HAKIM TERMIZIY MAJMUASI XUSUSIDA (Oʻtmish va bugun)
Oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixida Surxon vohasining ham alohida oʻrni mavjud. Chunki Surxon vohasi tarixi uzoq davrlarga borib taqaladigan qadim maskandir. Oʻtmish tariximiz uchun nihoyatda muhim boʻlgan arxeologik yodgorliklarning ham aksariyat qismi shu diyorda joylashgan, qolaversa voha hududi insoniyatning eng qadim ajdodlari makon tutgan zamindir [1, b. 4].
Oʻzbekistonning janubida joylashgan bu koʻhna zamin azal-azaldan ne-ne tarixiy voqea-hodisalarga guvoh boʻlgan. Uning har bir qarich yeri mingyilliklarga teng. Bu zamin Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan oʻziga xos darvoza vazifasini oʻtagan. Bu yer orqali savdo yoʻlining janubiy tarmogʻi oʻtgan. Ahamiyatli jihatdan yuqori oʻrinda turganligi bu tuproqlarga turli davrlarda bosqinchilar hujumlari uyushtirilishiga ham sabab boʻldi.
Termiz zamini qadimda ham, hozir ham birdek muqaddas avliyolar, ulamolar, muhaddislarni, Islom olamida dongʻi ketgan zotlarni yetishtirib berganligi tarixdan maʼlum. Termizda hozirgi kunda ham mavjud muqaddas qabrlar atrofida yuzaga kelgan ziyoratgohlar mavjud.
Sobiq Sovet davrida xolisona tariximizning buzib koʻrsatilishi, ming yillar mobaynida ajdodlarimizning qoldirgan noyob meros namunalariga nisbatan salbiy munosabat tufayli koʻplab qadamjolarimiz omborxonalarga, qarovsiz makonlarga aylandi. Ularni moliyaviy mablagʻ bilan taʼminlab turuvchi vaqf mulklarining tortib olinishi ilm dargohlarining, masjidlarning, muqaddas ziyoratgohlarning nurashiga hamda moddiy ahvolining asoratli holatda qolishiga sabab boʻldi.
Mustaqillik yillarida Termiz chiroyini yana-da ochdi, shahar koʻchalari boshqatdan qurilib, ravon va keng koʻchalarga aylantirildi, istirohat bogʻlari, sharqona usuldagi muhtasham va obod bozorlar, zamonaviy maʼmuriy binolar, oʻyingohlar, teatr va kinoteatrlar, ilm-fan maskanlari barpo etildi, borlari taʼmirlandi. Qisqasi, shaharning qiyofasi tanib boʻlmas darajada oʻzgardiki, bu oʻz navbatida har bir termizlik qalbida quvonch va faxrlanish hissini uygʻotmoqda.
1999-yil noyabr oyida YUNESCO Bosh konferensiyasining Parijda boʻlgan 30-majlisida Markaziy Osiyoning qadim shaharlaridan biri Termiz shahrining 2500 yillik yubileyini 2001-yilda xalqaro miqyosda nishonlashga qaror qilindi. Mazkur qaror munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1999-yilning 27-dekabrida “Termiz shahrining 2500 yillik yubileyini 2001-yilda oʻtkazish va unga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida”gi maxsus qaror qabul qilindi [2, b. 22-23].
Yuqorida taʼkidlanganidek, Termiz zamini Termiziy allomalar yurtidir. Ular orasida alohida eʼtirofga loyiq olimlaridan biri sharqiy soʻfizmning mashhur namoyondasi, 80 dan ortiq asarlar muallifi Hakim Termiziy hisoblanadi.
Hakim Termiziy chuqur ilm va keng dunyoqarashga ega boʻlgani uchun “Al-Hakim” (dono) degan taxallusni olgan. Bugungi kunda ushbu allomaning ilmiy merosini oʻrganish va uning maqbarasi joylashgan hududni zamonaviy ziyoratgohga aylantirish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Quyida majmuaning qisqacha tavsifi tahlil etilgan.
IX asrda yashab oʻtgan, shaharning valiy homiysi hisoblanadigan, koʻplab soʻfiyona-falsafiy asarlar muallifi, soʻfiylikning oʻn ikki oqimidan biri – “Hakimiyya” darveshlar sulukining asoschisi Hakim Termiziy majmuasidagi maqbara Termizdagi asosiy qadamjodir. U oʻrta asrlardagi Termiz qalʼasi yoniga, ehtimol, oʻzi hayotligida qurilgan xonaqohga dafn etilgan. Davrlar oʻtib, uning qabri ustiga pishiq gʻishtdan markazlashgan mujassamotdagi peshtoq-gumbazli bir hadli maqbara bunyod etilgan. Gumbazni toʻrt baquvvat ravoq hamda konsol-uyali bagʻal koʻtarib turgan. Maqbaraga janub tomondan kirilib, shimoliy ravoq ochiq boʻlgan, qolganlari gʻisht bilan urilgan. XI asr oxirida maqbara ichi goʻzal ganchkori naqsh bilan bezatilgan, ular orasida, avvalgi sahifalarda bayon qilinganidek, bezatgan odam – Termiz hukmdori Abulmuzaffar Ahmad Toʻgʻontegin nomi keltirilgan lavh boʻlgan. Islimiy, girix va epigrafik naqsh oʻyilgan.
XI-XII asrlarda maqbaraga shimol tomondan uch gumbazli ayvon tarzida masjid solingan. U uch ravoq orqali gʻisht toʻshalgan hovliga qaragan. Masjiddan maqbaraga qaragan ravoqdan sagʻana koʻrinib turgan. Bu ikki imorat past-baland joylashganligi tufayli sagʻana bir yarim metr balandlikda boʻlib qolgan. Masjidning goʻyoki madrasa devorining davomi boʻlgan gʻarbiy devori oʻrtasidan pishiq gʻisht qoplangan hamda taroshlangan gʻishtdan kufiy xat bilan bezatilgan mehrob ochilgan. Ichkaridagi boshqa devorlar, ravoqlar va gumbazlar ham ganchkori naqsh bilan bezatilgan. Termizshohlar saroyi bezagiga yaqin boʻlgan bu naqshlarning xususiyatiga koʻra, masjid bezagi bajarilgan sanani XII asrga bogʻlaydilar.
Koʻhna maqbaraga sharq tomondan tutashtirib uncha katta boʻlmagan maqbara qurilgan. Murabba tarhli bu binoning gumbazini uch qanotli bagʻal koʻtarib turadi. Yanada sharqroqda unga tutashtirib bir necha yordamchi xonalar qurilgan.
XV asr boshida, Xalil Sulton hukmronligi davrida (1405-1409-yillar) maqbaradan shimoli-sharq tomonda majmuaning eng yirik binosi bunyod etilgan. Hajmiy-makoniy mujassamotiga koʻra juda ulugʻvor boʻlgan bu binoning boʻylama oʻqi boʻyicha shimol hamda janub tomonda joylashgan ikki peshtoqli xonaqo edi. Ikki peshtoqli xonaqolar Oʻrta Osiyoda kamdan-kam uchraydi. Gumbazli murabba talorga ikki tomonda chuqur ravoqli taxmoni boʻlgan peshtoqlar tutashgan. Oddiy va aniq konstruksiyaga hamda gʻishtin bezakka ega boʻlgan talor ichkarisi Termizdagi ancha ilgari barpo etilgan binolarnikiga oʻxshaydi: bino oʻqlari boʻyicha joylashgan chuqur ravoqli chortoqqa sakkiz qirrali poygumbaz va uning ustiga qoʻndirilgan yakkaqavat gumbazni koʻtarib turgan ravoqli bagʻal ishlangan. Ichkarida burchaklardagi ravoq poyini koʻtarib turgan ustungoʻshalar diqqatga sazovor. Ularning burchagi kesilgan prizmaga oʻxshash oʻziga xos asosi, xuddi Sulton Saodat majmuidagi ilk maqbaralardagi kabi gʻisht kublar goʻyo qobirgʻasi bilan diagonaliga qoʻyilgandek taassurot uygʻotadi.
Hakim Termiziy maqbarasida xonaqoh qurilishi bilan bir paytda gʻoyat goʻzal yasalgan oʻymakori marmar sagʻana ham oʻrnatilgan. Yassi kursiga ravoq tarzida naqshlangan uchta katta boʻlmagan choʻziqroq boʻlak bilan tugallanuvchi asosiy toʻgʻri burchakli tosh boʻlagi qoʻyilgan. Sagʻanaga yuksak sanʼatkorlik bilan epigrafik, islimiy naqsh tushirilgan va hashamatli muqarnas sharafa ishlangan. Uning masjidga qaragan yon tomoni gʻoyat zebo bezatilgan. Unga arxitektura unsurlari ishlangan: muqarnas bilan toʻldirilgan va mehrob tusi berilgan ravoq yonida zanjirda osilib turgan chiroqlar tasvirlangan ikki ravoqcha nashqlangan. Sagʻana asosiy boʻlagiga tushirilgan monumental husnixat gʻoyat nafis. Bu sagʻana Temuriylar davri toshtarosh va naqqosh ustalarning nodir ishlaridan biri hisoblanadi [5, b. 52].
Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning samarasi oʻlaroq bugun zamonaviy Termizning qiyofasi kun sayin oʻzgarib, chiroy ochiq bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik saylovoldi uchrashuvlari arafasida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifi bu borada tashlangan dadil qadamlardan boʻldi. Davlat rahbarining “Surxondaryo viloyati iqtisodiy salohiyati, tabiiy imkoniyatlari bilan Oʻzbekiston taraqqiyotida alohida ahamiyatga ega”, degan soʻzlari bu moʻtabar zaminni shonli oʻtmishga nazar tashlab, barqaror kelajak sari intilishi yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.
Akram Namozovich Joʻraev
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi
Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati min-
taqaviy filiali “Ijtimoiy va mutaxassislik fanlari”
kafedrasi oʻqituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. S.Tursunov, E.Qobilov, B.Murtazoyev, T.Pardayev. Surxondaryo tarixi. – T.: Sharq, 2004.
2. X.Qurbonov, I.Botirov. “Termiz” OʻzME. T-harfi. Birinchi jild. Toshkent, 2000.
3. https://uz.wikipedia.org/wiki/Hakim_at-TERMIZIY
4. Tеrmiz. – Т.: Sharq, 2000.
5.//https://oz.sputniknews-uz.com/politics/20170210/4782398/Mirziyoyev-Surxondaryo-viloyatiga-tashrif- uyushtirdi.html//
Izoh qoldirish