07.07.2023

MUSTAQILLIK YILLARIDA OʻQUVCHILARNI MAʼNAVIY-AXLOQIY TARBIYALASHNING YANGI ASOSI

Hozirgi ilm-fan va texnikaviy taraqqiyotning jadallik bilan rivojlanishi hamda mintaqalararo globallashuv jarayonida oldimizda turgan muhim va dolzarb vazifalardan biri buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho moddiy-maʼnaviy boylikdan foydalanib, bor kuch-qudratimiz va imkoniyatimizni ertangi porloq istiqbolimiz, ezgu orzu-niyatlarimizni amalga oshirish uchun barkamol avlodni tarbiyalash talab etiladi.

Har qanday davlatning vujudga kelishi, mustaqillikni qoʻlga kiritishi va uni barqaror rivojlantirib mustahkamlashi asoslarida albatta oʻsha xalq va millatning bilim darajasi, harakati va tarixi yotadi. Insoniyatning tajribasi va necha ming yillardan buyon xalqlar va davlatlar orasida davom etib kelayotgan siyosiy-mafkuraviy va maʼnaviy-axloqiy kurashlar Imom Buxoriy soʻzi bilan aytganda ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmasligini isbotladi.

Shunga koʻra aholimizning tinch-osuda hayotini taʼminlash, uning farovonligini oshirish, iqtisodiyotimizni izchil rivojlantirish, Oʻzbekistonimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini va oʻrnini yuksaltirish, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash boʻyicha oʻz oldimizga qoʻyayotgan maqsadlar miqyosi va koʻlamiga koʻra, xalqimizning ezgu umidlari bilan hamohangdir.

Shuning uchun barkamol, sogʻlom fikrli va eʼtiqodli, oila, jamiyat va davlat oldidagi burchi, masʼuliyatini anglab yetadigan, har tomonlama kamol topgan, vatanim deb, elim deb yonib yashaydigan va mehnat qiladigan yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega  avlodni tarbiyalashni davr-zamon taqozo etmoqda.

Shu maqsadda yoshlarga taʼlim-tarbiya berish yoʻlida oʻzbek xalqining allomalari tomonidan necha ming yillik ijod natijasida tarix zarvaraqlarida qoldirgan moddiy, maʼnaviy-axloqiy merosdan foydalanish va shu asosda zamonaviy bilimlarni berish zarurligi talab etmoqda.

Mana shunday vaziyatda odam oʻz mustaqil fikriga, zamonlar sinovidan oʻtgan, hayotiy-milliy qadriyatlarga, sogʻlom dunyoqarash negizida shakllangan mustahkam irodaga ega boʻlmasa, turli maʼnaviy tahdidlarga, ularning goh oshkora va goh pinhona koʻrinishidagi taʼsiriga bardosh berishi amri mahol. Buni kundalik hayotda dunyoning koʻp davlatlarining yoshlari hayotiga va kerak boʻlsa yoshi katta insonlarga ham uchrab turadigan koʻplab voqealar misolida kuzatish mumkin.

Hozirgi globallashuv jarayonida maʼnaviyatimizni tub maʼnoda asrab-avaylash va unga tahdid soladigan xurujlarga qarshi kurashish uchun avvalambor shu muqaddas yurtda yashayotgan har qaysi inson u yosh bola yoki yoshi katta boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻzligini anglashi, qadimiy va betakror tariximiz va dunyo maʼnaviyatini boyitishga hissasini qoʻshgan madaniyatimiz, ulugʻ ajdodlarimiz qoldirgan tengi yoʻq maʼnaviy-axloqiy va madaniy merosini chuqurroq oʻzlashtirishi, bugungi tez oʻzgarayotgan hayot voqeligini ongli qarab, mustaqil fikrlashi va diyorimizdagi barcha ijobiy oʻzgarishlar faxr va gʻurur uygʻotishi hamda vatanparvarlik, daxldorlik tuygʻusi bilan yashasa oʻz maqsadiga yetadi.

Barkamol avlodning maʼnaviy-axloqiy  tarbiyasiga asosiy mezon boʻlib xizmat qiladigan omillardan biri bu Islom dinining muqaddas kitobi Qurʼoni karim, Paygʻambarimizning hadislari va shu qatorda buyuk vatandoshlarimiz  Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Hakim Termiziy va boshqa muhaddis allomalarning hadislar toʻplamlari va buyuk  Sharq mutafakkirlarining maʼnaviy-axloqiy tarbiya toʻgʻrisidagi yaratgan asarlaridir.

 Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa  muhaddis allomalarning merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yana-da kuchaytirish hozirgi kunda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

2018 yil Davlatimiz rahbari  tashabbuslari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarori asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi, 2019 yil Termizda Imom Termiziy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi ochilishi  fikrimizning isbotidir. 

Buyuk mutafakkir va allomalarimizning islom madaniyatini ravnaq toptirishga qoʻshgan betakror hissasi toʻgʻrisida soʻz yuritganda, eng avvalo, haqli ravishda musulmon olamida “Muhaddislar sultoni” deb ulkan shuhrat qozongan, muborak diyorimiz zaminidan yetishib chiqqan Imom Buxoriy va u kishining hadislar toʻplami “Al-Jome as-sahih”  kitobini tilga olamiz va bu kitob Islom dinida Qurʼoni karimdan keyin ikkinchi manba hisoblanadi va odob axloqqa oid “Al-adab al-mufrad” asari ham maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalasiga qaratilgan bebaho asardir. Keyingi oʻrinda yurtdoshimiz Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy va u kishining “Sunani Termiziy” asarini, keyin esa avliyolar hakimi — Hazrat Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy va u kishining  “Navodir al-usul fi maʼrifati ahodis ar-Rasul” asarini faxr va iftixor ila tilga olamiz va oʻrganamiz. Ana shu vatandoshlarimiz tomonidan bayon qilingan hadislar va yaratilgan kitoblar paygʻambarimizning hayot ekanida aytgan soʻzlari, bajargan amallari va koʻrsatmalarini hamda Qurʼoni karim suralarini sharhlaydi, targʻib qiladi, qiymatini oshiradi, ahamiyatli va muhim tomonlarini tahlil qilgan holda, uni ommalashtirish vazifasini bajaradi. Bu yoʻlda buyuk mutafakkirlarimizning mazmunga boy, keng qamrovga ega boʻlgan tarbiyaviy merosidan toʻgʻri hamda oqilona foydalanish, undan namuna olish maqsadida turli yoʻnalishdagi taʼlim-tarbiya jarayoniga tatbiq etish ilmiy ahamiyatga egadir.

Eng nozik va murakkab boʻlgan bu sohada, avvalo, din maʼnaviyat va madaniyatning ustunlaridan biri ekanini, barcha zamonlarda milliy gʻoya va mafkura diniy qarashlar bilan uygʻun rivojlanishini nazarda tutish lozim. Din oʻz mohiyatiga koʻra poklik, mehr-oqibat kabi ezgu tuygʻular orqali milliy istiqlol mafkurasining gʻoyalarini yosh avlodning qalbi va ongiga singdiradi. Muqaddas dinimizga sogʻlom va moʻtadil munosabatni shakllantirish – bu boradagi eng muhim mafkuraviy vazifadir.

Milliy maʼnaviy-axloqiy tarbiyamizning bir teran tomiri, islom taʼlimotida Qurʼoni karimdan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi manba – hadislardir. Hadisi Sharifda Paygʻambarimizning hayoti va faoliyati, diniy va maʼnaviy-axloqiy yoʻl-yoʻriqlari, hikmatli soʻzlari, madaniyat, maʼnaviyat, axloq-odob, taʼlim-tarbiyaga oid bayon etgan hikmatli soʻzlarini baʼzan sunnat, baʼzan hadis, baʼzan esa xabar yoki asar shaklida qamrab olgan koʻrsatmalar mavjud. Hadislarda eng olijanob insoniy fazilatlar keng tashviq qilinib, odamiylik shaʼniga dogʻ tushiradigan barcha salbiy illatlar qoralanadi.

Hadislarni toʻplash VIII asrning 2-yarmidan boshlandi. Shu davrdan, yaʼni hijriy 90-yil, milodiy 708-yildan boshlab Oʻrta Osiyoda hadis ilmi bilan shugʻullanish keng taraqqiy etdi. Manbalarda taʼkidlanishicha, VIII-XI asr oʻrtalarigacha hadis ilmi bilan Sharqning turli tomonlarida mingdan ortiq kishi shugʻullangan. Paygʻambar nomlaridan 14 mingga yaqin hadis toʻqilgan. Shu bois ular qayta-qayta tekshirilib, hozirgi asl holatiga keltirilgan. Hijriy III, milodiy IX asr hadisnavis­likning oltin davri hisoblanadi. Hadisnavislar asosan Markaziy Osiyolik boʻlganlar. Ular Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (194/810-256/870), Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy (209/824-279/892), Abu Muhammad Abdulloh ibn Abu Rahmon Dorimiy Samarqandiy (181/797-255/868), Imom Abu Dovud Sulaymon Sijistoniy (202/817-275/888), Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Moja (209/824-273/886) va boshqalar. Mazkur hadisnavislar tomonidan toʻplangan hadislarda Rasuli Akramning hikmatli soʻzlari, harakatlari, koʻrsatmalari, tavsiya etgan va taqiqlagan odob-axloq qoidalari, yaʼni paygʻambar boʼlganlaridan (vazifalaridan) boshlab to vafotlarigacha oʻz ifodasini topgan. Hadislar inson maʼnaviy-axloqiy kamoloti­ning mezonini belgilab beruvchi manba sifatida insoniyat aql-idroki, tafakkuri, falsafiy fikr­lar yigʻindisini aks ettirgan. Buyuk turk yozuvchisi Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” kitobida paygʻambarmiz haqida; “Alloh taolo sari eltuvchi yagona saodat va hidoyat yoʻli bor, u ham boʻlsa, Paygʻambarimiz (s.a.v.) koʻrsatgan yoʻldir. Insoniyat erisha oladigan eng yuksak axloq qanday boʻlishi lozimligini paygʻambarimiz (s.a.v.) shaxsan yashab koʻrsatganlar. Bundan boshqa yoʻl qidiradigan kimsa badbaxt boʻlur. Uni kamsitadigan kishi dunyo va oxiratda xoru zor boʻlur. Unga qarshi chiqqanlar alal-oqibat balo-qazoga giriftor boʻlur” [1, b. 9]. Muhammad Huzariyning yozishicha, hadislarda Paygʻambarimiz  Muhammad sollallohu alayhi vasallamning bagʻrikengligi, sharm-hayoligi, muloyimligi, adolatparvarligi, saxiyligi, kechirimliligi, chidamliligi ifodalanib, ul Muborak Zotning quyidagi koʻrsatmalarida oʻz yechimini topgan.

- hamma insonlarning joni birdir. Ularning eng tubani ham birovlarni asrash koʻyida yuradi, dushmanga qarshi (turishda) uyushqoq boʻladi;

- insonlarning hammasi taroq tishlaridek barobardir;

- sen birovga ravo koʻrganni u senga ravo koʻrmasa, bunday suhbatdoshlikdan xosiyat yoʻq;

- har qanday sharoitda Allohga taqvodor boʻl, yomonlik qilsang, uni yaxshilik bilan yuv. Odamlarga xushmuomala boʻl. Har qanday ishning yaxshisi oʻrtachasidir;

- inson hayotiga zarur hisoblangan ayrim narsalarning oz boʻlishi fazilatdir. Masalan: ovqat bilan uyquning kami shu jumlaga kiradi. Koʻp yeyish, koʻp ichish-ochkoʻzlik, shahvatparastlik nishonasidir [2, b. 111]. 

Maʼlumki, mamlakatda demokratik islohotlarni yana-da rivojlantirish, fuqarolik jamiyati asoslarini qurish sharoitida inson barkamolligining muhim tarkibiy qismi hisoblangan aql-farosat, ilmu odob, xushfeʼllik, poklik, halollik, vijdonlilik, mehnatga muhabbat, vatanga sadoqat, ozodlik, tinchlik, birdamlik, qardoshlik, diyonat, adolat, mehr-shafqat, goʻzal ijtimoiy hayot, sogʻlom turmush tarzi kabi maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni oʻzida shakllantirgan yoshlarni voyaga yetkazish muammosi dolzarb muammo sifatida eʼtirof etilgan. Yoshlarda bunday fazilatlarni tarbiyalash yoshlikdan boshlanib, ular jamiyatdagi butun tarbiya tizimidagi oila, maktab, jamoatchilik, mahalla, ayniqsa, oʻquv-tarbiya muassasalarining oʻquv jarayoni, foydali mehnat, sport, madaniy-maʼrifiy ishlar orqali amalga oshiri­ladi. Ammo yoshlarda bunday maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishda islom madaniyatining behisob durdonasi hisoblangan hadisi  sharifning oʻrni beqiyosdir. Zero, hadislar halollik, poklik, haromdan hazar qilish, birovlar haqiga xiyonat qilmaslik, kattalarga, beva-bechora, miskinlarga mehr-muruvvat, ota-ona, qarindoshlarga hurmat, mehnatsevarlik, mehr-oqibat, sabr-qanoat kabi maʼnaviy-axloqiy qonun-qoidalarning muhim tamoyillaridan iborat. Shuning uchun ular oʻz mazmuniga koʻra har  bir kishining ishonchini, iymon-eʼtiqodini mustahkamlash va uni maʼnaviy-axloqiy kamolotga yetkazish uchun xizmat qiladi.

Hadislarning tarbiyaviy taʼsir kuchi ularda bayon etilgan fikrlarning ishonarliligi, haqqoniyligi, xalqchilligi, ilgari surilgan gʻoyaning hayotiyligi kabi jihatlari bilan ajralib turadi. Hadislarda xalq orasida sinalgan, tajribada koʻrilgan ezgu gʻoyalar kuchaytirilgan holda bayon qilingan. Ular nasihat va talab shaklida xalq ommasiga yetkaziladi, salbiy gʻoyalardan ogoh qilinadi va ijobiy sifatlar targʻib etiladi. Bu bilan hadislarning tarbiyaviy taʼsir doirasi kuchaytiriladi.

Hadislarda umuminsoniy, milliy, maʼnaviy-axloqiy mezonlar targʻib etiladi. Ularda shaxsiy burch (ota-ona, qarindosh-urugʻ, farzand oldidagi masʼuliyat) va ijtimoiy burch (musulmon diniga eʼtiqod, xalq, jamoatchilik oldidagi javobgarlik hissi, oʻz Vatani ravnaqi, gullab-yashnashi, xalq manfaati uchun mehnat qilish) oʻzaro mutanosiblikda  oʻz  ifodasini topadi. Maʼnaviy-axloqiy fazilatlar “savob”, salbiy xususiyatlar esa “gunoh” mezonlari asosida oʻlchanadi.

Hadislarda “savob” deb ataluvchi maʼnaviy-axloqiy fazi­latlar: ota-ona, aka-uka, urugʻ-aymoqqa, keksalarga hurmat, ilmli boʻlish, doʻstlik, insonparvarlik, vatanparvarlik, ayollarni qadrlash, saxovat, rostgoʻylik, iffat, hayo, ibo, nonni eʼzozlash, diyonat, rahm-shafqat, eʼtiqod, mehr-oqibat, xayr-ehson, mehmondoʻstlik, poklik, bilimdonlik, xushxulqlik, vazminlik, tadbirkorlik, tashabbuskorlik, toʻgʻrilik, mehnatsevarlik, qanoat, sabr-bardoshlik, saxiylik, sadoqat, kamtarlik, salohiyatlilik, tejamkorlik, sir saqlash, marhamatlilik, tavoze, sabotlilik kabi jamiyat taraqqiyotini belgilovchi maʼnaviy-axloqiy sifatlar tarzida namoyon boʻladi. Masalan: “Oʻzingga yoqqan narsani, boshqalarga ham ravo koʻr” (27-hadis) [3, b. 6], “Omonat qoʻygan kishining omonatini oʻz vaqtida ado eting. Haqqingizga xiyonat qilgan kishiga siz xiyonat qilmang!” (36-hadis) [3, b. 7], “Qachonki biror gunoh ish qilib qoʻysangiz, uni yuvish uchun orqasidan bir savobli ish qiling!” (60-hadis) [3, b. 8], “Odamlarga yaxshilik qilish va qarin­doshlar bilan yaqin aloqada boʻlib, hol-ahvol soʻrashib turish – bu savobi tez tegadigan xayrli ishlardandir. Zulm va qarindoshlardan uzilib ketish esa jazosi tez bilinadigan yomon ishlardandir” (71-hadis) [3, b. 9], “Imonning afzali – sabr va keng qalbli boʻlishdir”, “Sadaqani erta tongda ber. Baloni yerga tushmay qaytaradi” (59-hadis) [3, b. 8], “Yenglar, ichinglar, kiyininglar, sadaqa qilinglar, ammo isrof qilmanglar, magʻrurlanmanglar” (429-hadis) [3, b. 30].

Hadislar musulmonlarning xulq-atvorlarini, axloq-odobini, xatti-harakatini, yurish-turishini tartibga solib, har qanday salbiy harakatlarni sodir etishga izn bermaydi. Shu sababli ham hadislar maʼnaviy-axloqiy tarbiya vositasi sifatida kishilarni diyonat, insof, vijdon, iymon, adolatga daʼvat etadi.

Hadislarda ota-onaga hurmat, mehr-muhabbat, rahm-shafqat koʻrsatish gʻoyasi muhim koʻrsatma sifatida targʻib qilinib, majburiy burch tarzida ifoda etilgan, qonunlashtirilgan. Farzandning ota-ona oldidagi burchi, vazifalari, ota-onaning farzand oldidagi burchi kabi masalalar qamrovi kengaytiriladi. Bular hadislarda ota-onaga hurmat, mehr-shafqat, muhabbat, eʼzoz, moddiy va maʼnaviy yordam berish, ularning amriga boʻysunish, ota-ona dunyodan oʻtgach, ularning doʻstlari, birodarlari, qarindosh-urugʻlari bilan aloqani uzmaslik, vasiyatlariga sadoqatli boʻlish kabilar alohida taʼkidlanadi: “Avvalo onangga, yana onangga va yana onangga, soʻng otangga va yaqin boʻlgan qarindoshlaringga yaxshilik qil” (115-hadis) [3, b. 11], “Ota-onalarning keksalik vaqtida har ikkisini yoki biri boʻlmaganda boshqasini rozi qilib, jannatiy boʻlmagan farzand xor boʻlsin, xor boʻlsin va yana xor boʻlsin” (322-hadis) [3, b. 24], “Otangiz vafotidan keyin uning doʻstlari bilan aloqani davom ettiring. Ular bilan aloqani uzsangiz, Tangri sizning nuringizni (obroʻ-eʼtiboringizni) oʻchiradi” (33-hadis) [3, b. 7].

Hadislarda ezgulik, muruvvatlilik, goʻzal xulqqa ega boʻlish yuksak insoniy fazilat sifatida tavsiflanadi. Mehr-muhabbat, sadoqat va muruvvat boʻlmagan insonda badgumonlik, gʻiybat, hasad, ochkoʻzlik kabi salbiy xususiyatlar koʻpayadi, oʻzgalarni kamsitadi, munofiqlik qiladi, riyokor boʻladi, deb taʼkidlanadi. 

Hadislarda bola tarbiyasiga ham eʼtibor qaratilib, oʻz oʻgʻil-qizlarini yaxshi tarbiyalab, el-yurt xizmatiga tayyorlagan kishilarga oxiratda ulugʻ neʼmatlar mavjudligi uqtiriladi. Chunonchi, “Har bir ota oʻz farzandiga xulqu odobdan buyukroq meros berolmaydi” (500-hadis) [3, b. 34], “Kimki oʻzining yoki birovlarning yetim bolalarini to voyaga yetib, mustaqil hayot kechiradigan boʻlgunlaricha tarbiya qilsa, unga jannat muqarrardir” (579-hadis) [3, b. 38], “Ikki qiz farzandni boqib, tarbiyalab voyaga yetkazgan odam bilan Men jannatda birga boʻlurman” (580-hadis) [3, b. 38], “Kimki uchta qiz farzandni oʻstirib, tarbiyalab, voyaga yetkazib, munosib joylarga uzatsa, uning mukofoti jannatdir” (602-hadis) [3, b. 40]. Shuningdek, Paygʻambarimiz oʻz ummatlarini olijanoblikka undab, muruvvatli boʻlishga, havoi-nafsga berilish, manmanlik, kibr-havo, munofiqlik, adolatsizlik, hasad, gʻiybat, ochkoʻzlik kabi illatlar­dan saqlanishga daʼvat etganlar: “Kishining olijanobligi dinidir. Muruvvati aqlidir. Uning nasabi esa xulqidir” (607-hadis) [3, b. 40], “Kimki boshqalarga rahmu shafqat qilmasa, unga Alloh ham rahmu shafqat qilmaydi” (606-hadis) [3, b. 40.], “Kimki birovga yomonlik qilsa, shu dunyoning oʻzidayoq jazosini koʻradi” (610-hadis) [3, b. 40.], “Badbaxt odamgina rahmu-shafqatni bilmaydi” (670-hadis) [3, b. 43.].

Maʼnaviy-axloqiy tarbiyaning eng goʻzal tarkibiy qismlaridan biri kamtarlikdir. Kamtarlik insonga madaniylikni, odamiylikni, jasurlikni, mardlikni ifodalaydi. Insonning kamtarligi munosabatda, mehnatda, muomalada namoyon boʻladi. Kamtar kishida manmanlik, havoi-nafs, kekkayib yurish boʻlmaydi, u doimo odob-axloq doirasida ish yuritib, oʻzgalarga mehr-shafqatli, diyonatli boʻladi. Soʻzi bilan ishining natijasi bir xil boʻladi. Soʻzida turish, moʻmin boʻlish, odamlarga yaxshi muomala qilish kamtarlik belgisidir deyiladi. Paygʻambarimiz hadislarida: “Kiyim kiyishda, yurish-turishda oʻzini kamtarroq olish iymondandur” (332-hadis) [3, b. 25.], “Har bir narsaning kaliti bor. Jannatning kaliti miskin faqirlarni sevishdir” (446-hadis) [3, b. 31.], “Odamlar bilan murosa-yu madorada boʻlish ham sadaqa hisoblanur” (509-hadis) [3, b. 34.].

Hadisi sharifdagi “Nonni eʼzozlanglar”, “Axmoqdan uzoqlashing”, “Oʻgʻrilik qilma”, “Pora oluvchiga ham pora beruvchiga ham ming laʼnatlar boʻlsin”, “Taʼmagirlik qilma”, “Oʻzingga ravo koʻrmaganni boshqalarga ham ravo koʻrma” mazmunida bayon etilgan qadriyatlar yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilat sifatida barcha insonlarni yaxshilikka, ezgulikka, mehr-shafqat, iymon-diyonatga yetaklab keldi va shunday boʻlib qoladi.

Umuman hadislar islom madaniyati, ilm-maʼrifati, maʼna­viy-axloqiy tarbiya rivojiga katta hissa qoʻsha olgan taʼlimotdir. Bu tabarruk taʼlimot hozirgi mamlakatni demokratik asosda isloh qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sharoitida yosh avlodning iymon-eʼtiqodli, mehr-shafqatli, goʻzal xulq-atvorli, maʼnaviyat va ilmiy dunyoqarash sohibi boʻlib kamol topishida muhim manba boʻlib xizmat qilishi tabiiy holdir.

Hadislar vositasida barkamol yosh avlodni maʼnan yetuk, axloqan pok, jismonan baquvvat, ona-vatanga sadoqat va muhabbat, sogʻlom fikrli hamda mamlakatda madaniy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar: obodonlashtirish, mozorlarni tozalash, ariq-zovurlarni tartibga keltirish, ekinzorlarni koʻpaytirish, koʻkalamzorlashtirish, qurilishlarni taʼmirlash kabilarni amalga oshirishga daʼvat etish maʼnaviy-axloqiy tarbiyaga boʻlgan ehtiyojni oʻstirishga xizmat qiladi. Bunday ezgu ishlarni amalga oshirish natijasida har bir kishida ruhiy tetiklik, vijdon oldida poklik, yaxshilikka ehtiyoj tugʻiladi.

 

Sharifbek Saidaxmatov,

Termiz davlat universiteti akademik litsey direktori, 

Terdu mustaqil tadqiqotchisi

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari. – Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2019. 
  2. Begmatov S. Oʻzbekiston xalq maʼnaviyati. ( Oʻquv qoʻllanma). – T., 1995.
  3. H.Hikmatullayev, A. Mansurov Axloq-odobga oid hadis namunalari . – Т., 1990.

 

Izoh qoldirish