KUBRAVIYA TARIQATI ASOSCHISI NAJMIDDIN KUBRO
Islom olamida Movarounnahrlik olimlar va mutasavvif pirlar safini toʻldirgan, biz avlodlarga manfaatli kitoblar yozib qoldirgan vatandoshlarimizdan biri Najmiddin Kubrodir.
U kishi “Abul-Jannob” va “Tomatul Kubro” laqablariga sazovor boʻlgan hamda tasavvufning Kubraviya silsilasiga asos solgandir [1, J. 22, b. 111].
Najmiddin Kubroning toʻliq ismlari Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir. Najmiddin Kubro 1145-1221 milodiy, 540-618 hijriy yillarda yashagan boʻlib, Najmiddin Roziy, Majiddin Bagʻdodiy, Saʼdiddin Hamaviy, Sayfiddin Boharziy va Bahovuddin Valad kabi siymolar u kishining murid va shogirdlari boʻlgan.
Abul-Jannob Najmuddin Kubro Xorazmning Xivaq shahrida dunyoga keladi. Abdurahmon Jomiy oʻzining “Nafahot ul-uns” asarida u haqida quyidagi gaplarni keltiradi: “Najmiddin bolalik paytidayoq ilm istab Misrga ravona boʻladi. Misrda Ruzbehon Vazzon Misriy (vafoti 584/1188) degan olim dargohida taʼlim oladi. Ruzbehon esa, oʻz navbatida, mashhur mutasavvif donishmand Abu Najib Suxravardiydan taʼlim olgan edi. Ruzbehon Najmiddinni oʻz oʻgʻlidek yaxshi koʻrib, alohida mehr bilan tarbiya qiladi, hatto qizini nikohlab berib, oʻziga kuyov qilib oladi.
Ammo ilmga chanqoq Najmiddin Kubro koʻp oʻtmay Tabrizga borib, u yerdagi Imom Abu Mansur Hafda degan donishmanddan islomiy ilmlarni oʻrganadi va Tabrizda shayx Bobo Faraj, Ammor Yasir, Ismoil Kasriy kabi ulkan mutasavvuf donishmandlardan tasavvufga oid ilmlarni ham egallaydi. U kishi shayx Ismoil Kasriy qoʻlida tasavvufiy xirqapush darajasiga yetib, ul hazratning oq fotihasini oladi. Soʻngra Misrdagi ustozi va qaynatasi Ruzbehon maslahati bilan oʻz vatani – Xorazmga qaytib kelib, xonaqoh quradi va shogirdlar tarbiyasiga katta eʼtibor beradi, “Kubraviya” yoki “Zahobiya” tariqatiga asos soladi. Bu tariqat taʼlimoti hadis va shariatga asoslangan boʻlib, oʻz davrida Xuroson, Movarounnahr, Hindiston va boshqa musulmon mamlakatlari xalqlari orasida keng tarqaladi. Mazkur tariqat soliklari orasida zikrni ovoz chiqarmasdan (xufiya) ijro qilish usuli joriy boʻlgan [2, J. 2, b. 574].
“Rashahot ayn ul-hayot” asarining muallifi Faxruddin Safiy oʻz asarida mulla Jomiyga quyidagi qoʻshimchani qiladi: “Hazrat Maxdumi Nuriddin Abdurahmon Jomiy aytishlaricha, shayx Abul Jannob Najm Kubro quddisa sirruhu oʻzining “Favotih al-jamol” risolasida yozganlaridek, hayvonlarning nafas olishi bir tabiiy zaruriyat tufayli yuz beradi. Insonlar ham aslida ayni oʻsha zaruriyat yuzasidan nafas oladilar, lekin oʻshanday nafas olish jarayonida inson gʻoyibona Alloh haq subhonahuning muborak nomini zikr qiladi [3, b. 570].
Ali Akbar Dehxudoning mashhur “Lugʻatnoma”sida keltirilishicha, “U kishining Kubro deb atalishlariga sabab shuki, behad ziyrakliklari va tuganmas zakovatlari tufayli har qanday muammoli masalani soʻralganda hal qilib berar edilar va har kim u kishi bilan bahs-munozara qilsa, gʻolib chiqar edilar” [4, b. 365].
Shuningdek, u kishini Tomatul Kubro, yaʼni buyuk balo va qazolarning oldini oluvchi, xaloskor deb ham atashgan boʻlsa, dunyo ishlaridan saqlangan va uzoqda boʻlgani uchun Abul-Jannob deb atalganlar. Undan tashqari u kishini “Valitarosh” (valiylarni parvarishlab yetishtiruvchi) deb ham atashgan. Chunki umrlari davomida oʻn ikki kishini oʻz muridliklariga qabul qilib, ularning barchasini shayx darajasiga yetkazganlar. Ular qatorida mashhur shayxlardan Farididdin Attorning otasi Majididdin Bagʻdodiy (vafoti 1219) va Jaloliddin Rumiyning otasi Bahovuddin Valad, Najmiddin Doya Roziy, Saʼdiddin Hamaviy, Sayfiddin Boharziy va boshqalar bor.
Najmiddin Kubroning Xorazmdagi soʻngga hayoti oʻta ogʻir, shiddatli va murakkab sharoitda kechadi. Bu davrda Turon oʻlkasidagi Xorazm, Shosh, Buxoro va Samarqand hukmdorlarining noahilligi, past nazarligi tufayli moʻgʻullarning Turkistonga qilayotgan hamlalari kuchayib, Chingizxon lashkarboshilari Movarounnahrdagi yirik shaharlarni birin-ketin beayov bosib olishga muvaffaq boʻlgan. 1221 yilning jumodul avval (iyul) oyida Chingizxon lashkarboshilaridan biri Xulaguxon oʻzining yosh oʻgʻli, tumonat lashkari bilan Urganch qalʼasini oʻrab oladi. Urganch shahri qamal ichida qolib, aholi nihoyatda ogʻir sharoitda azob chekayotgan bir asnoda munkillab qolgan, yetmishdan oshgan Najmiddin Kubro xalq orasidan lashkar toʻplab, qoʻlida qurol bilan qalʼani bir necha kun davomida dushman hamlalaridan saqlab turadi.
Najmiddin Kubro yuksak obroʻga ega boʻlsa ham, kamtarona hayot kechirgan. Ammo u kishining baʼzi muridlari mamlakat miqyosida shunchalik nufuzga ega boʻlganlarki, hatto Faxriddin Roziy kabi faylasuf va sulton Muhammad Xorazmshoh ham ularning raqobatidan xavotirlanganlar. Masalan, “Sultonul ulamo” laqabiga ega boʻlgan Jaloliddin Rumiyning otasi Bahovuddin Valad Balx shahrining uch yuzga yaqin faylasuf olimlari bilan bahs yurgizgan va ularni yunon falsafasi bilan ortiqcha shugʻullanishda ayblagan. Najmiddin Kubroning boshqa bir shogirdi, oʻz navbatida shayx Farididdin Attorning murshidi boʻlgan xorazmlik Majiddin Bagʻdodiy hokimiyatdagi ishlarni tanqid qilgani uchun qatl qilingan. Lekin uning minglab shogirdlari boʻlgan. Baʼzida sulton Muhammad Xorazmshohning oʻzi ham shayxlarning huzuriga kelib, ularni ziyorat qilib turgan.
Najmiddin Kubro moʻgʻul bosqinchilariga qarshi oʻz muridlari bilan shiddatli jangga kirib, shahid boʻlgan. Jangdan keyin, u kishining jasadini darhol topisha olmagan. Chunki ul zot qiyma-qiyma qilib tashlangan edi. Shahid boʻlganliklari haqidagi maʼlumotni 710/1311 yilda yozilgan Rashiddiddin Fazlillohning “Jomeat ul-tavorix” (“Tarixlar toʻplami”) asarida uchratamiz.
Chingizxon shayx Najmiddan Kubroning mashhurliklarini eshitgan boʻlganligidan Xorazmga hujum qilish oldidan, u kishiga chopar yuborib, “Men Xorazmni qatliom qilmoqchiman, shuning uchun Sizdek ulugʻvor shaxsni u yerdan ketib, bizga qoʻshilishingizni soʻrayman”, degan. Ammo shayx unga javoban: “Men yetmish yil umrim davomida xorazmliklar bilan turmushning achchiq-chuchugini birga tortganman. Endi ular boshiga balo-qazolar yogʻilayotgan paytda qochsam muruvvatdan boʻlmaydi”, degan [5, b. 8].
Bu voqea hijriy 618 (1221) yilda roʻy bergan. Bu haqdagi maʼlumot “Tarixi guzida” (“Tanlangan tarix”), Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns”, keyinchalik esa, “Ravzat ul-safo”, “Habib us-siyar” va boshqa mashhur tarixiy kitob va tazkiralarda ham uchraydi [2, J. 2, b. 574].
Hijriy 733/1334 yilda Xorazmga safar qilgan mashhur arab sayyohi ibn Battuga Urganch shahridan chiqa berishdagi zoviyada Najmiddin Kubroning maqbarasi va boshqa ulugʻlarning mozorini koʻrganligini yozadi [6, b. 74].
Najmiddin Kubro shahid boʻlgandan soʻng, uning taʼlimotini shogirdlari davom ettirib, Markaziy Osiyo Kubraviya maktabini vujudga keltirdilar. Bu birodarlik firqasi aʼzolarini birlashtirgan narsa rasmiy tashkilot emas, balki taʼlimotning ruhi va maqsadi edi.
Tashkiliy jihatdan Kubraviya xonaqohlarida oʻz-oʻzini boshqaradigan ozod anjuman boʻlib, uning boshida xalifa turar edi. 1221 yilda vafot etgan Najmiddin Kubroning shogirdi Sayfiddin Boharziy tomonidan Buxoro yaqinidagi Soktariy qishlogʻida tashkil etilgan ana shunday xonaqoh Najmiddin Kubro nomi bilan atalar edi. Bu yerdagi Kubraviya jamiyati XVIII asrning oxirlarigacha faol ish koʻrib, uning aʼzolari Kubro gʻoyalarini Xitoyning gʻarbiy chegaralarigacha yoydilar. Kubroning boshqa bir shogirdi, 1252 yilda vafot etgan Saʼdiddin Hamaviy Xurosonning Bahrabod deb atalgan maskanida xonaqoh barpo qilib, uning atrofida toʻgarak tashkil etdi.
Kubraviya maktabi bir qator mustaqil shoxobchalar vujudga kelishiga sabab boʻldiki, ular musulmon dunyosi Sharqida keng tarmoq otdi.
Shunday qilib, Najmiddin Kubro tasavvuf taʼlimotining rivoji va butun musulmon Sharqida keng tarqalishida katta rol oʻynadi. Uning nomi islom olamida mashhur boʻldi.
Kubroviya tariqati Quroni karim va hadisi sharifdagi taʼlimot asosida shakllangandir. Komil insonni tarbiyalash bu tariqatning asosiy vazifasi boʻlib, Shayx Najmiddin Kubroning hayoti katta saboq, ulkan maktabdir. Kubroviya tariqatida talab, sadoqat, ishq, muhabbat, oshiqlikning inson uchun naqadar zarur ekanligi taʼkidlanadi. U shoirona til bilan shunday deydi:
Ishq dardi gʻarib tanimdagi jon boʻlgʻay.
Dard cheksa kishi axiyri inson boʻlgʻay.
Oshiq manu doʻzax men uchun otashgoh,
Boshqa uchun u bir zimiston boʻlgʻay [7, b. 19].
Najmiddin Kubro oʻz taʼlimotida inson omilini birinchi oʻringa qoʻyadi. U inson tafakkuri kuchiga yuksak baho berib shunday deydi: – “Valiylik inson bolasiga azaldan nasibadir, chunki odam Ollohning suygan maxluqi, parvardigor odamga ong-aql bergan, botiniy nur bergan, uni barcha mavjudotdan afzal qilib yaratgan.
Yurmoq uchun Haq yoʻliga yetmoq shart,
Boshqasidan koʻzni yumib ketmoq shart,
Elga shifo baxsh etu, och koʻzlarni
Olam hama-ul, unga nazar etmoq shart [7, b. 19].
Kubroviya tariqatidan keyinchalik bir qancha shohobchalar ajralib chiqib, butun dunyoda tasavvufning eng koʻp tarqalgan yoʻllaridan biriga aylanadi. Bular Najmiddin Kubroning shogirdlari tomonidan tarqatilgan boʻlib, shu kunimizgacha ayrim mamlakatlarda turli xil koʻrinishlarda faoliyat koʻrsatmoqda.
Hindistonda Firdavsiya, Bogʻdodda Nuriya, Xurosonda Rukniya, Kashmirda Hamodoniya Eron va ayrim gʻarb mamlakatlarida Amerika, Angliyada “Neʼmatullohiya” va boshqalarni misol qilib koʻrsatish mumkin.
Mustaqilligimiz sharofati tufayli 1995-yilda Respublikamizda buyuk alloma Najmiddin Kubroning 850-yilligi keng nishonlandi va bir qancha risolalari chop qilindi.
Aʼzamjon Yusubjonovich Toshboyev
Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi
va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi 1-bosqich tayanch doktoranti,
Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyari aʼlamin nubalo. – Bayrut: Muassasatur risala, 1990.
- Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad al-Jomiy. Nafahotul uns. – Bayrut, Dorul kutubil ilmiyya, 2010.
- Voiz Haraviy Husayn ibn Ali Koshifiy. Rashahotu aynil hayot fi manaqibi mashayixit toriyqotin naqshbandiyya va adabuhum an-nabaviyyatu va asroruhum ar-robbaniyya. – Bayrut, Dorul kutubil ilmiyya, 2008.
- Ali Akbar Dehxudo. Lugʻatnoma. J. 104. – Tehron, “Tehron universiteti” nashri, 1965.
- Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviy maʼnaviy, muqaddima. – Kobul. 1982.
- N. Ibragimov. Ibn Battuta I yego puteshestviya po Sredney Azii. – Moskva, Nauka, 1988.
- Ruboiynoma. Guzidan ruboiyot az Rudakiy Samarqandiy. – Tehron, 1372.
Izoh qoldirish