BEBAHO NE’MAT
Har qanday xalq va mamlakat taraqqiyoti, shubhasiz uning istiqloli, xalq erkinligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Buni rivojlangan mamlakatlar misolida ham bemalol ko‘rish mumkin. Xuddi shunday mamlakatimiz o‘z istiqlolini qo‘lga kiritishi uning taraqqiyoti, rivoji uchun cheksiz imkoniyatlar taqdim etdi. Shuni komil ishonch bilan aytish mumkinki, istiqlolning ilk yillaridan boshlab, mamlakatimizda barcha sohalar, xususan diniy-ma’rifiy soha rivoji uchun ham tamal toshlari qo‘yildi, ajdodlarimizning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama tadqiq etish, ushbu g‘oyalarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilgan holda, qanday buyuk zotlarning avlodi ekanligini ular ongiga singdirish, bu orqali esa mustaqillik poydevorini mustahkamlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etdi. Mustaqillik, eng avvalo xalqimizga e’tiqod erkinligini berdi. Istiqlol yillarida qabul qilingan eng muhim qonunlardan biri ham “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun bo‘lib, yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan barcha din vakillari uchun gumanistik tamoyillarga asoslangan holda, vijdon erkinligini taqdim etdi. Ayniqsa, joriy yil 5 iyulda mazkur qonunning yangi tahririning qabul qilinishi vijdon erkinligi sohasidagi ishlarning yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Zero, vijdon erkinligi to‘la ta’minlangan mamlakatlarda mustaqillik kuchli poydevorga ega bo‘ladi.
Istiqlol yillarida, ayniqsa so‘nggi yillarda vatan va xalq mustaqilligi uchun kurashgan, bu yo‘lda jonini fido etgan asl vatanparvarlarning nomini oqlash, ularning nomlarini abadiylashtirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganligi ham bejiz emas. Ayniqsa, 2021 yil 25 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1920-1930 yillarda istiqlol uchun kurashgan va qatag‘on qilingan 115 kishining oqlanishi ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu vatanparvarlarning faoliyati, erk uchun olib borgan kurash tarixi bugungi kun uchun ham ibrat namunasi bo‘lib, mustaqillikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini, unga erishish yo‘lida ne-ne zotlar jonini fido qilganligini doimo bizga eslatib turadi.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan eng katta islohotlardan yana biri ilmiy-tadqiqtot markazlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Bugungi kunga kelib respublikamizda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushba markazlar haqiqiy ma’noda mustaqillik xalqimizga ajdodlar merosini o‘rganish uchun taqdim etgan imkoniyatning mevalaridir.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish