QADIM ALOQALARDAN YANGI MARRALAR SARI
Do'st va mushtarak qadriyatlarga ega ikki davlat — O'zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni podshohligi o'rtasidagi munosabatlar barcha sohalar hamda turli yo'nalishlarda yildan yilga rivojlanib bormoqda.
Do'stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar o'zaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda. Ko'plab ijtimoiy-tarixiy va madaniy-ma'rifiy mushtarakliklar har ikkala xalq uchun bir xilda faxr-iftixor manbaidir.
Joriy yil 19 iyul` kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo'lib o'tgan Ko'rfaz arab davlatlari — Markaziy Osiyo oliy darajadagi birinchi sammitida davlatimiz rahbari nutq so'zlab, azal aloqalarga alohida to'xtalib o'tdi: “Markaziy Osiyo va Ko'rfaz mintaqasi xalqlarini azaldan yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va urf-odatlar, eng muhimi, muqaddas islom dinimiz chambarchas bog'lab turadi. Movarounnahr va Arabiston diyorlari o'rtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda buyuk mutafakkir va alloma bobolarimizning beqiyos xizmatlari borligini faxr bilan eslaymiz. “Barcha muhaddislarning peshvosi” — ulug' alloma Imom Buxoriy ana shunday siymolardan biridir”.
Darhaqiqat, Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Xoja Muhammad Porso kabi allomalarimizning ilmiy faoliyatida Makka va Madina shaharlarining o'rni beqiyos. Imom Buxoriy bobomiz islom olamidagi Qur'oni karimdan keyingi muqaddas manba bo'lmish “Al-Jome as-Sahih” (“Ishonchli hadislar to'plami”) asarini yozishni Makka shahridan boshlagan edi.
Ma'lumotlarga ko'ra, etuk olim SHayx Ali Samarqandiy o'n to'rt yil Makkada imomlik qilgan. O'tgan asrlarda muqaddas shaharlar ziyoratiga borgan ajdodlarimizda hajnoma yoki haj safari xotiralari yozishdek go'zal an'ana bo'lgan. Mazkur turdagi asarlar sirasiga Hoji Abdurahmon Samarqandiyning “ar-Risolatul mubaraka tabyinu ahvoli Makkatil muazzama val Madinatil munavvara” (“Makkai muazzama va Madinai munavvaraning bayoni haqidagi muborak asar”), Mirzo Olim Maxdum ibn Domullo Mirzo Rahim Toshkandiy tomonidan yozilgan “Dar bayoni rohi haj” (“Haj yo'llari bayoni”), Muhammad Solih Oxund Toshkandiyning “Hajnoma”, Sulaymonxo'ja Ulug'xo'ja o'g'li Nodimning “Hajnomai Nodim” asarlarida Jidda, Makka va Madinaning iqlimi, tabiati, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga doir qimmatli tarixiy ma'lumotlar keltirilgan. SHuningdek, Qori Rahmatulloh Vozehning “G'aroyibul xabar fi ajoyibis safar” (“Ajoyib safardagi g'aroyib xabarlar”), Xolmuhammad o'g'li Furqatning “Haj safari xotiralari”, Ishoqxon to'ra Ibratning “Haj safari xotiralari”, Mahmudxo'ja Behbudiyning “Sayohat xotiralari”da ham muqaddas shaharlar tavsifi keltirilgan.
1979 yilda Ka'batullohning oltin eshigidagi yozuv va bezaklarni vatandoshimiz Abdurahim Amin Buxoriy (1917-1993 yy.) suls xatida yozib bergan. U 1917 yilda Qo'qon xonligi hududida tavallud topgan. 20-yillar boshida Saudiya Arabistoniga ko'chib kelgan, 60-yillarda Saudiyaning eng mashhur xattoti sifatida shuhrat qozongan.
2022 yilning 17-18 avgust kunlari davlatimiz rahbari Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida Madinai munavvarada Payg'ambarimiz alayhissalomning siyratlari va islom tamadduni muzeyi bilan tanishish asnosida yurtimizda ulug' allomalar nomi bilan ilmiy markazlar tashkil qilingani, islom madaniyati obidalari asrab-avaylanayotganini ta'kidlab, Saudiya olimlarini O'zbekistonga kelib, bu borada o'zaro ilmiy hamkorlikka da'vat qilishi zamirida ham ana shunday tarixiy ulug' maqsad yotibdi.
Albatta, ushbu aloqalar rivojida haj va umra safarlarining ahamiyati katta. Xususan, o'tgan asrlarda Turkiston musulmonlari Makka va Madinaga uch yo'l — eron va Iroq, Afg'oniston — Hindiston — Hind okeani, Kaspiy dengizi — Ozarbayjon — Gruziya — Qora dengiz — O'rta er dengizi — Misr va Qizil dengiz orqali borishgan. Ushbu yo'llar asrlar davomida xalqimizning Arabiston bilan ijtimoiy, madaniy, siyosiy, iqtisodiy va ilmiy aloqalarida muhim rol` o'ynab kelgan.
YUrtimiz musulmonlarining islom dinining muqaddas qadriyatlariga ehtiromi azal-azaldan doim baland bo'lgan. XX asr boshlariga qadar Makka va Madina shaharlarida Turkistondan borgan ziyoratchilarning haj ibodatini ado qilish davomida qolishiga mo'ljallangan turli homiylar, hukmdorlar tomonidan tashkil etilgan, vaqf qilingan 27 ta takya, ya'ni o'ziga xos musofirxonalar faoliyat yuritgan. Ular Makka va Madina shaharlarida moddiy ahvoli nochor ziyoratchilar uchun O'zbek, Buxoro, Naqshbandiy, Marg'inoniy, Buxoriy, Samarqandiy, Toshkandiy, Andijoniy, Xo'qandiy va Namangoniy kabi nomlar bilan faoliyat ko'rsatgan.
eng muhimi, ushbu musofirxonalar o'zbek xalqining milliy madaniyati, urf-odatlariga mos ravishda qurilgan va jihozlangan bo'lib, dunyoning turli go'shalaridan kelgan hojilarga xizmat ko'rsatgan.
Ularda musofirlar uchun o'zbek milliy taomlari tortilgan hamda Ahmad YAssaviy, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab kabi o'zbek adabiyoti vakillarining she'rlari o'qilib, g'azalxonliklar qilingan. SHu jihatdan ushbu musofirxonalarni o'zbek milliy madaniy maskanlari ham deyish mumkin.
YOzma manbalar ikki xalq o'rtasida mustahkam ilmiy aloqalar izchil davom etganiga dalolat qiladi. Xususan, Xoja Muhammad SHafi' Samarqandiy tomonidan Madinai munavvara shahrida 1761 yilda “Dorul marhamat” (Marhamat dargohi) nomli madrasaga asos solingan. Madrasa Madina shahrining Hajjamin ko'chasida joylashgan bo'lib, u erda imkoniyati cheklangan talabalarga darslar berilgan.
Buxoro amirligi va Usmoniylar davlatida katta nufuzga ega bo'lgan SHayx Sulaymon Buxoriy (1820-1890 yy.)ning o'g'li Abdurahmon Buxoriy tomonidan 1867 yilda Madina shahrining Habis ko'chasida “Al-Madrasatul o'zbakiyatil jadida” (“YAngi o'zbek madrasasi”) nomli madrasa bunyod etilgan.
Darhaqiqat, xalqlarimiz o'rtasida ko'p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun chuqur tarixiy ildizlarga ega imkoniyatlar mavjud. Bularning barchasi ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni bundan-da mustahkamlash uchun imkondir.
Davlatimiz rahbarining Saudiya Arabistoniga safariga doir xabarlarni kuzatar ekanmiz, Prezidentimizning buyuk alloma-ajdodlarimiz orzu-umidlari, xohish-istaklariga mos ravishda xalqimizning buyuk tarixini tiklash, bugungi kuni shon-shuhratini Uchinchi Renessans poydevori sifatida tarixga muhrlash borasidagi qat'iy intilishlariga guvoh bo'lamiz.
Binobarin, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning bu masaladagi haqli va adolatli e'tirofi fikrimizning yaqqol dalilidir.
Mana shunday yaqinlik va mustahkam tarixiy aloqalar, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni hamkorligiga davlat darajasidagi e'tibor bundan buyon ham har ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga mos farovonligi yo'lida chuqurlashib borishining eng ishonchli garovidir.
Muzaffarxon JONIEV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi direktori v.v.b.,
tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD)
Izoh qoldirish