BUYUK MUHADDIS IMOM TERMIZIY HAZRATLARI HAQIDA
Yurtimiz tarixiga nazar solar ekanmiz, uning maʼnaviy hayotida buyuk allomalarimizning hayot yoʻllari va yaratgan asarlari muhim oʻrin tutganligiga guvoh boʻlamiz. Jahonga mashhur allomalarning Markaziy Osiyodan yetishib chiqqanligi bunga dalildir. Xususan, ularning asarlari butun dunyo mamlakatlari ilm-fanida dasturi amal boʻlib xizmat qilayotganligi sababli allomalarimizning jahon ilm-fan sivilizatsiyasi rivojida tutgan oʻrniga yuqori baho berilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Imom Buxoriy va Burhoniddin Margʻiloniy, Iso Termiziy va Hakim Termiziylar, Mahmud Zamaxshariy va Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband va Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy va Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy kabi koʻplab daholar nomi jahon sivilizatsiyasi tarixida oltin harflar bilan bitilgan [5, b.3].
Mintaqamizdan yetishib chiqqan Imom Termiziyning hayoti, ijodiy va ilmiy faoliyati davrida yaratgan asarlari, ilm talabida boshqa yurtlarga chiqishlari va zamondoshlari haqidagi maʼlumotlarni oʻrganish tariximizning oʻrganilmagan sahifalarini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada umumiy qabul qilingan metodlar – xolislik, tarixiy tahlil, qiyosiy-mantiqiy tahlil, xronologik ketma-ketlik tamoyillari asosida buyuk muhaddis Imom Termiziy hazratlari haqida bayon etilgan. Buyuk muhaddis Imom Termiziy hazratlari haqidagi maʼlumotlarni M. Aminov, F. Hasanov, O. Ayupov, Shayx Abdussalom Muborakfuriy, U. Uvatov kabi olimlarning tadqiqotlarida uchratamiz.
Movarounnahrda VIII-IX asrlarda islom dinining keng tarqalishi barcha sohalar fan, madaniyat, falsafa, ijtimoiy hayot rivojiga oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Oʻsha davrda mashhur mutafakkirlar, qomusiy olimlar yetishib chiqdi. Qodirov Qutlugʻbek Bekmurodovich oʻzining Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning muhaddislik faoliyati va tarbiyaviy qarashlari nomli ilmiy ishida quyidagi maʼlumotlarni keltiradi:
-tuprogʻida choʻpon tayogʻini suqib, unitib qoldirsa, koʻkarib chiqadigan bu voha Surxondaryoda ulugʻ olimlar Hakim Termiziy, Varroq Termiziy, buyuk muhaddis Imom Iso Termiziy, Maseho Boysuniy, musavvir Abdulla Termiziy, tarixchi Samandar Termiziy, shayx Mir Buzurg Termiziy va boshqa oʻnlab ijodkor, shayxlar, allomalar, sarkardalar yetishib chiqqan;
- IX asrda Movarounnahr, Xuroson va Chagʻoniyon oʻrtasida oʻzaro ilmiy madaniy aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Islomshunos olim U. Uvatov esa Iso Termiziy haqida shunday maʼlumotlarni keltiradi: Uning toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Abu Iso Sulamiy Zariyr Bugʻiy Termiziy boʻlib, u 209/824 yili Termiz yaqinidagi Bugʻ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod nohiyasi hududida joylashgan) qishlogʻida kambagʻal oilada tavallud topgan. Xalq orasida Termiziy nomi bilan mashhur boʻlishiga sabab, buyuk muhaddisning hayoti va faoliyati yoshligidan boshlab Termiz bilan chambarchas bogʻliq boʻlganligidan, shuningdek, olim tugʻilgan Bugʻ qishlogʻi Termizga yaqin boʻlib, maʼmuriy idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanligidan deb izohlash mumkin [4, b.27].
Tadqiqotchi - olimlar M.Aminov, F.Hasanovlarning fikricha, mashhur alloma, buyuk muhaddis Imom Termiziy (toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Sulamiy Bugʻiy Termiziy) (824-892) Termizda uncha badavlat boʻlmagan oilada tavallud topgan. Sulamiy deb nisbat berilishiga sabab bobolaridan biri Sullam nomidagi arab qabilasiga doʻst tutingan. Bugʻiy deyilishiga sabab oʻsha vaqtdagi Bugʻ nomli qishloq (hozirgi Sherobod tumani)da vafot etgan va shu yerga dafn qilingan. Umrining oxirida koʻzi ojiz boʻlib qolgani uchun Darir taxallusi bilan ham atalgan [1, b. 40].
Shayx Abdussalom Muborakfuriy oʻz asarida keltirishicha, Imom Termiziy hijriy 206-yil tavallud topib, uning ismi – Muhammad, kunyasi (taxallusi) Abu Iso va nasabi Muhammad ibn Iso Savra ibn Muso Dahhok Sulamiy Darir Bugʻiy Termiziydir. Bobosi asli marvaziylardan boʻlsa-da, qandaydir ish yuzasidan Termizni vatan tutib, oʻrnashib qolgan [6, b.360]. Uning yoshlik yillari Termiz shahrida oʻtgan, dastlabki maʼlumotni ham shu yerda olgan. Bolaligidan oʻta ziyrakligi, xotirasining kuchliligi, noyob qobiliyati bilan oʻz tengqurlaridan ajralib turgan. Diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan oʻrgangan, bu boradagi bilimlarini yana-da oshirish uchun koʻpgina Sharq mamlakatlariga borgan. Koʻp yillar Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Uzoq davom etgan safarlari chogʻida qiroat ilmi, bayon, fiqh, tarix, ayniqsa oʻzi yoshlikdan qiziqqan hadis ilmi boʻyicha oʻsha davrning yirik olimlaridan taʼlim olgan. Mashhur muhaddislardan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud , Qutayba ibn Said, Isʼhoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻaylon va boshqalar uning ustozlari boʻlgan.
Iso Termiziy ustozi Imom Buxoriy bilan uchrashganida (bu uchrashuv Nishopurda boʻlgan va ikki alloma 5 yil birgalikda yashagan) hadisning matninigina emas, uning hikmati va falsafasini tushunib yetganini eʼtirof etadi. Oʻz navbatida Imom Buxoriy shogirdini maqtab, kamtarinlik bilan: “Sen mendan bahra topganingdan koʻra men sendan koʻproq bahra topdim”, degan. Bu Termiziyga berilgan juda katta baho edi.
Termiziy oʻz ijodiy va ilmiy faoliyati davrida bir qancha asarlar yaratdiki, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Ishonarli toʻplam” (“Al-Jome as-sahih”), “Paygʻambar alayhissalomning shakl va sifatlari” (“Ash-Shamoil an-nabaviya” yoki “Ash-Shamoil an-nabiy sallallohu alayhi va sallam”), “Hadislardagi illatlar” (“Al-Ilal fil-hadis”), “Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola” (“Risola fil-xilof val-jadval”) “Tarix” (“At-Taʼrix”) “Zohidlik kitobi” (“Kitob uz-zuhd”), “Ismlar va kunyalar kitobi” (“Kitob ul-asmo val-kuno”) kabi asarlar shular jumlasiga kiradi. Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, “Al-Jome as-sahih” boʻlib, 6 ta ishonchli hadislar toʻplamidan biridir. Ushbu asar ilmiy manbalarda “Jome at-Termiziy”, “Sahihi Termiziy”, “Sunani Termiziy” nomlari bilan atalib, musulmon olamida yuksak qadrlanadi. Termiziyning muhim asarlaridan yana biri “Ash-Shamoil an-nabaviya” Muhammad (alayhissalom)ning shaxsiy hayoti, u zotning suvrat va siyrati, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni oʻz ichiga qamragan manbadir. Asar fors va turk tillariga tarjima qilingan. “Ash-Shamoil an-nabaviya”ning 1-qismida keltirilgan hadisi shariflar paygʻambarning suvrat (tashqi qiyofasi)iga, 2-qismida keltirilgan hadisi shariflar esa ichki dunyosi-yu, axloqiy fazilatlarini bayon qilishga bagʻishlangan. “Ash-Shamoil an-nabaviya” oʻzbek tiliga tarjima qilinib, soʻnggi yillarda Toshkentda bir necha bor nashr etildi. U zot musulmon olamida mashhur, yirik muhaddislardan hamda Qurʼoni karim tavsifchilari orasida eng yetuklaridan biridir. Paygʻambar hadislarini toʻplash va oʻrganishda Termiziy ikki yoʻldan borgan [2, b. 96].
- Birinchidan, hadislar isnodlari (nisbat berish zanjiri)ning bogʻlanishiga tanqidiy yondashgan.
- Ikkinchidan, har bir hadis atrofidagi mazhablararo nuqtayi nazarlar kurashiga eʼtibor qilgan, xolisona tahlil va talqin qilgan. Bu ishda u mashhur imomlar izidan borib, islomda maqsadga moslashish tamoyillarini kiritgan, musulmon Sharqidagi hurfikrlik, ilmiy-falsafiy, diniy-axloqiy tafakkurning keng qamrovligini, umuman islomning zamon shart-sharoitlariga oʻta moslashuvchanlik qobiliyatini shakllantirganlardan biri boʻlgan.
1990 yil Iso Termiziy tavalludining 1200 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. Karimov taʼkidlaganlaridek, “Allomaning asrlar davomida olimu fuzalolarga dastur boʻlib kelgan insof va adolat, insonparvarlikni targʻib etuvchi gʻoyalari hozirgi murakkab davrimizning koʻplab axloqiy-maʼnaviy masalalarini hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etishi bilan eʼtiborga molikdir [1, b. 41].
Islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulugʻ allomalar, aziz-avliyolar vatani boʻlib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yana-da kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 14 fevral kuni “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Shunday qilib, yuqoridagi maʼlumotlar, tahlillar yuzasidan quyidagi xulosalarga kelindi:
- Ilk oʻrta asrlarda Oʻrta Osiyo Sharq davlatlari bilan ilm-fan va maʼnaviy aloqalarda muhim strategik ahamiyatga ega mintaqaga aylandi. Shu bilan birga mintaqamizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar oʻzining zehni, tafakkuri kuchliligi, ilmiy asar va kashfiyotlari orqali ushbu mintaqaning mavqeyi yana-da oshishiga sababchi boʻldi.
- Imom Termiziy oʻz ijodiy va ilmiy faoliyati davrida hadisshunoslik yoʻnalishi boʻyicha bir qancha asarlar yaratgani, ularning aksariyati bizgacha yetib kelganligi, yaratilgan asarlar orqali islom olamida hadislarning toʻgʻri ishonarlilari, Paygʻambar alayhissalomning shakl va sifatlari va hadislardagi illatlar haqida maʼlumotlar bayon etilganligiga guvoh boʻlamiz.
- Shuningdek, Termiziyning “Ash-Shamoil an-nabaviya” asaridan Muhammad alayhissalomning shaxsiy hayoti, u zotning suvrat va siyrati, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid ishonarli hadisi shariflar keltirilganligi Muhammad alayhissalom haqidagi muhim maʼlumotlar jamlanganligi bilan ahamiyatlidir.
Qarshiyev Ahmad Abdulazizovich
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti
МАНБА:ТЕРМИЗИЙ УЛАМОЛАРНИНГ ИСЛОМ ТАМАДДУНИ ВА ЖАҲОН ЦИВИЛИЗАЦИЯСИ РИВОЖИГА ҚЎШГАН ҲИССАСИ МАВЗУСИДА БЎЛИБ ЎТГАН ХАЛҚАРО ИЛМИЙ ОНЛАЙН-КОНФЕРЕНЦИЯ МАҚОЛАЛАРИ ТЎПЛАМИДАН
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Aminov. M, F. Hasanov. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. – T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2011.
- Ayupov. O. Dunyo siyosat jamiyat. – Guliston, 2015.
- Mamadaliyev. S. Imom Termiziy. – T.: Mutafakkirlar, Tafakkur, 2010
- Qodirov Q.B. Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziyning muhaddislik faoliyati va tarbiyaviy qarashlari. – T., 2008. [Termiziy Abu Iso. Ash shamoil an Nabaviya. Arabchadan U. Uvatov tarjimasi. – T.: Choʻlpon, 1993].
- Uvatov U. Buyuk yurt allomalari. – Т.: Oʻzbekiston, 2018.
- Shayx Abdussalom al-Muborakfuriy. Imom al-Buxoriy. – T., 2011.
Izoh qoldirish