoʻshsak, 33 ta boʻladi, ammo 100 gacha, 1000 gacha barmoqlar bilan sanashda adashasiz. Shuning uchun tasbehlardan foydalanasiz.
Hazrat paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ummu Honiy roziyallohu anhoga “har kuni 100-marta «Laa ilaha illalloh” degin» deb aytganlar. Ummatlariga “har kuni 100-marta «astagʻfirulloh” ni aytinglar, men ham aytaman», – deganlar.
Endi bu 100-martani adashtirmaslik uchun insonning imkonida 100 boʻgʻinli bir narsaning boʻlishiga nima zaruriyat bor? Zaruriyat shuki, bu sunnat amalning goʻzal bir shaklda bajarilishi uchun vositadir. Yetmish toʻqqiz, sakson... deb sanogʻu hisobga mashgʻul boʻlmasdan tasbeh bilan sanasangiz, diqqatingiz koʻproq zikrda boʻladi? Hisobda adashmayin desang fikring chalgʻiydi. Butun diqqat-eʼtiborni zikrga berishda tasbehning bizga foydasi koʻp. Shu sababli ham tasbeh – bidʼat emas.
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Izoh qoldirish