YANGI DINIY-MAʼRIFIY KITOB NASHR ETILDI!
“Mishkot al-masobih sharhi” (birinchi jild)
Hadis ilmiga oid yana bir moʻtabar manbaning ilmiy-izohli tarjimasi va sharhi “Mishkot al-Masobih sharhi”ning (birinchi jildi) “Hilol nashr” nashriyotida nashr qilindi. Mazkur hadis kitobi asrlar boʻyi yurtimiz madrasalarida hadis fanidan eng asosiy oʻquv qoʻllanmalaridan biri hisoblangan.
Ushbu asar nafaqat qadim Movarounnahr madrasalarida, balki Usmoniylar saltanati hududlarida ham, Hindiston-Pokiston oʻlkalarida ham hadis fanidan darslik boʻlib xizmat qilib kelgan. Uni oʻqigan talabalarni “Mishkotxon” deb ehtirom qilib kelingan va ularga ushbu asarni ustoz huzurida oʻqib chiqqanligi toʻgʻrisida oʻziga xos ijoza – shahodatnoma berilgan. Tarixchilar ushbu asarni XVI asrdayoq Buxoro madrasalarida oʻqitilganini aniqlaganlar. Demak, bugungi kun avlodi jonajon yurtimiz tarixidagi, vatanimiz oliy oʻquv yurtlarida qariyb besh yuz yil darslik boʻlib kelgan asar bilan tanishishga haqlidirlar.
Bu moʻtabar kitob taniqli muhaddis olim Valiyuddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh Xatib at-Tabriziy (vaf. 741 h./1340 m.) rahmatullohi alayh qalamiga mansub boʻlib, “Mishkot al-Masobih” (“Chiroqlar tokchasi”) deb nomlanadi. U bilan muallif sevimli Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning muborak hadislarini buyuk qalblaridan taralishiga ishora qilganlar. Yoki hadisi shariflarni chiroqqa, oʻz kitobini esa chiroqlar qoʻyiladigan tokchaga oʻxshatganlar. Shuningdek, asar nomi oʻz manbasi va asosi boʻlmish “al-Masobih” kitobiga ham ishora qiladi. U esa Muhyissunna Husayn al-Bagʻaviy (436-510 h./1044-1117 m.) rahmatullohi alayh qalamiga mansub boʻlib, unda toʻrt ming atrofida hadislar boʻlgan. Valiyuddin at-Tabriziy rahimahulloh esa uni qayta ishlab, hadislar sonini qariyb olti mingga yetkazib, mukammal holatga keltirgan.
Asrlar davomida “Mishkot al-Masobih” va uning asli boʻlmish “al-Masobih”ga oʻnlab sharhlar bitilgan. “Mishkot al-Masobih”ga ilk sharh muallifning oʻz ustozi Sharafuddin at-Tiybiy (vaf. 743 h./1342 m.) rahmatullohi alayh tomonidan bitilgan. Ushbu asarning bir qancha sharhlari bor boʻlib, bizning yurtlarda mashhur boʻlgan sharhlarini esa ikki nafar hanafiy muhaddis olimlari yozishgan. Ulardan biri Mavlono Ali al-qori (vaf. 1014 h./1606 m.) rahimahulloh tomonidan bitilgan “Mirqot al-Mafotih” nomli sharhi, ikkinchisi esa Abdulhaq Buxoriy Dehlaviy (958-1052 h./1551-1642 m.) rahimahulloh tomonidan yozilgan “Lamaot at-Tanqih sharhu Mishkot al-Masobih” asari hisoblanadi.
“Mishkot al-Masobih” asari zamonaviy manbashunoslik va ilmiy izohlash uslublariga amal qilgan holda sharhlangan. Asarning oʻzbek tiliga toʻliq akademik tarjimasi va ilmiy-izohli sharhi yuqorida aytib oʻtilgan ikki moʻtabar sharh “Mirqot al-Mafotih” va “Lamaot at-Tanqih sharhu Mishkot al-Masobih”, shuningdek, “Xayr al-Mafotih sharhu Mishkot al-Masobih” asarlari, qoʻlyozma va toshbosma manbalar hamda zamondosh olimlarning yozgan sharhlari asosida tayyorlanib ilk bor nashr etilmoqda.
Shu bilan birga “Mishkot al-masobih” kitobini sharh qilishdan oldin hadis ilmi istilohlari toʻgʻrisida sodda va qisqa bayon qilishni hamda “Mishkot al-masobih” kitobini oʻqishda ilm toliblari oʻrtasida dars qilib oʻqiladigan muhaddis alloma Abdulhaq Dehlaviy rahmatulloh alayhning “Muqaddimatun fi mustalahoti ilmi-l-hadis”, yaʼni “Hadis ilmi istilohidagi muqaddima” kitobi “Mishkot al-Masobih” kitobining sharhiga kirishish uchun kifoya qiladigan darajada, ortiqcha bahslardan xoli moʻjazgina risoladir.
“Mishkot al-Masobih” asarining koʻp jildli, ilmiy-izohli akademik sharhi yurtimiz musulmonlariga muborak boʻlsin. Jonajon va mustaqil, emin-erkin, oʻtmishi va kelajagi buyuk ushbu yurtda shu xildagi ilmiy ishlar va diniy-maʼrifiy kitoblar koʻpayaversin. Yaratgan hammamizga ushbu kitobni foydali va manfaatli aylasin.
Nashrga tayyorlovchilardan
Muallif: Valiyuddin Xatib AT-Tabriziy
Tarjimon: Hikmatulloh Abiyev, Qurdratulloh Sidiqmetov
Nashriyot: “Hilol nashr” nashriyoti
Hajmi: 672 bet
Izoh qoldirish