BUXOROLIK FALAKIYOTSHUNOS
Insoniyat oʻtmishiga nazar tashlasak, ijtimoiy ziddiyatlar, keskinliklar taraqqiyotga salbiy taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, oʻzaro savdo va madaniy aloqalar almashinuvi, ilm-fanga berilgan eʼtibor esa rivojlanishga katta hissa qoʻshgan. Yurtimiz hududida qadimdan ilm-fanga alohida eʼtibor qaratilishi natijasida nafaqat yurtimiz, balki butun insoniyat ilmiy taraqqiyotining yuksalishida muhim ahamiyatga ega boʻlgan Uygʻonish davri madaniyati jarayoni yuzaga kelganini koʻrishimiz mumkin.
Markaziy Osiyo – Sharq renessansining markaziy drayveri hisoblangan. Dunyoviy ilmlarga intilish, madaniy boyliklardan foydalanishga boʻlgan ulkan qiziqish Sharq Uygʻonish davri madaniyatining asosiy belgilari sifatida namoyon boʻladi. Bundan tashqari, diniy tasavvur va taʼlimotlar negizida diniy-axloqiy mavzuning ustunligi, inson xulqi, ichki maʼnaviy kamoloti, shaxs sifatida yuksalishi, komillik sari intilish yoʻllarining rivojlanishi kabi omillar ham Uygʻonish davri madaniyatining ajralmas qismidir.
Sharq Uygʻonish davrida dunyoviy ilmlar taraqqiyotida falakiyot alohida oʻrin tutib, aynan mazkur davr zamonaviy falakiyot fanining rivojiga tagzamin boʻldi. Bizning yurtdoshlarimizning mazkur sohada olib borgan ilmiy tadqiqotlari Uygʻonish davrining gultojiga aylandi. Ayniqsa, falakiyot sohasida vatandoshimiz Shams Munajjim Muhammad ibn Ali Vabkanaviy(1254-1320)ning ilmiy xizmatlarini oʻsha davrning olimlari alohida eʼtirof etishgan.
Shams Munajjim Muhammad ibn Ali Vabkanaviy Buxoro viloyatining Vobkent tumanida tavallud topganligi haqida manbalarda maʼlumotlar berilgan. Allomaning astronomiya sohasida olib borgan tadqiqotlar natijasi, uning “Ziyjul muhaqqaqis sultoniy ʼala usulir rasadil Elxoniy” hamda “Kitobi maʼrifati usturlobi shimali” asarlari bizgacha yetib kelgan boʻlib, nomlanishi arabcha boʻlsa-da, fors tilida tadqiqotlar bayon qilingan[1]. Mazkur asarlarda olimning oʻz davridagi eng mashhur Marogʻa rasadxonasida 40 yil davomida olib borgan kuzatishlari natijasi oʻz aksini topgan. Mazkur rasadxona Eronning shimoliy-gʻarbida joylashgan boʻlib, 1258 yilda Elxoniylardan boʻlgan Xulaguxon tomonidan barpo etilgan. Shuningdek, olim Sulton Mahmud Gʻozon (Qozon)xon (1294-1304) buyrugʻi bilan saljuqiy Malikshoh taqvimini isloh qilishda hamda Tabrizdagi rasadxona qurilishida ishtirok etadi. Shundan kelib chiqib, tadqiqot va kuzatishlarini Tabriz rasadxonasida ham faoliyat olib borganligi ehtimoldan yiroq emas.
Olimning “Ziyjul muhaqqaqis sultoniy ʼala usulir rasadil Elxoniy” asari oʻz davrining eng mukammal “Zij”laridan sanalib, Marogʻa rasadxonasida yaratilgan mukammal ikki “Zij”ning biridir. Asarning toʻrt qoʻlyozma nusxasi bizgacha yetib kelgan. Masalan: Eronning "Majlisi Shoʻroi Milliy" kutubxonasida 11477/78838 raqami ostida saqlanyapti. Shuningdek, eng toʻliqrogʻi Istambulning “Ayo-Sofiya” kutubxonasida saqlanadi. Mazkur asarni yozishni Vabkanaviy Oljeyti Xon (moʻgʻulcha “Oljeyti”- Xudoning quli) (1304-1316) hukmronligi davrida boshlab, Abu Sadidxonga (1316-1335) hukmronligi davrida yakunlab, unga bagʻishladi. Asar beshta risoladan (maqola) iborat boʻlib, ular astronomiyaning barcha standart mavzulariga, xususan xronologiya, sayyoralarning joylashuvi va quyosh, oy tutilishi, astronomiya va vaqtga bagʻishlangan.
Asar bugungi kunda chuqur oʻrganilmagan boʻlib, ayrim qismlari tadqiq qilingan. Asarning kirish qismida bizgacha yetib kelmagan, manbalarda qayd etilmagan nomaʼlum va mashhur boʻlmagan Zijlar haqida fikr yuritilgan. Xususan, 6 ta al-Faxxad Zijlarini qayd etish mumkin.
“Zij”ning xronologiya qismida 1302 yilda Sulton Mahmud Gʻozon (Qozon)xon buyrugʻiga koʻra amalga oshirilgan Saljuqiy Malikshoh taqvimini(1079 yilda qabul qilingan) isloh qilish, mazkur islohot natijasida yil boshining aniq muddati belgilanganligi va oylar turkiycha nomlarga oʻzgartirilgan haqida bayon etilgan. Shuningdek, moʻgʻullar tomonidan Eronga kiritilgan xitoy-uygʻur taqvimi haqida keng sharh va tushuntirishlar beradi [2].
Asarda boshqa “Zijlarda berilgan sayyoralar oʻlchovlari qisqacha tahlil qilingan. Uning sayyoralar oʻlchovlari borasidagi jadvallarining natijalari zamonaviy samo jadvallariga mos keladi. Jadvallarda keltirilgan natijalarning toʻgʻriligi, allomaning 1270-1320 yillardagi olib borgan fazoviy kuzatishlarining mevasi deb eʼtirof etiladi [3].
Allomaning “Kitobi maʼrifati usturlobi shimoli” deb nomlangan ikkinchi asari astrolyabiya uskunasiga bagʻishlangan boʻlib, asar fors tilida yozilgan, Istambulda Toʻpqopi saroyi muzeyida qoʻlyozmasi saqlanadi. Asar ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismida astrolyabiya uskunasining tarkibiy qismlari bayon qilingan boʻlsa, ikkinchi qismida u bilan bajariladigan jarayonlar bayon etilgan. Shuningdek, olimning Qohirada quyosh va oy botishi vaqtining farqi bayon etilgan asarining arabcha parchasi saqlanib qolgan.
Sharq ilm-fani rivojida ajdodlarimizning oʻrni alohida ekanligini mazkur olim faoliyati yana bir isbotlamoqda. Olimning boy ilmiy merosi hali toʻla tadqiq qilinmagan, oʻzining ilmiy bahosini kutmoqda.
Feruz Murtazoyevich Bafoev
siyosiy fanlar nomzodi,
dotsent Buxoro muhandislik-texnologiya instituti
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Dalen, Benno van, E. S. Kennedy, and Mustafa K. Saiyid (1997). “The Chinese‐Uighur Calendar in Ṭūsīʼs Zīji Īlkhānī.” Zeitschrift für Geschichte der arabisch–islamischen Wissenschaften 11: 111–152.
- Kennedy, E. S. (1956). “A Survey of Islamic Astronomical Tables.” Transactions of the American Philosophical Society, n.s., 46, pt. 2: 123–177, esp. p. 130. (Reprint, Philadelphia: American Philosophical Society, 1989.)
- Sayılı, Aydın (1960). The Observatory in Islam. Ankara: Turkish Historical Society.
Izoh qoldirish