05.06.2023

ALISHER NAVOIYNING “ARBAʼIN” ASARIDA “SUNANI TERMIZIY”DAGI HADISLAR TALQINI

Muhaddis bobokalonimiz Imom Iso Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuqori baholagan. Ulardan biri Imom Termiziyni “Hadis ilmida iqtido qilinadigan yagona olim” deb yozsa, boshqa biri esa uni “Birinchilardan boʻlib hadislarni sahih, hasan, zaifga taqsim qilganiga guvohlik beradi”. Ayniqsa, muhaddis olimning asarlaridagi ravonlik faqat ziyoli kishilar uchun emas, balki har bir inson tushunishi mumkin boʻlishiga sabab ekanini alohida taʼkidlash joiz. Buyuk ilm sohibi boʻlgan hamda yuksak eʼtirofga munosib koʻrilgan bobokalonimizning ibratli hayot yoʻllari va boy maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish biz yoshlar uchun ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Xususan, “Arbaʼin” asarida Navoiy hazratlari Imom Termiziy hadislarining ayrimlaridan mahorat bilan foydalangan va biz asarni oʻrganish jarayonida bevosita muhaddis asariga murojaat qilamiz.

4-hadis

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "خِصْلَتَانِ لَا يَجْتَمِعَانِ فِي مُؤْمِنٍ؛ الْبُخْلُ وَسُوءُ الْخُلُقِ". رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَالْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ.

Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat moʻminda jam boʻlmaydi: baxillik va badxulqlik”, dedilar”.

Moʻmin ersang qilib durringni nisor,

El bila ravshan oʻl nechukkim sham.

Negakim, Tengri hech moʻminda,

Buxlu badxoʻyliqni qilmadi jam [1, b, 2].

Hadis mazmunida faqat ikki xislat tilga olinadi: baxillik va yomon xulqlik. Toʻrtlikda Navoiy hadis mazmuniga mos badiiy vosita tanlaydi. Oʻzini musulmon deb atovchi kishi, xuddi shamdek, xalq manfaatlari yoʻlida nur sochmogʻi kerak. Zero, Tangri taolo ham kishilarda shu ikki xislatni mujassam qilgan emas. Hadisda baxillik va yomon xulqlik alohida koʻrsatiladi. Bunga sabab, agar kishida shu ikki xislat birgalikda boʻlsa, u maʼlum darajada insoniylik qiyofasidan chiqadi. Demak, hadis mazmuni kishining ana shu ikki xislatini tark etishga undaydi. Shuningdek, quyidagi hadis mazmuni “Sunani Termiziy” (3-juz, 511-bet. Abvabul bir va sila) da “Baxillik haqida”gi bobning 1962-hadisida (hukmi: zaif ) zikr etilgan.

6-hadis

عنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ لَمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ". رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim odamlarga shukr qilmasa, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmabdi”, dedilar”.

Ulki xoliqgʻa shukr der, avval

Shokir oʻlmoq kerak xaloyiqdin.

Kimki, maxluq shukrini demagay,

Demagay dagʻi shukr xoliqdin [1, b, 2].

Hayotiy dunyoda nimaiki mavjud boʻlsa, insonning rizq-roʻzi, sihat-salomatligi, baxt-saodati va zurriyoti uchun berilgandir. “Qurʼon” oyatlari va Muhammad alayhissalomning sunnatlaridan muxtasar xulosalar qilsak, yuqoridagi fikrimizga chuqur ishonch hosil qilamiz. Bu borada, “Qurʼon”da “Inson” surasi borligi ham inson mavqe bosh oʻrinda ekanligiga dalil.

إِنَّا هَدَيْنَاهُ السَّبِيلَ إِمَّا شَاكِرًا وَإِمَّا كَفُورًا

“Haqiqatda, biz uni (insonni) toʻgʻri yoʻlga boshqardik, u gohi shukr, gohi noshukurlik qiladi”, shuningdek, koʻplab boshqa oyatlarning mazmuni ham avvalo insonlar shukri-qadriga yetish lozimligini koʻrsatadi. Demak, har bir kishi yaratilgan narsalarning shukrini qilishi, neʼmatlarning qadriga yetishi lozim, har bir narsaning qadr-qimmatiga yetish insonning burchi, hattoki taom tanovuli, suv ichgandan keyin aytiladigan “Alhamdulillah”, yaʼni “Allohga shukr” iborasi tabiiy mavohib-neʼmatlarning qadrini anglash, uni olib kelgan va yetishtirgan kishilar mehnati hurmatiga, eʼzozlash uchun aytilgan madh soʻzidir. Demak, kishilar, avvalo bir-birlarining qadr-qimmatlariga yetishlari kerak. Kimki ushbu xislatdan mustasno boʻlsa, demak yaratganga ham shukr qilmagan boʻladi. Ushbu hadis talqini Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” kitobi 1955-hadisida, Imom Tabaroniyning “Al-Mujam ul-avsat” (4-juz) asari 51-hadisida, Haysamiyning “Majma uz-zavoid” (8-juz) kitobi 184-hadisida, Suyutiyning “Al-Jami us-sagʻir” asari 9009-hadisida, Imom Ahmadning “Musnadi Ahmad” (13-juz) kitobi 246-hadisida, Abu Dovudning “Sunani Abu Dovud” asari 4811-hadisida uchraydi.

8-hadis

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "أَلَا إِنَّ الدُّنْيَا مَلْعُونَةٌ مَلْعُونٌ مَا فِيهَا إِلَّا ذِكْرَ اللهِ". رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَالدَّارَمِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ogoh boʻlinglar! Albatta, dunyo malʼundir, undagi bor narsa malʼundir, faqat Allohning zikri mustasno”, deyayotganlarini eshitdim”.

Dunyovu har ne andadur mavjud

Boʻldi  haq laʼnati giriftori.

Gʻayri haq zikrikim, erur zokir

Tengrining rahmati sazovori [1, b, 3].

Bu hadisni Termiziy, Ibn Moja, Dorimiylar rivoyat qilgan. Muallif bu yerda hadisning qisqaroq shaklini tanlagan. Aslida hadisning toʻliq shakli quyidagicha: “Ogoh boʻlinglar! Albatta, dunyo malʼundir, undagi bor narsa malʼundir, faqat Allohning zikri va unga yaqin boʻlgan narsalar hamda olim va tolibi ilm mustasno”. 

Bayhaqiyning rivoyatida “Allohning zikri va unga olib boradigan narsalar mustasno”, deyilgan boʻlsa, Abu Shaybaning rivoyatida “Yaxshilikni oʻrganuvchi va oʻrgatuvchi mustasno”, deyilgan. Bazzorning rivoyatida esa “Yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish mustasno”, degan jumla qoʻshimcha qilingan. Yaʼnikim, bu dunyodagi koʻp narsalar oʻtkinchi, ularga mehr qoʻyish ham nomunosib ishdir. Alloh zikridan boʻlak bu dunyodagi har narsa laʼnatlangan. Zeroki, taʼlim oluvchilar hamda olimlar buyuk kishilar sifatida bundan mustasno qilingan. Quyidagi hadis mazmuni Termiziyning “Sunani Termiziy” (4-juz, 151-bet. Abvab uz-zuhd)da “Rasulimiz alayhissalomning zuhdlari” bobida 2322-hadisda (hukmi: hasan hadis), “Sunani ibn Moja” (5-juz, 558-bet. Zuhd kitobi) da “Dunyo misoli” bobi 4112-hadisda (hukmi: hasan hadis), “Sunani Dorimiyʼ (1-juz, 350-bet. Muqaddima)da “Ilm va olimning fazli bobida” 331-hadisda ( hukmi: hasan hadis) ham oʻz ifodasini topgan.

9-hadis

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لُعِنَ عَبْدُ الدِّينَارِ لُعِنَ عَبْدُ الدِّرْهَمِ". رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dinorning quliga laʼnat boʻlsin! Dirhamning quliga laʼnat boʻlsin!” dedilar”.

Rahmat ozodagʻaki ul olmas

Dinoru dirhamin jave qoʻlga.

Lek laʼnat angaki qul boʻlgʻay:

Xoh dinoru xoh dirhamgʻa [1, b, 3].

Maʼlumki, dinor va dirham - arab pul birliklari. Hadisning asosiy maqsadi boylikka, mol-dunyo orttirishga mukkasidan ketuvchi xasis, baxil, sudxoʻr va poraxoʻr kishilar Tangri taoloning laʼnatiga giriftor boʻlishi muqarrarligini koʻrsatishdan iborat. Darhaqiqat, mol-dunyoga hirs qoʻygan, mukkasidan ketgan kishilarning oxirati qanday boʻlishi maʼlum. Ularning toʻplagan mol-dunyosidan na xalqqa, na oʻz ahli baytlariga foyda bor. Bunday kishilar oʻz qadriyatlariga, sihat-salomatligiga ziyon qiladilar, bola-chaqalari va zurriyotlariga katta zarar keltiradilar. Ular aslo-aslo huzur-halovat, osoyishtalik, xotirjamlik nima ekanligini tasavvur qila olmaydilar. Lekin oxiratda mol-dunyo foyda berarmikin? Hadis mazmunidan har qanday boy-badavlat kishi tangrining laʼnatiga duchor boʻlar ekan, degan xulosa chiqarmaslik kerak, chunki umr boʻyi halol va pokiza mehnat ilinjida orttirilgan boylik albatta, halol hisoblanadi. Hadisda esa, faqat yuqorida aytganimizdek, mol-dunyo, boylikka harom yoʻllar bilan erishuvchi kishi laʼnatlanadi. Darvoqe, boshqa bir hadisda xuddi shunday kishilarga taʼrif beriladi: “Kimki nafs xohishi bilan dunyoni mukkasidan ketib egallasa, qiyomat kunida doʻzaxdan boshqa narsaga erishmaydi”. Lekin ming afsuski, bunday kishilar jamiyatimizda istagancha topiladi. “Menga pul va yaxshi taom boʻlsa yetarli” deyuvchilar juda ham koʻp. Axir dunyoda bundan ham muazzamroq, ulugʻ ishlar koʻp-ku! Hadis yashash mohiyatini mol-dunyodan iborat deb bilgan kimsalarga muxtasar javobdir. Ushbu baytlarda mazmuni ifodalangan hadis bir necha manbalarda zikr etilgan. Jumladan, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asari (4-juz, 185-bet. Abvab uz-zuhd) 2375-hadisida (hukmi: zaif hadis), Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari 2887-hadisida, Imom Zahabiyning “Siyari Aʼlomun nubalo” (8-jild) kitobi 301-hadisida, Suyutiyning “Al-Jomi us-sagʻir” asari 7266-hadisida qayd etilgan.

13-hadis

عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "الْمَجَالِسُ بِالْأَمَانَةِ". رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Majlislar omonatdorlikdir”, dedilar”.

Qaysi  majlisdakim eshitsang soʻz,

Bilgil  ul soʻz sanga omonatdur.

Gar ani oʻzga yerda  naql etsang,

Ul amonatgʻa bu xiyonatdur [1, b, 3].

  Hazrat Navoiy bu yerda ham oʻz odatiga koʻra uzun bir hadisning maʼlum qismini keltirgan. Hadisning toʻliq shakli quyidagicha: “Majlislar omonatdorlikdir. Faqat uchta majlis mustasno: harom qon toʻkish yoki harom farj yoxud nohaq mol oʻzlashtirish”. Demak, nohaq qon toʻkish, zino va oʻgʻrilik kabi jinoyatlarga guvoh boʻlgan kishi koʻrganini omonat deb bilib yashirib yurmasligi kerak, balki uni kerakli kishilarga yetkazishi lozim. Hadis va Navoiy toʻrtligi mazmunidan shu maʼno kelib chiqadi: Biror majlis va kengashda ishtirok qilib, eshitgan har soʻz va fikrni boshqalarga yolgʻon qoʻshib, boʻrttirib yetkazish omonatga xiyonat qilish bilan barobar, zero oʻsha majlisda aytilgan har bir soʻz eshituvchiga omonatdir. Ulugʻ Navoiyning har bir asarida bu xususida fikrlar mavjud. “Befoyda soʻzni koʻp aytma, foydali soʻzni koʻp eshitishdan qaytma”, “Oz degan - oz yanglishar” kabi hikmatli soʻzlari ham hadis mazmunini teranroq anglashga xizmat qiladi. Hadis, avvalo majlis va kengashlarda eshitilgan soʻz va xabarlarni omonatda saqlashni yoki toʻgʻri, buzmasdan, qoʻshmasdan yetkazishni taʼkidlaydi va shunga daʼvat qiladi. Bu hadis “Sunani Termiziy” (3-juz, 509-bet.) da “Majlislar omonatdir” bobida 2322-hadis, “Sunani Abu Dovud” (5-juz, 121-bet. Odob kitobi) da “Gap koʻtarish yurish” bobida 4869-hadis, “Musnadi Ahmad” (23-juz, 45-bet. Musnadi Jobir ibn Abdullo) da 14693-hadis,  “Musnadi Ahmad” (23-juz,105-bet. Musnadi Jobir ibn Abdullo) da 14792-hadis, “Musnadi Ahmad” (23-juz, 297-bet. Musnadi Jobir ibn Abdullo) da 15062-hadisda ham zikr etilgan.

 

14-hadis

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "الْمُسْتَشَارُ مُؤْتَمَنٌ". رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ وَالْحَاكِمُ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Maslahat soʻralgan kishi ishonilgan odamdir”, dedilar”. 

Har kishikim birovni mahram etib,

Mashvaratda amini roz etti,

Gar yoshurdi bilib saloh soʻzin,

Oʻzini qalbu hiylasoz etti [1, b, 4].

Termiziy, Nasoiy, Hokimlar rivoyat qilgan.

Imom Buxoriy “Adabul-mufrad”da ushbu hadisning nomiga bir bob ochib, unda quyidagi rivoyatni keltirgan: “Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimdan bir musulmon birodari maslahat soʻraganda unga notoʻgʻri yoʻl koʻrsatsa, unga xiyonat qilibdi”, dedilar”.

Matndagi al-mustashor-maslahatchi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi, muʼtaman-ishonchli, ishonilgan shaxs demakdir. Albatta, har bir xalq yoki qavmning boshliqlari, rahbar va oqsoqollari boʻladi. Ular xalq bilan birgalikda katta-kichik ishda maslahatchi boʻlishlari tabiiy. Bu shaxslar xalq, odamlar orasida oʻz obroʻ-eʼtibori, ishonchga sazovor ekanliklari bilan ajralib turadilar. Chunki xalqning turmushi, yashash sharoitlari, umuman, baxt-saodati koʻp holda maslahatchiga aloqadordir. Yaxshi, toʻgʻri maslahat beruvchi kishilar kam. Nega deganda, hamma ham shunday xalq eʼtibori va hurmatiga sazovor boʻla olmaydi. Yaxshi maslahatchi, maʼlum maʼnoda eng yaxshi inson, boshqalarning yaxshi-yomon, issiq-sovuq kunlarida ular bilan birga boʻluvchi, toʻgʻri yoʻl eshiklarini ochuvchi kishilardir. “Qurʼon”dagi “Oli-Imron” surasi 159-oyatida :

وَشَاوِرْهُمْ فِي الأَمْرِ

“Ishlaringizda ularga maslahat soling” oyati har qanday ish maslahat orqali amalga oshsa, mustahkam boʻladi, yoki “maslahatli toʻy tarqamas” iboralarini toʻla mustahkamlaydi. Islom tarixidan maʼlumki, Muhammad paygʻambar nafaqat erlar, balki ayollar yigʻinida ham ishtirok qilgan, ularning fikr va mulohazalarini eshitgan, sahih maslahatlar berib, ularning ishonchlarini toʻla  qozongan. Hadis har ishni maslahat asosida oshirish kerak, degan gʻoyani ilgari sursa-da, maslahatni faqat ishonchli kishilar, aqli zukko, koʻpni koʻrgan va eshitgan kishilar bilan kelishishni, maslahat zimmasida katta omonat, masʼuliyat turganligini taʼkidlaydi. Ushbu hadis mazmuni “Sunani Termiziy” (4-juz, 180-bet. Abvab uz-zuhd)ning 2369-hadisida (hukmi: sahih hadis), “Sunani Abu Dovud” (5-juz, 217-hadis. Kitab ul-adab) ning 217-hadisida (hukmi: sahih hadis), “Sunani ibn Moja” (5-juz, 305-bet. Kitab ul-adab)ning 3745-hadisida (hukmi: sahih) berilgan.

 

30-hadis

عنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مِنْ حُسْنِ إِسْلَامِ الْمَرْءِ تَرْكُهُ مَا لَا يَعْنِيهِ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi musulmonchiligining goʻzalliklaridan biri - behuda narsalarni tark etishidir”, dedilar”.

Kimki islom koʻzgusida tilar

Har zamon oʻzga bir safo mavjud,

Kechsun ul nav barcha ishidinkim,

Tengri rozi emas, ulus xushnud [1, b, 6].

Imon haqida hadis kitoblarining birida shunday bitilgan: “Imon nima, - degan savolga Muhammad alayhissalom aytdilar: Imon Alloh taologa, uning maloikalariga, kitoblariga, paygʻambarlariga, oxirat kuniga, taqdirning yaxshi-yomonligiga mutlaqo ishonish demakdir”. Shunday ekan imonning pokligi salomatligi va goʻzalligi komil moʻmin-musulmon boʻlishga kifoya qiladi. Hadis mazmuni va Navoiy toʻrtligidan anglash mumkinki, kishi oʻziga aloqador boʻlmagan ishlarga aralashsa, uning imoniga putur yetadi. Negaki, shunday ishlar oqibatida turli xil nizolar, koʻngil xiraliklar chiqishi muqarrar. “Yetmish yillik ibodat bir behayolik natijasida barbod boʻladi”, deyiladi bir kitobda. Qurʼoni karimning juda koʻp oyatlari, Muhammad paygʻambarning hadislari, avvalo imon pok boʻlishiga, xususan oʻziga aloqador boʻlmagan ishlarga qoʻl urmaslik, koʻpsoʻzlik, vaysaqilik kabi kasalliklardan saqlanishga daʼvat qiladi. Qurʼoni karimning Moʻminun surasi 3-oyatiga diqqat qilaylik:

وَالَّذِينَ هُمْ عَنِ اللَّغْوِ مُعْرِضُونَ

“Moʻminlar koʻp gapirishga eʼtirozli boʻladilar”, yaʼni moʻmin kishining fazilatlaridan biri koʻp gapirish, laqmalik, vaysaqilik yoki oʻziga tegishli boʻlmagan soʻzlardan voz kechishida koʻzga tashlanadi. Hadis kishilarni avvalo imon pokligiga daʼvat qiladi, oʻziga aloqador boʻlmagan har qanday ishdan voz kechishni taklif qiladi. Yuqoridagi bayt mazmuni “Sunani Termiziy” (4-juz, 148-bet. Zuhd kitobi) ning 2317-hadisida (hukmi: sahih), “Sunani ibn Moja” (5-juz, 461-bet. Kitob ul-fitan) ning 3976-hadisida (hukmi: sahih) berilgan.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, “Arbaʼin” singari axloqiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan asarlarni mutolaa qilish, Termiziy singari ulugʻ insonlar  hadislaridan bahramand boʻlish va unga amal qilish bugungi kun yoshlari uchun  har tomonlama maʼnaviy zaruratdir. Hazrat Navoiy ham shuni anglab oʻz davri maʼnaviyati rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan. Chunki mazkur asar komil inson tarbiyasi uchun beminnat xizmat qilishi, shubhasizdir.

 

Mansur Jambilov Rasuljonovich 

Mir Arab oliy madrasasi oʼqituvchisi, 

 

Manba: Termiziy ulamolarning islom tamadduni va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo’shgan hissasi mavzusida bo’lib o’tgan xalqaro ilmiy onlayn-konferensiya maqolalari toʻplamidan
 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Alisher Navoiy. Arbaʼin. Nashrga tayyorlovchi Suyima Gʻaniyeva. – T.: Fan, 2000.

2. Abul Hasan Muslim ibn al-Hajjoj. Sahihi Muslim. Doru Toyyiba. – Riyoz, 2008.

3. Abu Iso at-Termiziy. Sunan at-Termiziy. Doru kutubul-ilmiyya. – Bayrut, 2008.

4. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Al-Adab al-Mufrad. – Riyoz: Maktabat ul-Maorif, 2011.

5. Muhammad ibn Abdurrahmon ibn Abdurrohim Muborakfuriy. Tuhfat ul-Ahvaziy sharhi Jome ut-Termiziy. – Bayrut: Dorul-Kutubul ilmiyya, 2008.

6. Muhammad Shamsul-Haq Al-Azim Obodiy. Avnul-Maʼbud ala sharhi Sunani Abu Dovud. – Bayrut: Dor ibn Hazm, 2010.

7. Nuriddin Mulla Ali ibn Sulton Muhammad al-Harviy Al-Qori. Mirqot al-mafaatih Sharhi Mishkat al-Masobih. – Bayrut: Dorul-Fikr, 2002.

 

Izoh qoldirish