16.05.2023

SANGARDAK – JANUB GAVHARI

Bugungi kunda mamlakatimizning eng janubiy viloyati hisoblangan Surxondaryo viloyati nafaqat o’zining arxeologik-tarixiy yodgorliklari bilan, balki takrorlanmas tabiati, so’lim va xushmanzara go’shalari bilan ham butun dunyoga mashhur. Surxondaryo viloyatining shimolida joylashgan Sariosiyo tumanidagi mana shunday diqqatga sazovor manzillardan biri Sangardak qishlog’idir. Ushbu tog’ qishlog’i bugungi kunda o’zining yoqimli va xushmanzara tabiati, ayniqsa dunyoga dong’i ketgan sharsharasi bilan mashhurdir. 

Surxondaryo viloyati markazi Termizdan  deyarli 200 km uzoqlikda joylashgan Sangardak qishlog‘i bugungi kunda nafaqat O’zbekistonda, balki butun dunyoda ham ma’lum va mashhur bo‘lgan maskanlardan biri hisoblanadi. Sangardak qishlog‘i o‘zining so‘lim va salqin tabiati, go‘zal manzarasi, sharqirab oquvchi zilol suvlari bilan bugungi kunda yurtimiz va xorijiy davlatlardan ko‘plab sayohatchilarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Ammo, ushbu hududda ziyoratchilarni o‘ziga jalb qiluvchi boshqa bir manzilgoh ham borki, bu Sangardakning “Turizm qishlog‘i” maqomini olishida asosiy turtki hisoblanadi. Ushbu tog‘li qishloqda O‘zbekiston ziyorat turizmining eng sayohatbop ob’yektlaridan biri hisoblangan Sangardak sharsharasi joylashgan. Sharsharalar azaldan diqqatga sazovor joylar bo‘lib kelgan, ular tabiatning moʻjizasi hisoblangan. Tabiatning noyob mo‘jizalaridan biri hisoblangan Sangardak sharsharasi hanuzgacha minglab odamlarni ushbu hududning go‘zalligi va butun Sariosiyo hududining ta’riflab bo‘lmaydigan jozibasidan bahramand bo‘lishga da’vat etmoqda.

“Sangardak” atamasi fors-tojik tilidan olingan bo‘lib, “sangi girdak” – “aylana tosh, yumaloq tosh” degan ma’noni bildiradi. Sangardak sharsharasi tabiatning barcha go‘zalligi va ulug‘vorligini o‘zida aks ettiruvchi xushmanzara joy bo‘lib, mazkur sharshara O‘zbekistonning eng baland sharsharalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Sharsharaning balandligi 60-80 metr balandlikkacha boradi. Bugungi kunda mahalliy aholi orasida ushbu sharshara bilan bog‘liq bir qancha afsonalar ham mavjud bo‘lib, bu ba’zan ushbu sharsharaning muqaddaslashtirilishiga ham sabab bo‘lgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, qadim-qadim zamonlardan ushbu sharsharani tomosha qilish uchun nafaqat Movarounnahrdan, balki boshqa o‘lkalardan ham amaldorlar, amir va amaldorlar tashrif buyurib turganlar. Bugungi kunda ham Sangardak sharsharasini tomosha qilish uchun Rossiya, Qozog’iston, Turkmaniston, Turkiya, Yaponiya, AQSH, Afg‘oniston, Tojikiston va boshqa davlatlardan sayyohlar tashrif buyurmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu maskanga keluvchi sayyohlarning kunlik soni bahor va yoz fasllarida 1000 nafardan oshadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ziyorat turizmiga qaratilayotgan e’tibor Sangardak qishlog‘ining, xususan maftunkor sharsharaning atrofi obod bo‘lishiga, tashrif buyuruvchilarning hordiq chiqarishlari uchun qulay shart-sharoitlarning yaratilishiga, yo‘llarning ravonlashishiga, bir-biridan ulug‘vor masjidlarning barpo etilishiga, bir so‘z bilan aytganda, butun infrastrukturaning zamonaviy ko‘rinish kasb etishiga sabab bo‘ldi. Bu esa ichki turizmning rivojlanishiga, mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi aholining ushbu tabiat mo’jizasi bag’rida munosib hordiq chiqarishlariga munosib hissa qo’shmoqda.

 

 

 

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Izoh qoldirish