08.08.2023

BUXORO ZIYORATGOHLARI

Yurtimizda muqaddas manzilgohlar, islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ avliyo va allomalarning mangu orom topgan ziyoratgohlar behisob. Ayniqsa, “Qubbatul islom” (“Islom dinining gumbazi”) degan yuksak nomga sazovor bo‘lgan Buxoroyi sharif o‘zining muqaddas ziyoratgohlari bilan nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ma’lum va mashhurdir.  Buxoro – Naqshbandiya tariqatining namoyandalaridan bo‘lgan yetti buyuk pirlar vatani. Bu yerda tasavvufning buyuk vakillari yashab, diniy va ijtimoiy hayotda muhim rol o‘ynaganlar. Ushbu pirlar Buxoroning obodligi, ma’naviy qiyofasining yuksalishiga katta hissa qo‘shdilar. Bu yerda pirlar, musulmonlarning ziyoratgohlari, ulug‘ so‘fiylarning maqbaralari saqlanib qolgan. Buxoroni ziyorat qilishga keluvchilarning aksariyati o‘z ziyoratlarini Xojagon (keyinchalik Xojagon-Naqshbandiya) tariqatining asoschisi – Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy maqbarasini ziyorat qilishdan boshlaydilar. Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy davrida maqbaraning o‘rnida chillaxona bo‘lib, odamlar bu yerga yozning issiq chillasida ibodat qilish uchun kelganlar. Keyinchalik ushbu joy ibodat qilishga mo‘ljallangan muqaddas qadamjoga aylandi. Yaqin o‘tmishda ziyoratgoh qarovsiz qolgan. Maqbara bugungi go‘zal ko‘rinishga kelishi uchun bir necha avlodlar almashinuvi kerak bo‘ldi. Endilikda, Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy maqbarasi Ko‘hna Sharqning ajralmas bir qismi sifatida yer va osmonni bog‘lab turibdi.

Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy maqbarasi – Xoja Orif ar-Revgariy dafn etilgan joy. U Buxoroning yetti muqaddas pirlaridan ikkinchisi hisoblanadi. Uning ulug‘vor yuzi qaysidir ma’noda oyni eslatgan. Shu sababli zamondoshlari unga “Mohitobon” – “to‘lin oy” laqabini berishgan.  U XII asr o‘rtalarida Revgar qishlog‘ida tug‘ilgan. U buyuk shayx Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyning shogirdi edi. Ustozining vafotidan so‘ng, u boshqalarga ma’naviy ustozlik qilishga ijozat olgan. Umrining oxiriga qadar Orif Revgariy faol diniy faoliyat bilan shug‘ullanib, baland ovozda zikr qilishni nihoyatda sevgan. U Buxoro hududidagi Shofirkon tumanida dafn qilingan.

Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy maqbarasi -  buyuk so‘fiy, ma’naviy ustoz dafn etilgan joy. U Vobkent shahri yaqinida tug‘ilgan. Anjir Fag‘naviy usta-duradgorlik bilan shug‘ullangan. Ilm yo‘lini bosib o‘tib, murshid darajasiga chiqqan. Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy birinchi bo‘lib zikrni baland ovozda talaffuz qilib, “uxlayotganlar uyg‘onishlari kerak” deb hisoblagan. U ona qishlog‘i Anjirobodda dafn qilingan. 

Xoja Ali Romitoniy yodgorlik majmuasi – Xojagon so‘fiylik maktabining mashhur ma’naviy ustozi dafn qilingan joy. Xalq orasida ushbu so‘fiy “Muhtaram shayx” nomi bilan mashhur bo‘lgan. XII asr oxirlarida Romitan shahrida tug‘ilgan. Butun hayoti davomida to‘quvchilik kasbi bilan shug‘ullangan. U Mahmud Fag‘naviyning shogirdi bo‘lgan. Xoja Ali Romitoniy imkonsiz ishning uddasidan chiqib, mo‘g‘ullarni islomga o‘tkazishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Mo‘g‘ullar bosqinidan keyin tarqoq hududlarni birlashtirdi, tabiblik bilan ham shug‘ullandi. Afsonaga ko‘ra, so‘fiy odamlar gapirmasdan oldin ularning fikrlarini o‘qigan, bermoqchi bo‘lgan savollariga javob bergan. O‘zining uzoq va taqvoga asoslangan hayotida ko‘plab shogirdlar yetishtirgan. Ular orasida o‘z o‘g‘li ham bor edi. U kenja o‘g‘li Xoja Ibrohimga o‘z ta’limotini davom ettirishni vasiyat qilgan.

Xoja Muhammad Bobo Samosiy yodgorlik majmuasi - Xoja Ali Romitoniyning shogirdi bo‘lgan mashhur so‘fiyning dafn qilingan joyi. Xoja Samosiy so‘fiylik rivojiga katta hissa qo‘shgan, buyuk zot  - Bahouddin Muhammad Naqshbandiyning dunyoga kelishini bashorat qilgan. Murshid 1354-yil 95-yoshida vafot etgan. Muqaddas maqbara Romitan tumanining Simas qishlog‘ida joylashgan. Bu yerda ushbu bebaho inson o‘z shogirdlariga vasiyat qilganidek, maqbara, masjid, quduq va go‘zal bog‘ barpo qilingan.

Xoja Sayyid Amir Kulol Buxoriy yodgorlik majmuasi - Sayyid Amir Kulol dafn etilgan joy. Hayotlik chog‘ida u “buyuk” ma’nosini anglatuvchi “Kalon” nomini olgan. Kulolchilik bilan kun kechirgan. Buyuk ustoz sifatida tanilgunga qadar ham xalq orasida mashhur bo‘lgan. Sayyid Amir Kulol diniy ulamo bo‘lib, 100 dan ortiq shogirdlarga ega bo‘lgan. Ular orasida Bahouddin Muhammad Naqshband ham bor edi. U Naqshbandiyni tariqat asoslari, zikrni to‘g‘ri o‘qish va Xojagon tariqatining tasavvufiy an’analari bilan tanishtirdi. 

Xoja Bahouddin Naqshband majmuasi – Buxorodan 12 km uzoqlikda joylashgan noyob yodgorlik majmuasi. Majmua buyuk so‘fiy, diniy ulamo, eng yirik so‘fiylik tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband sharafiga qurilgan. Naqshband laqabi “naqsh soluvchi” degan ma’noni bildiradi. Tasavvufga bo‘lgan qiziqishiga bobosi sabab bo‘lgan. Uning birinchi ustozi shayx Muhammad Bobo Samosiy bo‘lgan. Keyinchalik ustozi Naqshbandiyni Xojagon jamoati bilan tanishtirgan Shayx Amir Kulol huzuriga jo‘natdi. Bahouddin Muhammad Naqshband oddiylik tarafdori bo‘lib, marosimlar va namoyishkorona taqvo qilishni rad etgan. U meditatsiya (mushohada)ning 11 qoidasini ishlab chiqqan. Naqshband o‘ziga xos nafas olish usuli orqali “ovozsiz zikr” tushunchasini keng yoydi. Naqshbandiya tasavvuf tarifati butun dunyoda keng tarqalgan. Bahouddin Muhammad Naqshband majmuasi madrasa, ikkita masjid, minora va ushbu buyuk shaxsning hayoti va faoliyatiga oid qiziqarli eksponatlar va ma’lumotlar to‘plangan muzeydan iborat. So‘fiylar ustozi bo‘lgan bu inson solihlarga xos hayot kechirgan va odamlar uchun ibrat namunasi bo‘lgan.

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Izoh qoldirish