27.06.2023

MASHARIQU-L-ANVOR ASARINING HADIS ILMI RIVOJIDAGI AHAMIYATI

Hadis ilmi mumtoz manbalarda ilmu-l-hadis, ulumu-l-hadis, ilmur rivaya, va ilmu-l-asar nomlari bilan keladi. Ibn Jamʼa hadis ilmini “Hadislarning sanad va metinlarining hollari bilan bogʻliq qoidalar ilmidir”, deydi. Buyuk hadis olimi Ibn Hajar: “Roviy (rivoyat qilgan) va marviy (rivoyat qilingan matnlar) hollarini bildirgan qoidalar ilmidir”, deydi. Bu tariflardan tushunilgan tarif, hadis ilmining mavzusi hadislarni naql qilgan roviylar va bu roviylar tarafidan naql qilingan Rasulullohga doir rivoyatlardir. Hadis ilmi islom dini zuhr boʻlgandan buyon rivojlanib kelmoqda. Bu ilmga bagʻishlangan koʻplab moʻtabar asarlar, xususan, Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”, Imom Muslimning “Sahihi Muslim”, Imom Termiziyning “Sunan Termiziy” va boshqa moʻtabar hadis toʻplamlari jamlangan kitoblar mavjud. Imom Chagʻoniyning “Mashariqul anvor” asari yuqoridagi ulugʻ asarlardan IV-V asr soʻng tartiblangan boʻlsa-da, uning hadis ilmini rivoji va oʻz asrining hadisga doir moʻtabar asarlar qatoriga qoʻshish mumkin. Asarning toʻliq nomi “Mashariqu-l-anvor an-nabaviyya fiy sihahi-l-axbar al-mustafaviyya” sahih hadislarga bagʻishlangan asardir. Asarda kelgan hadislar mavzularga ajratilmagan yaʼni namoz bobi, zakot bobi, ahkomlar bobi degan maʼnaviy boʻlaklarga emas, balki lafziy boblarga boʻlib taʼlif qilingandir. Alloma Ibn Malik: “Imom Chagʻoniy bu kitobni aniq tartib bilan saralab, mukammallik bilan taʼlif qilgan”, deydi. Asar oʻn ikki bob va boblar ham bir necha fasllardan iboratdir.

Birinchi bob ikki fasldan iborat: birinchi fasl “من” ismi mavsul va shartni bildiradigan olmosh bilan boshlanadigan hadislar, ikkinchi fasl: soʻroq maʼnosini bildiradigan "من" olmoshi “kim” bilan boshlanadigan hadislar jamlangan. Misol uchun:

مَنْ آوَى ضَالَّةً فَهُوَ ضَالٌّ، مَا لَمْ يُعَرِّفْهَا

(Adashgan hayvonga boshpana bersa, modomiki odamlarga eʼlon qilib tanitmas ekan, u odam adashgandir) [1, b. 10].

Ikkinchi bob oʻnta fasldan iborat. Birinchi fasl: taʼkidni bildiruvchi “إن” yaʼni “albatta” kalimasi bilan boshlanuvchi hadislar, ikkinchi fasl: “إني” “albatta men” maʼnosini ifodalovchi hadislar jamlangan. Uchinchi fasl: “أنا” “albatta biz” kalimasi bilan boshlanuvchi hadislar jamlangan. Toʻrtinchi fasl: “إنه” “albatta u” kalimasi bilan boshlanuvchi hadislar jamlangan. Beshinchi fasl: “إنهم” “albatta ular” (erkak jinsini bildiruvchi) kalimasi bilan boshlangan hadislar jamlangan. Oltinchi fasl: “إنها” “Albatta u” (ayol jinsini bidiruvchi) kalimasi bilan boshlangan hadislar jamlangan. Yettinchi fasl: “إنك” “Albatta sen” kalimasi bilan boshlanuvchi hadislar jamlangan. Sakkizinchi fasl: “إنكم” “albatta sizlar” (erkak jinsini bildiruvchi) soʻzlar bilan boshlanuvchi hadislar jamlangan. Toʻqqizinchi fasl: “إنكن” “albatta sizlar” (ayol jinsini bildiruvchi) kalimalar bilan boshlanuvchi hadislar jamlangan. Oʻninchi fasl: “إنما” “albatta, ammo” maʼnolarini beruvchi kalimalar bilan boshlanuvchi hadislar jamlangan. Misol uchun:

إِنَّ أَبَاكُمَا كَانَ يُعَوِّذُ بِهَا إِسْمَاعِيلَ وَإِسْحَاقَ : أَعُوذُ بِكَلِمَاتِ اللَّهِ التَّامَّةِ مِنْ كُلِّ شَيْطَانٍ وَهَامَّةٍ ، وَمِنْ كُلِّ عَيْنٍ لَامَّة

Otalaringiz shular bilan Ismoil va Isʼhoqqa panoh soʻrab duo qilar edi: “Allohning tugal kalimalari bilan har qanday shayton va zaharli hasharotdan hamda har bir yomon koʻzdan panoh soʻrayman” [1, b. 26].

 Uchinchi bob. “لا” kalimasi bilan boshlangan hadislar jamlangan. Misol uchun:

لَا تَأْكُلُوا بِالشِّمَالِ  فَإِنَّ الشَّيْطَانَ يَأْكُلُ بِالشِّمَالِ

(Chap(qoʻl) bilan yemanglar, albatta, shayton chap(qoʻl) bilan yeydi) [1, b. 37].

Toʻrtinchi bob ikki fasldan iboratdir. Birinchi fasl: "إذ" “holbuki, oʻsha vaqtda” kalimasi bilan boshlanuvchi hadislar jamlangan. Ikkinchi fasl: “إذا” “qachonki” kalimasi bilan boshlanuvchi hadislar jamlangan. Misol uchun:

إِذَا أَحَبَّ اللَّهُ الْعَبْدَ نَادَى جِبْرِيلَ : إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ فُلَانًا فَأَحْبِبْهُ. فَيُحِبُّهُ جِبْرِيلُ. فَيُنَادِي جِبْرِيلُ فِي أَهْلِ السَّمَاءِ : إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ فُلَانًا فَأَحِبُّوهُ. فَيُحِبُّهُ أَهْلُ السَّمَاءِ، ثُمَّ يُوضَعُ لَهُ الْقَبُولُ فِي الْأَرْضِ

Agar Alloh bandani yaxshi koʻrsa, Jabroilga: “Alloh falonchini yaxshi koʻradi sen ham uni yaxshi kor” [1, b. 45].

Beshinchi bob ikki fasldan iboratdir. Birinchi fasl besh qismdan iborat: birinchi qism "ما" inkor yuklamasi bilan boshlanuvchi hadislar, ikkinchi qism  "ما" savol maʼnosini beruvchi soʻzlar bilan boshlanuvchi hadislar, uchinchi qism “ما” xabar maʼnosini bildiruvchi hadislar, toʻrtinchi qism “ما” shart maʼnosini bildirib kelgan hadislar, beshinchi qism "ما بين" “orasida, qaysiki” maʼnosini bildiruvchi hadislar jamlangan. Ikkinchi fasl toʻrt qismdan iborat: birinchi qism  "يا" yaʼni “ey” chaqiruv soʻzi  va ularning ismlari (erkak jinsi uchun) bilan boshlangan hadislar, ikkinchi qism "يا" chaqiruv kalimasi qabila oldidan kelgan hadislar, uchinchi qism har xil maʼnodagi soʻzlar bilan kelgan hadislar, toʻrtinchi qism “يا” kalimasi ayol jinsini oldidan ularni chaqiruv maʼnosida kelgan hadislar jamlangan. Quyida "ما" inkor yuklamasi bilan kelgan hadis:

مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَامًا قَطُّ خَيْرًا مِنْ أَنْ يَأْكُلَ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ، وَإِنَّ نَبِيَّ اللَّهِ دَاوُدَ عَلَيْهِ السَّلَامُ كَانَ يَأْكُلُ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ

Hech kim qoʻl mehnati bilan topib yeganidan yaxshi taom yegan emas. Allohning nabiysi Dovud Alayhissalom qoʻl mehnati bilan kun koʻrar edi [1, b. 51].

Oltinchi bob oʻn ikki fasldan iborat: birinchi fasl "ليس" “emas” kalimasi bilan boshlangan hadislar, ikkinchi fasl "نعم" va "بئس" “ha” va “qanday ham yomon” maʼnosida kelgan kalimalar bilan boshlangan hadislar, uchinchi fasl “بينا و بينما” yaʼni “asnosida” maʼnolarini beruvchi soʻzlar bilan boshlangan hadislar, toʻrtinchi fasl “لعن الله”  “Allohning laʼnati” bilan boshlangan hadislar, beshinchi fasl “لو” “agar boʻlsa edi” maʼnosini beruvchi soʻzlar bilan boshlangan hadislar, oltinchi fasl "لولا" “boʻlmasa edi” maʼnosini beruvchi soʻzlar bilan boshlangan hadislar, yettinchi fasl "إن" “shart maʼnosini bildiruvchi” maʼnosini beruvchi soʻzlar bilan boshlangan hadislar, sakkizinchi fasl: "خير" “yaxshi” maʼnosini beruvchi soʻzlar bilan boshlangan hadislar, toʻqqizinchi fasl “أفْعَلُ” ismu tafdizl sifatning orttirma darajasini beruvchi soʻzlar bilan kelgan hadislar, oʻninchi fasl “كل” “har bir, barchasi” maʼnosini beruvchi soʻzlar bilan boshlangan hadislar, oʻn birinchi fasl “قد” – oʻtgan zamonda voqeani aniq sodir boʻlganligini maʼnosini beruvchi soʻzlar bilan boshlangan hadislar, oʻn ikkinchi fasl “لقد” soʻzlari bilan boshlangan hadislar jamlangan. Misol uchun:

بِئْسَ الطَّعَامُ طَعَامُ الْوَلِيمَةِ  يُدْعَى إِلَيْهِ الْأَغْنِيَاءُ، وَيُتْرَكُ الْمَسَاكِينُ، فَمَنْ لَمْ يَأْتِ الدَّعْوَةَ، فَقَدْ عَصَى اللَّهَ وَرَسُولَهُ

(Toʻy-bazm taomi qanday ham yomon taom unga faqat boylar chaqiriladi, kambagʻallar tark qilinadi, kimki daʼvatga kelmasa, u Alloh va uning rasuliga osiy boʻlibdi) [1, b.  65].

Yettinchi bob oʻn yetti fasldan iborat: birinchi fasl “ل” bilan kelgan ega soʻz turkumi bilan boshlangan hadislar, ikkinchi fasl “أيما” “qaysi, nima boʻlsa boʻlsin” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, uchinchi fasl “أيكم” “qaysi biringiz” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, toʻrtinchi fasl “أي”  “qaysi” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, beshinchi fasl “أ” soʻroq olmoshi kalimalar bilan boshlangan hadislar, oltinchi fasl “إلا” “faqat” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, yettinchi fasl "ألم"  kalimalar bilan boshlangan hadislar, sakkizinchi fasl "أفلا" savol inkor maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, toʻqqizinchi fasl "أليس و ليس" “emasmi, emas” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, oʻninchi fasl  "أما" “diqqat qiling” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, oʻn birinchi fasl   "مثل" “oʻgit, oʻxshash” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, oʻn ikkinchi fasl  "إياكم" “sizlarni faqatgina sizlar” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, oʻn uchinchi qism “أنا” “men” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, oʻn toʻrtinchi fasl “اسم الفعل” feʼliy ism yaʼni masdarlar bilan boshlanuvchi hadislar, oʻn beshinchi fasl  "لك" “siz uchun” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, oʻn oltinchi fasl  "لم"  kalimalar bilan boshlangan hadislar, oʻn yettinchi fasl “أما” “ammo” maʼnosini beruvchi kalimalar bilan boshlangan hadislar, Misol uchun:

الِاسْتِئْذَانُ ثَلَاثٌ، فَإِنْ أُذِنَ لَكَ وَإِلَّا فَارْجِعْ

(Ruxsat soʻrash uch martadir, sizga ruxsat berilsa (kiring), aks holda orqaga qayting) [1, b. 74].

Sakkizinchi bob oltita fasldan iborat: birinchi fasl “العدد” yaʼni raqamlar aks etgan hadislar, ikkinchi fasl “الذي” kalimasidan avval kelgan “واو القسم” bilan boshlanadigan hadislar, uchinchi fasl qasam kalimasidan keyin kelgan “الله” lafzi bilan boshlangan hadislar, toʻqqizinchi fasl kelasi zamon feʼllari bilan boshlangan hadislar, beshinchi fasl hozirgi zamon aniq daraja feʼllari bilan boshlangan hadislar, oltinchi fasl hozirgi zamon majhul daraja feʼllari bilan boshlangan hadislar jamlangan. Misol uchun:

وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ، إِنَّهَا لَتَعْدِلُ ثُلُثَ الْقُرْآنِ

Nafsim qoʻlida boʻlgan zotga qasamki, albatta u (ixlos) Qurʼonning uchdan biriga tengdir [1, b. 86].

Toʻqqizinchi bob beshta fasldan iborat: birinchi fasl oʻtgan zamon feʼllari bilan boshlangan hadislar, ikkinchi fasl oʻtgan zamon majhul darajadagi feʼllar bilan boshlangan hadislar, uchinchi fasl oʻtgan zamon birinchi shaxs birlik bilan boshlangan hadislar, toʻrtinchi fasl “هل” yaʼni “mi” soʻroq yuklamasi bilan boshlangan hadislar, beshinchi fasl buyruq mayli feʼllari bilan boshlangan hadislar jamlangan. Misol uchun:

احْتَجَّ آدَمُ وَمُوسَى، فَقَالَ لَهُ مُوسَى : يَا آدَمُ، أَنْتَ أَبُونَا، خَيَّبْتَنَا وَأَخْرَجْتَنَا مِنَ الْجَنَّةِ. قَالَ لَهُ آدَمُ : يَا مُوسَى، اصْطَفَاكَ اللَّهُ بِكَلَامِهِ، وَخَطَّ لَكَ بِيَدِهِ، أَتَلُومُنِي عَلَى أَمْرٍ قَدَّرَ اللَّهُ عَلَيَّ قَبْلَ أَنْ يَخْلُقَنِي بِأَرْبَعِينَ سَنَةً ؟ فَحَجَّ آدَمُ مُوسَى، فَحَجَّ آدَمُ مُوسَى ثَلَاثًا

Odam va Muso hujjat talashib qoldi. Ey Odam sen otamizsan, bizni mahrum qilib jannatdan chiqargansan”, dedi. Shunda Odam unga: “Ey Muso, Alloh seni Oʻz kalomi bilan tanlab, Oʻz qoʻli bilan senga (Tavrotni) yozib berdi. Endi sen Alloh meni yaratishidan qirq yil avval taqdir qilib qoʻyilgan ish uchun malomat qilyapsanmi?” dedi. Shunday qilib, Odam hujjatda Musoni yengib qoʻydi”. Uch marta [1, b. 99].

Oʻninchi bob ikki fasldan iborat: birinchi fasl ibtido “ل” bilan boshlangan hadislar, ikkinchi fasl turli guruhlar haqida boshlangan hadislar jamlangan. Misol uchun:

أحْيَانًا يَأْتِينِي مِثْلَ صَلْصَلَةِ الْجَرَسِ، وَهُوَ أَشَدُّهُ عَلَيَّ، فَيُفْصَمُ عَنِّي وَقَدْ وَعَيْتُ عَنْهُ مَا قَالَ، وَأَحْيَانًا يَتَمَثَّلُ لِيَ الْمَلَكُ رَجُلًا فَيُكَلِّمُنِي، فَأَعِي مَا يَقُولُ

Ahyonda menga qoʻngʻiroq jarangi kabi keladi, shunisi menga eng ogʻiridir. Soʻng mendan ketadi, men esa uning aytganlarini sindirib olgan boʻlaman. Ahyonda farishta menga inson qiyofasida koʻrinib soʻzlaydi, shunda aytayotganini singdirib olaman [1, b. 122].

Oʻn birinchi bob: Qudsiy hadislar jamlangan. Misol uchun:

إذَا هَمَّ عَبْدِي بِسَيِّئَةٍ فَلَا تَكْتُبُوهَا عَلَيْهِ، فَإِنْ عَمِلَهَا فَاكْتُبُوهَا سَيِّئَةً، وَإِذَا هَمَّ بِحَسَنَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْهَا فَاكْتُبُوهَا حَسَنَةً، فَإِنْ عَمِلَهَا فَاكْتُبُوهَا عَشْرًا

(Agar bandam yomonlikni niyat qilsa, unga (gunoh) yozmanglar uni qilsa bitta yomonlik yozing, agar yaxshilikni niyat qilsa va uni qilmasa bitta yaxshilik yozing, uni qilsa oʻnta (yaxshilik) qilib yozing) [1, b. 135].

Oʻn ikkinchi bob: duolar haqidagi hadislar jamlangan. Misol uchun:

اللَّهُمَّ آتِنَا فِي الدُّنْيَا حَسَنَةً، وَفِي الْآخِرَةِ حَسَنَةً، وَقِنَا عَذَابَ النَّارِ

(Allohim bizga bu dunyoda ham yaxshilikni, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni doʻzax olovi azobidan saqlagin) [1, b. 140].

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, Roziyuddin Chagʻoniyning hayoti hali dunyo olimlari tomonidan toʻliq oʻrganilmagan. Asarning hadis ilmidagi ahamiyati shundaki, asar hadislarni tartiblashda oʻziga xos grammatik usuldan foydalanilganligi. Undan hadislarni bir soʻz doirasida tahlil qilish oʻrganish osonligidadir. Chagʻoniyning hayoti hamda uning nodir asarlarini yoshlarga oʻrgatish, uning ilm olish hamda asarlaridagi maʼnaviy gʻoyalarini hayotga tatbiq etish olimlar uchun ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda. Eng avvalo uning “Mashariqu-l-anvor asari tartibidagi oʻziga xoslikni oʻrganish va uni hadis va diniy ilmlarni yoyishda keng tatbiq qilish lozimligi hamda diniy taʼlim olayotgan talabalar asarda jamlangan hadislarni hifz qilishda muhim manba sifatida isteʼfoda qilishlari mumkin. 

Saʼdulloh Boboxodjayev 

 Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti, 

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Roziyuddin Chogʻoniy. Mashariqu-l-anvor (qoʻl yozma nusxa), inventar 213 raqam.
  2. Roziyuddin Chogʻoniy. Al-Ubabu az-zahir val-lubabu al-faxir – Iroq: Ilmiy Majmua, 1978. 
  3. Roziyuddin Chogʻoniy. Durru as-sahoba fi bayani mavadi al-vafayati as-sahoba. – Qohira: Maktubatul Qurʼon.
  4. Abdullatif ibn Abdulaziz ibn Aminiddin. Mabariqu-l-azhor sharhi mashariqu-l-anvor. I, II, III juzlar. – Bayrut: Darul jil, 1889.

 

 

 

 

 

 

 

Izoh qoldirish