24.05.2023

BUYUK TERMIZIYLAR HAQIDA BILASIZMI.

Soʻfi Ollohyor haqida 10 ta haqiqat.

1. Allomaning ismi-sharifi – U zotning ismi Ollohyor, otasining ismi esa Ollohqulidir. Soʻfi martabasi uning din yoʻlidagi eʼtiqod va xizmatlari uchun berilgan. 
2. Soʻfi Ollohyor qachon tugʻilgan —  1644-yilda (1630-1650-yillar oraligʻida) Samarqandning Kattaqoʻrgʻon bekligi Miyonkol mavzeiga qarashli Minglar qishlogʻida tavallud topgan.
3. Soʻfi Ollohyorning yoshlik yillari – Olti yoshida Qurʼoni Karim taʼlimini tugatadi. 12 yoshida Buxoroga borib, oʻsha paytda Buxoro amirligida katta obroʻ va mavqeʼga ega boʻlgan Joʻybor madrasasida oʻqishini davom ettiradi.
4. U zot kim edi – Naqshbandiya tariqatining yirik namoyondasi, turkiy tasavvuf adabiyotining mashhur vakillaridan biri, mutasavvif va zullisonayn (ikki tilda ijod qilgan) shoir, adib, faqih, yirik din peshvosi, alloma va davlat arbobidir. 
5. Allomaning faoliyati – Soʻfi Ollohyor madrasani imtiyozli tugatib, Buxoro xoni Abdulazizxonning eʼtiboriga tushadi. Madrasani aʼlo baholarga tugatgani sababli maqtov yorligʻi bilan mukofotlanadi va 25 yoshida xonlikning bojxona-soliq toʻraligi lavozimiga tayinlanadi. Oʻsha davrda bu katta amal edi.
6. Soʻfi Ollohyor ijodining asosiy bosh gʻoya va maqsadi – Turkiy, arab va fors tillarida ijod qilgan Soʻfi Ollohyor ijodining asosiy yoʻnalishi islom maʼrifatini keng xalq orasiga yoyish va tasavvufning insoniy kamolot bilan bogʻliq gʻoyalarini targʻib-tashviq qilishdan iborat
7. Farzandlari – Soʻfi Ollohyorning ikki oʻgʻil va ikki qizi boʻlgan. Oʻgʻillarining ismi Xoja Solih va Muhammad Sodiq, qizlarining ismi esa Bibi Amina va Bibi Oysha boʻlgan. 
8 Ustozlari – Soʻfi Ollohyor Xalifa Navroʻz Shahrisabziy va Hoji Muhammad Habibullohdan tariqat ilmidan, Xoʻja Moʻmin va Muhammad Gʻazniylardan esa fiqh ilmidan dars oladi.
9. Soʻfi Ollohyorning yozgan asarlari – Axloqiy-taʼlimiy ahamiyati jihatidan “Maslakul muttaqin” va “Sabotul ojizin” asarlari maktab va madrasalarda asosiy darsliklar qatorida oʻqitilib kelingan. 
10. Allomaning vafoti – 1724-yilda vafot etgan. Uning qabri Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Vaxshivor qishlogʻida joylashgan. Soʻfi Ollohyorning koʻplab avlodlari hozirda ushbu qishloqda yashaydilar.

Izoh qoldirish