ISLOM BAG' RIKENGLIK DINI
Islom tinchlik demakdir. Tinchlik, osoyishtalik, bag’rikenglik, tolerantlik islom dinidagi muqaddas manbalarning har bir kalimasida o’z ifodasini topgan.
Alloh taolo o‘z bandalarini o‘zaro bahamjihatlikka, do‘stlik va hamkorlikka, tinchlikka da’vat etib: “Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz!”[1], – deb marhamat qiladi. Yaratganning ushbu muborak kalomidan ham bag’rikenglik, ahillikning naqadar bebaho, insonning ma’naviy-axloqiy, ilmiy va aqliy rivojida benazir ahamiyatga ega ekanligini bilib olishimiz mumkin.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, barcha ilmiy yuksalishlar, Sharqda va Gʻarbda yuz bergan Uyg‘onish davrlarining asosida dinlararo muloqot va bag’rikenglik omili turganligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, islom olamida VIII asrga kelib yunon, fors, hind va boshqa madaniyatlarga oid ko’p sonli asarlar arab tiliga tarjima qilinib, islom olamining taraqqiyoti yo’lida safarbar qilindi. IX-XII asrlardagi birinchi Sharq Renessansi, Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan sohasidagi taraqqiyotga ham turli din olimlarining xizmati beqiyos ekanligini alohida qayd etish joiz.
Shu nuqtai nazardan aytish lozimki, Uchinchi Renessans tomon ildam harakat qilayotgan Yangi O’zbekiston davlat siyosatining asosiy tamoyillaridan biri ham nafaqat mamlakatda, balki butun dunyoda dinlararo muloqot va bag’rikenglik muhitini o’rnatishga da’vat qilish, bu yo’lda bor kuch-g’ayratini safarbar qilishdan iborat. Xususan, kuni kecha Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so’zlagan nutqida butun dunyo e’tiborini diniy bag’rikenglik tamoyilining xalqlar va davlatlar taraqqiyotida naqadar muhim ahamiyat kasb etishiga, ksenofobiya, ya’ni diniy sig’dirolmaslik illatining jamiyat tanazzuliga sabab bo’luvchi tushuncha ekanligiga qaratdi. Darhaqiqat, islom dinida o’zga din vakillariga nisbatan mehr-muruvvatli bo’lish, ularning joni va moliga zarar yetkazmaslik, do’stona munosabatlar har doim ulug’lanib kelingan.
Umuman olganda, din Alloh taolo tomonidan oʻz xalqiga berilgan eng buyuk neʼmatdir, din manfaatlarning eng oliysi, hikmatlarning eng afzalidir. Ammo johil kishilar, garchi din va hikmatdan uzoq boʻlsalar ham, ularning fazlidan oʻz johilliklari yoʻlida foydalanmoqchi boʻladilar. Bugun bir mamlakatdagi osoyishtalikni barbod etish uchun qurol bilan emas, g’oya bilan, mafkura bilan hujum uyushtirish eng samarali usullardan biri ekanligi tobora oydinlashib bormoqda. Bugungi globallashuv davrida, mafkuraviy xurujlar butun dunyo uchun xavfli bo‘lib bormoqda, ekstremizm va terrorizm, separatizm kabi turli radikal kuchlar yoshlar ongini buzg’unchi g‘oyalar bilan zararlashga harakat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan muqaddas Islom dinidagi tinchlikka, yaxshilikka da’vat etuvchi tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilayotgan, ushbu tushunchalardan o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida foydalanuvchi kuchlarning xatti-harakatlari, dinni obro‘sizlantirishga qaratilgan g‘oyalariga qarshi immunitetni shakllantirish, mustahkam ma’naviy makonni shakllantirish masalasi har qachongidan ham muhimdir. Shu nuqtai nazardan yurtboshimiz tomonidan BMT minbaridan turib aytilgan diniy bag’rikenglikni ta’minlash borasidagi takliflar islomning asl mohiyatini noto’g’ri talqin qiluvchilarga qarshi ma’rifat asosida kurashishda, jamiyatda bag’rikenglik va tolerantlik muhitini mustahkamlashda muhim rol o’ynaydi.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi
[1] Hujurot surasi 9-oyat.
Izoh qoldirish