12.06.2023

SABR VA SHUKRNING FAZILATI

Darhaqiqat, Alloh taolo inson zotini aziz va mukarram qilib yaratdi, unga bu dunyoda barcha noz-ne’matlarni, yaxshiliklarni in’om etdi. Bandaning asosiy vazifasi Alloh taolo tomonidan berilgan ushbu bebaho ne’matlarga shukrona keltirish, barchasi Allohdan ekanligini e’tirof etish, Allohga qalban muhabbat qo’yish hamda ushbu ne’matlarni dinimiz ruxsat bergan halol narsalarga sarflashdan iboratdir.

“Shukr” so’zi lug’atda “minnatdorchilik bildirmoq”, “maqtamoq” degan ma’nolarni bildiradi. Qur’oni karimda, hadisi shariflarda, islom allomalarining bebaho asarlarida shukr fazilatiga ko’plab ta’rif va tavsiflar berilgan. Jumladan, Qur’oni karimning Baqara surasi 172-oyatida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo’lsangiz, sizlarga biz rizq qilib bergan pokiza narsalarni yeb, unga shukr qilingiz”. 

Ibrohim surasi 7-oyatida esa Alloh taolo: “Qaramki, agar sizlar (Mening bergan ne’matlarimga) shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman”, – deb marhamat qiladi. Ushbu oyati karimadan ham anglash mumkinki, shukronalik fazilati ne’matlarni ziyoda qiluvchi fazilatlardandir. Banda qanchalik shukronalik keltirishda bardavom bo’lsa, Alloh taolo ham bu ne’matlarni ziyoda qilishda bardavom bo’ladi. Ali ibn Abu Tolib r.a. aytganlaridek: “Ne’mat shukrga, shukr ziyodalikka bog’langandir”. Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasalllamning bir hadislarida “Banda qanchalik shukr qiluvchi bo’lsa, bu uning o’zi uchun yaxshi, banda qanchalik sabr qiluvchi bo’lsa, bu ham uning o’zi uchun yaxshi", – deyilgan. Shuningdek, Payg’ambarimiz “Kim oziga shukr qilmasa, ko’piga ham shukr qilmabdi”, – deydilar.

Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asarida shukr fazilati bir rivoyat vositasida go’zal tarzda ta’riflangan. Bir musofir yo’lda ketar ekan, oyoq kiyimining nihoyatda eskirib ketganligidan “shunday ham nochor bo’lamanmi”, – deb nolib ketarkan. Shahar darvozasiga yetganda, darvoza oldida nochor ahvoldagi bir tilanchiga ko’zi tushadi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, tilanchining ikkala oyog’i ham yo’q edi. Shunda musofir odam sihat-salomatligi uchun, sog’lom oyoqlar bergani uchun Alloh taologa shukronalik keltiribdi.

Shukronalik fazilati mehr-oqibat, qanoat, sabr-toqat kabi fazilatlar bilan chambarchas bog’liq bo’lib, ushbu xislatlar bir-birini taqozo etib turadi. Mo’min banda shukronalik orqali iymonini mustahkamlaydi, dunyo va oxirat saodatiga erishadi. Shukronalik fazilatining mustahkam bo’lishida sabrning ham o’rni beqiyosdir. Alloh taolo Qur’oni karimning Anfol surasi 46-oyatida: “Sabrli bo’ling, albatta Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir”, – deb marhamat qiladi. Inson hayoti turli-tuman qiyinchiliklar, notekisliklar bilan to’la bo’lib, bunday vaziyatlarda Alloh taoloning “Biron musibat kelganda: “Albatta biz Allohnikimiz va albatta unga qaytguvchimiz, deydigan sobirlarga xushxabar bering”, – degan oyati karimasiga rioya qilish haqiqiy sobirlarga xos bo’lgan xislatdir. Rasululloh aytganlaridek: “Hech kimga sabrdan yaxshiroq va ulkanroq ne’mat berilmagan”.

Alloh taolo yurtimizga o’zining bebaho ne’matlarini to’kin-sochin qilib bergan. Ushbu ne’matlar ichida tinchlik, barqarorlik ne’mati eng aziz ne’matlardan ekanligi shubhasiz. Tinchlik orqali ilm-fan, madaniyat, san’at, me’morchilik rivoj topadi, diniy-ma’rifiy soha taraqqiyotga yuz tutadi, diniy bag’rikenglik g’oyasi yuksaladi.  Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, barcha ilmiy yuksalishlar, Sharqda va Gʻarbda yuz bergan Uyg‘onish davrlarining asosida tinchlik omili turganligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, IX-XII asrlardagi birinchi Sharq  Renessansi, Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan sohasidagi taraqqiyotga mamlakatda o‘rnatilgan osoyishtalik asos bo‘lib xizmat qildi. Ushbu ne’matning qadrlanmasligi, asrab-avaylanmasligi natijasida esa jamiyatlar, qudratli saltanatlar tanazzulga yuz tutgan, ming-minglab insonlarning hayoti barbod bo‘lgan. 

Allohning kalomi – Qur’oni karimda tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, unga shukronalik keltirish borasida Yaratuvchi shunday deb marhamat qiladi: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur” (Isro surasi 83-oyat.).  

Yuqorida zikr qilingan oyatlar, hadisi shariflar va buyuk allomalarning hikmatlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, Allohning o’z bandalariga ato etgan tinchlik, barqarorlik va boshqa moddiy-ma’naviy ne’matlariga shukronalik keltirish, musibatli onlarda esa sabrli bo’lish mo’min kishining asosiy fazilatlaridandir.

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro imiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Izoh qoldirish