16.06.2023

XALQARO HAMKORLIK YOʻLIDA YANA BIR QADAM

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori v.v.b., tarix fanlari boʻyicha (PhD) falsafa doktori  Muzaffarxon Joniyev va Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, professor Fariza Binti Sham hamda institut direktori oʻrinbosari, dotsent Muhammad Al-Adib bin Samuri va tadqiqotchi Norshariani Binti Abdurahmon oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzaro samimiy ruhda kechgan onlayn suhbat davomida  Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati haqida maʼlumot berildi.  
Suhbat chogʻida ikki tomonlama ilmiy manfaatga asoslangan hamkorlik istiqbollariga oid qator fikr-mulohazalar bildirildi va qisqa fursatlarda Anglashuv memorandumi loyihasini tayyorlash boʻyicha muzokaralar oʻtkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Movarounnahr zamini azaldan ilm beshigi boʻlgani barchaga maʼlum. Ayniqsa, Samarqand, Nasaf, Buxoro, Termiz va Margʻilon kabi shaharlardan yetishib chiqqan allomalarimiz oʻzining zalvorli ilmiy merosi bilan butun dunyoga shuhrat qozongan. Dunyoning turli kutubxonalarida Samarqandiylar, Nasafilar, Buxoriylar, Termiziylar va margʻiloniylar nisbasi bilan ijod qilgan buyuk siymolarimizning maʼnaviy merosi haligacha saqlanib kelinayotgani quvonarli hol. Bugungi globallashuv zamonida ulugʻ ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosi barcha xalqlar uchun muhim tarbiya manbasi sanaladi. Shu nuqtayi nazardan ajdodlarimiz merosini jahon tillariga tarjima qilish, ilmiy akademik nashrlarini tayyorlash, hanafiy mazhabi va Moturudiy aqidasiga muvofiq sharhlarini nashr etish dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. 
Bu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, Imom Termizi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mazkur sohalarda ilmiy-amaliy ishlarni jadallik bilan amalga oshirib kelmoqda. 
Jumladan, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “Sunan Termiziyning koʻp jildlik sharhi”, Hakim Termiziyning Qurʼon tafsiriga bagʻishlangan “Kitab fiyhi tafsiru surotil Fatiha va ayatin min surotil Baqara” qoʻlyozma tafsiri tahqiqi, “Buyuk termiziylar” rukni ostida tayyorlangan 20 ta xalqchil risolalar va boshqa kitoblar haqida maʼlumot berib oʻtildi. 
Muloqot davomida mazkur yoʻnalishdagi uzviy hamkorlik amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
 

Izoh qoldirish