Qurbonlik qilishning mohiyati
Lugʻatda “yaqinlik”, Allohga yaqinlashishga vasila boʻlgan ish maʼnolarini anglatuvchi qurbonlik, diniy atama sifatida maʼlum shartlarga toʻgʻri keladigan hayvonni tartib asosida, ibodat qilish maqsadida soʻyishlikka tushuniladi (Ibn Obidin, Raddu-l-muhtor, IX, 452). Qurbon hayitida soʻyiladigan qurbonlikka “udhiyya”, hajda soʻyiladigan qurbonlikka esa “hady” deyiladi.
Aqli sogʻlom, ozod, moliyaviy va diniy mezonlarga koʻra boy hisoblangan moʻmin nafaqat ilohiy rizolik uchun qurbonligini soʻyish bilan Alloh taologa yaqinlashadi, balki moddiy ahvoli yetarli emasligi sababli qurbonlik qila olmaydiganlarga ham yordam beradi (Sarahsiy, al-Mabsut, XII, 8; Ibn Nujaym, al-Bahr, VIII, 197). Bunday ibodatning ruhida Allohga yaqinlik, xalqqa fidoyilik tushunchasi mavjud boʻladi. Qurbonlik ibodati musulmonning Alloh yoʻlida butun borligʻini bagʻishlashga tayyor ekanligini bildiradigan ibodatdir.
Ahli sunna mazhablarining koʻpchiligiga koʻra, qurbonlik qilish sunnatdir (Ibn Rushd, Bidoya, I, 429). Hanafiy mazhabida qurbonlikni ado qilish vojib amal hisoblanadi (Margʻinoniy, al-Hidoya, VII, 146). Qurbonlik musulmonlar jamiyatining oʻziga xos timsoli va shiori hisoblangan marosimlardan biri sifatida, asrlar davomida xalqimizning diniy hayotida muhim oʻrin tutib kelmoqda.
Saʼdulla Boboxodjayev — Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xalqaro aloqalar va ziyorat-turizmini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi
Izoh qoldirish