12.10.2023

QIMMATBAHO TOSHLAR ZAKOTI BAYONI

(“HIDOYA” VA “BADOYEUS SANOYE” ASARLARI ASOSIDA)

Zakot lugʻatda oʻsish, poklash maʼnosini anglatadi. Sharʼiy istilohda esa, maxsus mollarda vojib boʻlgan haqni maxsus koʻrinishda ado qilishga zakot deyadi. Zakotning vojib boʻlishiga kishining musulmon, oqil, balogʻatga yetgan, moli nisobga yetgan hamda uning qoʻlida bir yil aylangan boʻlishi shart qilinadi [1, J. 2, b. 4; 2, J. 2, b. 372]. 

Zakot farz musulmonlarga farz qilingan amallardan biridir. Zero Alloh taolo “Va namozni toʻkis ado qilinglar, zakotni beringlar”, deya amr qilgan [3, J. 24, b. 56]. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham: “Islom besh asos ustiga qurilgan “La ilaha illalloh va anna Muhammadan rosululloh” deya guvohlik berish, namozni toʻkis ado qilish, zakotni berish, haj qilish, va ramazon roʻzasini tutish”, deganlar [4, 1/49. 5, 1/45].  Zakotning farz ekaniga sahobalarning ijmosi ham bogʻlangandir [6, J. 1, b. 481; 7, J. 2, b. 572; 4, J. 3, b. 26]. 

“Badoeus sanoe” asari muallifi Abu Bakr Kosoniy (vaf. 587/1191) zakotning islom ummatiga farz ekaniga aqliy dalil ham bor ekanini aytib oʻtadi: Zakot berish bu nochorlarga yordam berish qabilidandir. Zakot bergan odam bu ishi bilan zakotni qabul qilib olgan shaxsga Allohning boshqa farz amallarini bajarishga yordamlashishdir. Shunday ekan farzni ado qilishga koʻmaklashish ham farz boʻladi. Undan tashqari zakot berish insonning mol-u davlatini barakasiz yoʻq boʻlib ketishidan, mol egasining qalbini baxillik, qizgʻonchiqlik kabi gunoh ishlarga moyil boʻlishdan saqlaydi [2, J. 2, b. 373]. 

Ushbu maqolaning mavzusi qimmatbaho toshlarning zakotiga doir boʻlgani uchun avvaliga qanday mollardan zakot vojib boʻlishiga oydinlik kiritib olishimiz kerak boʻladi. Movarounnahrlik faqih Ubaydulloh ibn Masʼud Buxoriy (vaf. 747/1346) oʻzining “Muxtasarul viqoya” asarida zakot vojib boʻladigan mollarni uch turkumga boʻlinishini aytib oʻtgan. Ular quyidagilardir: Chorva hayvonlari (tuya, mol, qoʻy, echki, ot), saman – naqd pullar (tillo va kumush) va tijorat mollari [8, b. 32].

Demak qimmatbaho toshlarning zakoti ikkinchi va uchinchi turli mollardan zakot vojib boʻlish hukmlarni bilishga bogʻliq ekan. 

Imom Kosoniy esa kishining molidan vojib boʻladigan zakotlar ikki turli boʻlishini aytib oʻtgan boʻlib, yuqorida sanab oʻtilgan uchala turdagi mollar (chorva, saman va tijorat mollari)ni birinchi tur, yerdan chiqqan hosildan beriladigan zakot (ushr va xiroj)ni ikkinchi turga ajratgan [2, J. 2, b. 371].

“Hidoya” asarining muallifi Burhoniddin Margʻinoniy (511/1135-593/1197) qimmatbaho toshlarning ichidan tillo va kumushning zakoti vojib ekaniga barcha faqihlar ijmo qilganini aytib oʻtadi. [9 J. 2, b.4] Bu esa birorta mazhab sohiblari bu masalada ixtilof qilmaganini anglatadi. Zero Alloh taolo Tavba surasida bunday marhamat qilgan: 

Ey iymon keltirganlar! Albatta, hibr va rohiblarning koʻplari odamlarning mollarini botil yoʻl bilan yerlar va Allohning yoʻlidan toʻsarlar. Oltin va kumushni (kanz qilib) xazinaga bosadigan, Allohning yoʻlida sarflamaydiganlarga alamli azobning bashoratini beraver. Bir kuni oʻsha(oltin-kumush)larni jahannam oʻtida qizitiladi va peshonalari, yonboshlari hamda orqalariga bosilib: “Mana bu oʻzingiz uchun toʻplagan narsangiz, bas, endi toʻplab yurgan narsangizni tatib koʻring!” deyilur” [3. b. 192].

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham: “Zakotini bergan moling (oyatda uning egasi azoblanishi aytilgan) kanz - xazina emasdir”, deganlar [10, J. 1, b. 390;  11, J. 1, b. 223].  Yana bir hadisi shariflarida esa: “Biror tillo yoki kumush egasi bor ekan, agar haq (zakot)ni bermasa, qiyomat kunida uning uchun temirlar eritiladi, qizdiriladi, jahannam olovida uning ustiga tashlanadi, hamda uning yonlari va orqa tomonlariga bosiladi” [5, J. 2, b. 280]. 

Ushbu oyati karimada azoblanuvchilar kanz egalari ekani umumiy tarzda zikr qilingach, hadisi sharifda ularning aynan naqd pul sanalmish tillo va kumushlarning zakotini bermaydiganlar ekani ochiqlandi. Shunga koʻra har qanday mol-u davlat egasi azoblanadi emas, balki, uning zakotini bermaydiganlar azoblanadi, maʼnosida tushunish kerak boʻladi. 

Tillo va kumushdan qanday zakot vojib boʻladi?

Tillo va kumushdan zakot vojib boʻlishida ham boshqa narsalardagi kabi zakotning umumiy shartlari – mol nisobga yetgan, bir yil aylangan boʻlishi kerak. [9, J. 2, b. 4] Shunda tillo va kumushning har qanday turida zakot vojib boʻlaveradi. Bu oʻrinda ularning zarb qilingan yoki qilinmagani ahamiyatsizdir. Istilohda zarb qilingan tillo va kumush mahsulotlarini ayn va maskuk deyilsa, ishlanmagan, zarb qilinmagan holatdagilarini tibr deb nomlanadi. Demak tillo va kumushi zakot nisobiga yetgan va unga bir yil aylangan shaxs oʻz molidan zakot chiqarishi shart boʻladi. 

Faqat ikkita holat bundan mustasnodir: 

Birinchisi tillo va kumushdan yasalgan taqinchoqlarning zakoti boʻlib, uning vojibligida fuqaholarning ixtilofi bordir. Molikiy va shofeiylarning nazdida tillo yoki kumushdan yasalgan taqinchoqlar hatto oriya yoki ijaraga berilgan boʻlsa ham undan zakot vojib boʻlmaydi. Zero taqinchoqlar kiyim-kechak, ishchi hayvonlar kabi shaxsiy foydalanish uchun olib qoʻyilgan buyumlarga oʻxshaydi. Shaxsiy ehtiyoj uchun olingan buyumlarda zakot vojib boʻlmaganidek, taqinchoqlarda ham zakot vojib boʻlmaydi. 

Hanafiy mazhabi faqihlari esa tillo va kumushning boshqa turlarida zakot vojib boʻlgani kabi taqinchoq holiga kelganlarida ham zakot vojib boʻladi, deydilar [6, 1/524.]. 

Ikkinchisi mustasno holat esa yer ostidan qazib olingan tillo va kumush  boʻlib, ular fiqhiy istilohda rikoz yoki kanz deyiladi. Bu degani rikozlardan zakot vojib boʻlmaydi degani emas, balki, ulardan ham zakot vojib boʻladi. Ammo rikozlardan zakot vojib boʻlishi uchun havl – bir yil aylanishi shart emasdir. Zero bularda qazib olingan tillo va kumushning miqdori nisobga yetsa, undan oʻsha zahoti zakot vojib boʻlaveradi. 

Tillo va kumushning nisobi va undan zakot uchun ajratiladigan miqdor.

Jumhur faqihlarning nazdida tilloning nisobi yigirma misqoldir. Bir misqolning ogʻirligi 4,25 grammdir [12, J. 1, b. 24]. Shunga koʻra yigirma misqolning ogʻirligi 85 gramm boʻladi.  Tilloning miqdori  20 misqoldan kam boʻlsa, zakot vojib boʻlmaydi. Ammo baʼzi oʻrinlarda tilloning nisobi boshqa mollarni unga qoʻshgan holda toʻldirilishi mumkin. Lekin bu ixtilofli masaladir. Tilloning nisobi borasida jumhur faqihlarga faqat Hasan Basriy (21-110 h, 641-728 m) gina xilof qilgan. Zero u kishining nazdida tilloning nisobi qirq misqol ekani naql qilingan [13, 23/263].     

Fuqaholardan Ato (27/647-114/732), Tovus (634-724), Zuhriy (671-741), Sulaymon ibn Harb (hijriy 140-224), Ayyub Saxtiyoniy (66/687-131/748) lar tilloning nisobi kumushning nisobiga qiyoslanadi, deganlar. Shunga koʻra qiymati ikki yuz dirhamga teng boʻlgan tillodan zakot vojib boʻladi, uning yigirma misqol yoki undan kamroq yoxud koʻproq ekani ahamiyatsizdir. Zero Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan tilloning nisobi borasida sahih hadis sobit emas. Shuning uchun uning nisobi kumushning nisobiga taqqoslanadi, deya oʻz gaplariga izoh beradilar [1, J. 5, b. 524]. 

Jumhur faqihlar esa tilloning nisobiga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Yigirma misqoldan kam tilloda ikki yuz dirhamdan kam kumushda zakot vojib emasdir”, degan hadislarini dalil qiladilar [14, J. 2, b. 93].

Umar roziyollohu anha va Oisha roziyollohu anhoning hadislarida ham: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam har yigirma dinordan yarim dinor, qirq dinordan bir dinor zakot olar edilar”, deyilgan [15, J. 1, b. 571].

Kumushning nisobi

Lugʻatda ishlov berilgan, shaklga solingan kumushni ورق [variqun] yokiرقة  [riqatun] deyiladi. Yana bir lugʻatda esa zarb qilingan boʻlsa ham qilinmagan boʻlsa ham variq deyilaveradi, deyilgan.

Kumushning nisobi barcha faqihlarning ittifoqiga koʻra ikki yuz dirham ekani aytilgan. Bir dirhamning vazni hanafiy faqihlarining nazdida 3,125 grammga teng boʻlsa boshqa fuqaholarning nazdida 2,975 grammga tengdir. Shunga koʻra kumushning vazni hanafiy faqihlarining gaplariga koʻra 625 grammga yetsa, boshqa mazhab sohiblarining nazdida 595 grammga yetganda zakot vojib boʻladi. Bu borada Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflari vorid boʻlgan: “Besh uqiyaga yetmagan kumushdan sadaqa vojib boʻlmaydi” [4, J. 3, b. 323].

Bir uqiya qirq dirhamdir. Shunga koʻra besh uqiya ikki yuz dirham boʻladi.

Bu borada hazrati Anas roziyallohu anhuning ham marfu hadislari bor boʻlib, unda: “Kumushda qirqdan bir zakot vojibdir. Agar uning miqdori bir yuz toʻqson dirham boʻlsa, to egasi oʻzi xohlamas ekan, undan hech narsa vojib boʻlmaydi. 

Bu yerda dirham deganda sharʼiy dirham eʼtiborlidir. Agar dirhamning vazni sharʼiy meʼyordagi dirhamdan ortiqcha yoki kam boʻlsa, zakot vojib boʻlishida uning vazni eʼtiborga olinadi. Baʼzi hanafiylarning nazdida esa kumushning zakotida har bir shaharning oʻz dirhamlari son jihatidan hisoblanaveradi, sharʼiy meʼyordagi dirham bilan bir xil boʻlishi shart emas, deyilgan [6, J. 1, b. 524-522].   

 

Roʻzimuhammad Nurmuhammad oʻgʻli Toʻxtasinov

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi 1-bosqich tayanch doktoranti, Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

 

           

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Burhoniddin Margʻinoniy. Hidoya. – Pokiston: “Maktabatul bushro”, 2008. 
  2. Alouddin Abu bakr ibn Masʼud Kosoniy. Badoeus sanoe. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 2003. 
  3. Tafsiri Hilol. Qurʼoni karim va oʻzbek tilidagi maʼnolari tarjimasi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.  – T.: Sharq, 2008. 
  4. Ahmad  ibn Ali ibn  Hajar Asqaloniy. Fathul boriy sharhi Sahihul Buxoriy. – Bayrut: Dorul fikr, 2001. 
  5. Yahyo ibn Sharof Navaviy. Sahihu Muslim bi sharhin Navaviy.  – Bayrut: Dorul fikr, 2011. 
  6. Kamoliddin ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Humom. Fathul qodir.  – Bayrut: Dorul kutubul ilmiy, 2009. 
  7. Mavfiquddin ibn Qudoma Maqdisiy. Mugʻniy. – Qohira: Dorul kotibul arabiy, 2010. 
  8. Ubaydulloh ibn Masʼud. Muxtasarul viqoya. – Qozon: Lito-TipografiyaI.N.Xaritonova, 1911. 
  9. Abdulhay Laknaviy. Hidoya hoshiyasi. – Pokiston: Maktabatul bushro, 2008. 
  10. Mahmud ibn Abdulloh Hokim Naysaburiy. Mustadrok alas Sahihayn. – Bayrut: Dorul kutubul ilmiyya, 1990. 
  11. Ibn Abu Hotim. Ilalul hadis. Matobiul humayziy, 2006. 
  12. Muhammad ibn Muhammad. Inoya. Dorul fikr, 2006. 
  13. Quvayt vaqf va islomiy xayriya ishlar vazirligi. Mavsuatul fiqhiyya. – Quvayt: Maktabatul Ol, 1983. 
  14. Ali ibn Umar. Sunanu Doraqutniy. – Bayrut: Olamu kutub, 2001.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izoh qoldirish