TINCHLIK VA BAGʻRIKENGLIKKA CHORLOV
Bu yangi tashabbuslar umumbashariy muammolarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir
Yurtimizda ilm-maʼrifatga eʼtibor, ajdodlar merosini oʻrganish, targʻib etish va islom dinining insonparvarlik, bagʻrikenglik, ezgulikka qaratilgan gʻoyalarini jamiyat maʼnaviy hayotiga yoʻnaltirish muhim ishlardan boʻlmoqda. Ayniqsa, “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans” ezgu gʻoyasining ilgari surilishi va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi bugungi globallashuv jarayonida muhim amaliy qadamlardandir.
Bugun geosiyosiy maydonda turli nizolar, etnik toʻqnashuvlar, iqlim oʻzgarishi, ochlik va tengsizlik, ayirmachilik singari umumbashariy muammolar kuchayib borayotir. Bu kabi jarayonlar dunyo hamjamiyatini hamisha hushyorlikka chaqiradi, hamjihatlik bilan ish yuritishga undaydi. Shu bilan birga, umumbashariy muammolarni bartaraf etishda umummilliy gʻoya, umuminsoniy tuygʻu, oʻzaro murosakorlik asosiy maslak boʻlishi lozimligini taqozo etadi. Ayni shu jihatlarga eʼtibor qaratgan holda, Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro darajadagi sammit va yigʻilishlarda tinchliksevarlikka qaratilgan ilgʻor tashabbuslarni ilgari surib, dunyo hamjamiyatini birdamlikda ishlashga takror va takror chaqirmoqda. Yangi Oʻzbekiston shu orqali oʻz taraqqiyot yoʻlida sobitqadam ekanini koʻrsatmoqda.
Joriy yil 19-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ham Oʻzbekiston Prezidenti xalqaro minbardan turib oʻzbek tilida dunyo hamjamiyatini bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga chaqirdi.
Mazkur sessiyada davlatimiz rahbari yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy-huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi yutuqlari, oʻtgan yillar mobaynida bajarilgan amaliy ishlar xususida qisqacha tahlillarni keltirib, xalqaro hamjamiyat qoʻllovi bilan Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish maqsadida “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish va, eng muhimi, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish hamda “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
Nutqda taʼkidlanganidek, mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” gʻoyasi asosida demokratik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yoʻlidan dadil ilgarilab borayotgan ekan, yangi Oʻzbekiston tamadduni rivojida islom maʼrifati, diniy bagʻrikenglik gʻoyalari muhim maʼrifiy mezon vazifasini oʻtashi ayni haqiqatdir.
Shuningdek, yurtimizda “Mehr” insonparvarlik missiyasi doirasida mojaroli hududlardan 530 nafardan ziyod ayol va bola yurtimizga olib kelinib, ularni sogʻlom hayotga qaytarishga doir ishlar qilingani taʼkidlandi. Bu fuqarolarimiz sogʻlom mafkura asosida jamiyatga qaytishi uchun har tomonlama moddiy va maʼnaviy koʻmak berilganini ham unutmaslik kerak. Ayniqsa, joriy yil iyun oyida xalqaro jamoatchilik BMT bosh qarorgohida mamlakatimizga qaytarilgan va yangi hayot boshlagan shaxslar tarixini ularning oʻzidan eshitdi. Albatta, mazkur xayrli ishlar Oʻzbekistonda kechirimlilik, xayrixohlik tamoyillari ustuvor ekanini koʻrsatdi.
Global muammolar jahon miqyosidagi ulkan tahdid-u evrilishlarni yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, terrorizm xavfi bugun oʻzgacha tus va koʻrinishda namoyon boʻlayotir. Davlatimiz rahbari buning umuminsoniy ahamiyatiga eʼtibor qaratgan holda “BMTga aʼzo davlatlar xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidga qarshi kurashda yanada birlashib, harakat qilishlari kerak”ligini taʼkidladi.
Soʻnggi paytlarda yuzaga kelayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlari ham umuminsoniy muammolardan ekani, unga aslo yoʻl qoʻymaslik lozimligi alohida tilga olindi. Jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda UNESCO shafeligida “Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik” xalqaro markazini tashkil etish taklifi ilgari surilishi diniy bagʻrikenglik tamoyilini birgalikda, hamjihatlikda amalga oshirishga doir muhim qadam boʻldi.
O‘zbekiston necha ming yillik tarixga ega ildizi baquvvat, ma’rifat chashmasidan oziqlangan, buyuk daholarni bag‘rida ulg‘aytirib, dunyo sivilizatsiyasiga ilm-fan, islom ma’rifati bilan beqiyos hissa qo‘shgan bag‘rikeng diyordir. O‘z davrida islom ma’rifatining ezgulikka yo‘g‘rilgan insonparvarlik, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish g‘oyalari bugungi kunda ham dolzarb sanaladi.
Mazkur boy merosni o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” tamoyili asosida yangicha ruhda ma’rifiy mezonlardan turib yondashilayotganini Prezidentimizning BMT sammitidagi nutqi mazmunida o‘z ifodasini topganini ko‘rish, anglash mumkin: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz”.
Islom tinchlik va ezgulik dini sifatida hamisha insoniyat va jamiyat tamadduni, ma’naviy rivojiga hissa qo‘shib kelgan. “O‘rta asr sivilizatsiyasi”, “Temuriylar davri sivilizatsiyasi” kabi nomlar bilan tarix zarvaraqlaridan o‘rin olgan tamaddunlarning yuzaga kelishiga islom dini, uning bunyodkorlik, ezgulikka qaratilgan g‘oyalari to‘g‘ri anglanishi asos bo‘lgan. Xususan, Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bekning ilmiy kashfiyotlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabilarning hadis ilmi rivojidagi xizmatlari, umuman, mintaqamiz allomalarining matematika, geologiya-mineralogiya, astronomiya, tafsir, fiqh, adabiyot ilmi rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlari misli ko‘rilmagan ma’rifiy tamaddunni yuzaga keltirdi.
Mazkur an’analarni davom ettirgan holda bugun yurtimizda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritishi tarixiy taraqqiyotning uzviy davomi bo‘ldi.
Bu markazlar tarixan shakllangan ilmiy maskanlarning amaliy davomchisi sifatida islom sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shadi, albatta. Ular bugun jamiyat hayotida sog‘lom e’tiqodni shakllantirish, islom ma’rifatini anglatish, ilmiy tadqiqotlar orqali boy merosni keng targ‘ib etishdek muhim vazifalarni bajarmoqda. Shu bois, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surish zamirida islom dinining asl mohiyatini dunyo hamjamiyatiga tushuntirish va bu orqali diniy nizolar, islomofobiya, terrorizm kabi yot g‘oyalarga nisbatan hamjihatlikda kurashish lozimligiga qaratilgan umuminsoniy harakatlarga chorlov yotadi.
Bu tashabbusning dolzarbligi haqida fikr yuritganda, avvalo, qadimdan ko‘plab madaniyatlarga beshik bo‘lgan va diniy bag‘rikenglik borasida katta tajribaga ega yurtimizda ushbu konferensiya o‘tkazilishining tarixiy ahamiyatini ham unutmaslik lozim. Mazkur anjumanda qabul qilinadigan qarorlar ham nafaqat mamlakatimiz, balki butun yer yuzida tinchlik va farovonlikni ta’minlashga, terrorizmning oldini olishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Umuman, islom hamisha ma’rifat, ezgulik, tinchliksevarlik, bunyodkorlikka chorlaydigan din bo‘lib kelgan. Uning sofligini asrash va targ‘ib qilish, ma’rifiy jihatlarini ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi asosida dunyo hamjamiyatiga taqdim etish o‘zaro totuvlik va birdamlikning muhim asosi bo‘lib xizmat qiladi. Chunonchi, hamjihatlikka qaratilgan xalqaro darajadagi anjumanlarning o‘tkazilishi turli yot g‘oyalarga qarshi kurash va bu boradagi muammolarni birgalikda hal etishga yo‘l ochadi. Bu esa tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim omildir. Albatta, bu ko‘p millatli O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik yo‘lidagi tajribasini butun jahon ommasi bilan baham ko‘rish imkonini beradi.
Muzaffarxon JONIYEV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori v.v.b.
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 11-oktabr, 210-son
Izoh qoldirish