“TARIXI GARDIZIY” ASARINING ISLOM MANBASHUNOSLIGIDA TUTGAN O’RNI
Bugungi kunda mamlakatimizda islom tarixini o’rganish, o’tmishda hukmronlik qilgan davlatlar tarixiga doir muhim ma’lumotlarni tarixiy manbalar asosida tadqiq etish masalasiga katta ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgan bo’lib, ushbu markazlarda islom tarixi, xususan Movarounnahr va Xuroson tarixiga doir qadimiy qo’lyozmalar, tarixiy-falsafiy asarlar tadqiq etilmoqda.
Islom tarixiga doir mana shunday noyob asarlardan biri “Tarixi Gardiziy” (تاريخ گردیزي) asari bo’lib, ushbu asar XI asrda yashagan tarixchi va geograf olim Abu Said Abdulhay Gardiziy tomonidan yozilgan. Abu Said Abdulhay Gardiziy buyuk vatandoshimiz, ensiklopedik olim Abu Rayhon Beruniyning zamondoshidir. “Tarixi Gardiziy”da muallif hindlarning dini, tarixi, urf-odatlari va bayramlari haqidagi ma’lumotlarni Abu Rayhon Beruniydan eshitganligi haqidagi ma’lumotni keltirishi ham uning Beruniy bilan zamondosh bo’lganligidan dalolatdir. Uning tug‘ilgan yili to‘g‘risida manbalarda aniq ma’lumot keltirilmagan. Vafoti hijriy 453-yil (milodiy 1061-yil) deb ko‘rsatiladi. Nisbasidan aniqlash mumkinki, Abu Said Gardiziyning asli kelib chiqishi Gardiz (ګردېز) degan shahardan bo’lib, ushbu shahar bugungi Afg‘onistonning sharqida joylashgan geografik hududdir.
“Tarixi Gardiziy” asarining asl nomlanishi “Zaynul axbor” (“Xabarlar ziynati” – زين الأخبار) bo’lib, muallif nomiga nisbat berilgan holda “Tarixi Gardiziy” nomi bilan ataladi. Ilmiy jamoatchilik o’rtasida ham ushbu asar “Tarixi Gardiziy” nomi bilan mashhurroqdir.
“Tarixi Gardiziy”da fors sulolalari: peshdodiylar, kayoniylar, ashkoniylar, sosoniylar tarixi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlari va xulafoi roshidinning hayot yo‘llari, muallif yashagan davrga qadar hukmronlik qilgan Xuroson amirlari, Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar tarixiga oid muhim ma’lumotlar, umuman olganda Xurosonning arablar istilosidan to 1041 yilgacha boʻlgan batafsil tarixi yoritilgan[1].
Asarda turli xalqlarning hisob-kitobi va diniy bayramlariga tegishli risolalar ham kiritilgan. Oxirgi boblar nasl-nasab (“Ansob”) va ilmga (“Maorif”) bag'ishlangan. Asarda keltirilgan tarixiy ma’lumotlar tarkibida O'rta Osiyo geografiyasi uchun ham katta ahamiyatga ega bo'lgan batafsil ma’lumotlar mavjud. Asar Gʻaznaviylar sultoni “Zaynul millat” – Abdurrashid ibn Mas’ud Gʻaznaviy davrida Gʻazna shahrida tugallangan bo‘lib, asardagi oxirgi keltirilgan voqea hijriy 432-yilda (milodiy 1041-yil) sodir bo‘lgan. Ushbu asar butun jahon tarixiga doir bebaho manba sifatida dunyoning yaratilishidan boshlab, muallif yashagan davrga qadar bo‘lgan tarixiy ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab oladi.
“Tarixi Gardiziy”ning bugungi kunga qadar ikkita qo‘lyozma nusxasi saqlanib qolgan bo‘lib, ushbu nusxalarning ikkalasi ham Buyuk Britaniyada saqlanadi. Ushbu nusxalarning bittasi Oksford universiteti kutubxonasida, ikkinchisi esa Kembridj universiteti huzuridagi Kingz kollej kutubxonasida 213 raqami ostida saqlanadi. Asarning Kembridjda saqlanayotgan nusxasi aniqroq va qadimiy nusxa bo‘lib, u hijriy 903 yoki 930-yilda ko‘chirilgan. Ushbu qo‘lyozma nusxasi borasida keltirilgan ma’lumotlarda faqat 93 raqamidan boshqa hech qanday raqam keltirilmaganligi sababli uning ko’chirilgan yili to’g’risida ikki xil faraz mavjud. Ushbu nusxa 418 sahifadan yoki 209 varoqdan iborat bo‘lib, nasta’liq xatida yozilgan. Asarning Oksford universiteti kutubxonasida saqlanayotgan nusxasi esa hijriy 1196-yilda ko‘chirilgan. Mashhur rus sharqshunos olimi V.V.Bartold tarafidan ushbu asarning ma’lum bir qismlari rus tiliga ham tarjima qilingan[2].
“Tarixiy Gardiziy” asari XX asrda taniqli eronlik tadqiqotchilardan biri Muhammad Qazviniy tomonidan muqaddima va izohlar bilan to‘ldirilgan holda nashr qilingan. Mamlakatimizda bugungi kunda ushbu asar to‘liq o‘rganilmagan bo‘lib, asarni manbashunoslik nuqtai nazaridan tahlil qilish, tarjima qilish orqali islom tarixi, xususan Movarounnahr va Xuroson tarixiga doir qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.
O‘rta asr klassik tarixshunosligi yondashuvi bo‘yicha yozilgan asarlar o‘zlari yetkazmoqchi bo‘lgan ma’lumotlarning yaxlitligini ta’minlash uchun avvalgi tarixiy voqealar haqida qisqacha ma’lumot berishga harakat qiladi. “Tarixiy Gardiziy” - O'rta asr klassik tarixnavisligi doirasida yozilgan asar. Asarda, yuqorida ta’kidlab o’tilganidek, dastlab Eron tarixidagi, undan keyin esa islom tarixidagi muhim ijtimoiy-siyosiy voqealar borasida ma’lumotlar keltirilgan. Islom tarixidagi voqealar bayoniga bag’ishlangan qismda avvalo payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam, so’ngra ul zotdan keyin xalifalik taxtiga o’tirgan to'rt xulafoi roshidin, undan keyin esa Umaviylar va Abbosiylar davridagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, o’zaro ixtiloflar, harbiy yurishlar borasida tarixiy ma’lumotlar keltirilgan. Bu ham ushbu asarning islom tarixidan hikoya qiluvchi muhim va bebaho manbalardan ekanligiga dalolat qiladi[3].
“Tarixiy Gardiziy” asarida mazmun tahlilidan so'ng tarixiy ma'lumotlar tahlili boshlanadi. Asarda dastlab Eron tarixi tilga olinadi. Bu tarixchining forsiyzabon ekanligi bilan izohlanadi. Asarning bu qismida fors hukmdorlari davri, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, xalqning o‘ziga xos xususiyatlari va iqtisodiy-ijtimoiy hayot haqida so‘z boradi. Eron tarixida yuzaga kelgan turli diniy e’tiqodlar haqida so’z yuritiladi.
Asarda Eron tarixidan islom tarixiga o’tilishi sosoniylar hukmdori Yazdigard ibn Shahriyor hukmronligining xalifa Umar ibn Xattob (r.a.) tomonidan tugatilishi voqeasi bilan boshlanadi. Gardiziy bu holatni quyidagicha tasvirlaydi:
“Umar ibn Xattob (r.a.) xalifa boʻlgach, Islom qoʻshinini Iroqqa joʻnatdi. Xolid ibn Validni qo‘shin qo‘mondoni qilib tayinladi. Arablar qoʻshini yetib kelganligi xabari Yazdigard ibn Shahriyorga yetib kelgach, u qo’shinni jangga tayyorladi. Qo’shin qo’mondoni Rustam Farruxzod edi. Qodisiya cho’lida bo’lgan jangda islom lashkari g’alaba qozondi. Yazdigard Marvga yashirindi. Uni Marvda bir tegirmondan topib olib, qatl qilishdi”[4].
Asarning islom tarixiga bag’ishlangan qismi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayot yo’llariga bag’ishlangan ma’lumotlar tahlili bilan boshlanadi. Undan keyin esa xalifalar faoliyati, umaviylar va abbosiylar davri tarixi haqida so’z yuritiladi.
“Tarixi Gardiziy” dunyo xalqalarining madaniyatiga oid ma'lumotlarni ham o'z ichiga olgan noyob manbadir. Bu ma'lumotlar bizga xalqlarning turmush tarzi, tafakkuri va diniy e'tiqodlarini aniqroq tarzda tahlil qilishga yordam beradi. Gardiziy asarda musulmonlar, yahudiylar, nasroniylar, forslar va hindlar uchun muhim sanalarni jadval shaklida keltirib, keyin esa ushbu jadvalda berilgan ma'lumotlarni alohida sarlavhalar ostida tushuntirdi.
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, “Tarixi Gardiziy” asarida keltirilgan tarixiy voqea-hodisalar, geografik nomlar, turli xalqlar madaniyati, urf-odatlariga oid ma’lumotlar bugungi kun manbashunoslik sohasi uchun muhim bo’lib, ushbu asarni tarixshunoslik, manbashunoslik nuqtai nazaridan tahlil qilish tarix fanini yangi ma’lumotlar bilan boyitishga, qadimgi Eron va islom tarixini batafsilroq o’rganishga xizmat qiladi.
Sarvar Saidov –Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
katta ilmiy xodimi
ADABIYOTLAR RO’YXATI
- Abu Said Abdulhasan ibn Zahhok ibn Mahmud Gardiziy. Zaynul axbor. – Tehron. 1909. 120 b.
- Martinez A.P. Gardizis Two Chapters on the Turks // Archivum Eurasiae Medii Aevi. 1982. T. II. P. 109-217.
- Saidov S. “Tarixi Gardiziy” asarining tarixiy qiymati. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences. – Toshkent, 2023. – B. 842-847.
- Бартолъд В.В. Извлечение из сочинения Гардизи “Зайн ал-ахбар”: Приложение к “Отчету о поездке в Среднюю Азию с научною целью. 1893-1894 г” // Бартольд В.В. Сочинения. Москва: 1973. Т. VIII. С. 23-62.
[1]Бартолъд В.В. Извлечение из сочинения Гардизи "Зайн ал-ахбар": Приложение к "Отчету о поездке в Среднюю Азию с научною целью. 1893-1894 г" // Бартольд В.В. Сочинения. М., 1973. Т. VIII.
[2] Бартолъд В.В. Извлечение из сочинения Гардизи "Зайн ал-ахбар": Приложение к "Отчету о поездке в Среднюю Азию с научною целью. 1893-1894 г" // Бартольд В.В. Сочинения. М., 1973. Т. VIII.
[3] Martinez A.P. Gardizis Two Chapters on the Turks // Archivum Eurasiae Medii Aevi. 1982. T. II. P. 109-217.
[4] Abu Said Abdulhasan ibn Zahhok ibn Mahmud Gardiziy. Zaynul axbor. – Tehron. 1909. - B.104.
Izoh qoldirish