BAYROQ – IFTIXORIMIZ, FAXRIMIZ
Davlat ramzlari mamlakat istiqlolining asosiy nishonalaridan hisoblanadi. Har bir davlat mustaqilligining asosiy ramzlaridan biri, shubhasiz bayroq hisoblanadi. Bayroq xalqning shonli o‘tmishini, buyuk tarixini o‘zida aks ettiruvchi, vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatni yuksaltiruvchi davlat ramzlari qatoriga kiradi. Bayroq azaldan vatan ozodligi, millat birligi va hamjihatligi ramzi bo‘lib kelgan. Xuddi shunday mustaqil O‘zbekiston o‘z istiqlolini qo‘lga kiritgach, 1991-yil 18-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i” to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat orqali bayroq O‘zbekiston Respublikasi suverenitetining ramzi ekanligi qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, ushbu qonun qabul qilingan kun xalqimiz hayotidagi juda muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni ifodalovchi muqaddas ramz bo‘lib, davlat va ta’lim muassasalari binolari, korxona va tashkilotlarda iftixor bilan hilpirab turibdi. Shuningdek, istiqlolimizning ramzi bo‘lgan bayrog‘imiz mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlardagi vakolatxonalarida, BMT binosi oldidagi mustaqil davlatlarning bayroqlari qatorida g‘urur bilan qad rostlagan.
Bayrog‘imizning har bir rangi xalqimizning ko‘p asrlik an’analari va milliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan. Jumladan, moviy rang qadimdan kuch va qudrat, tinchlik, tenglik va donishmandlikning ramzi bo‘lib kelgan. Oq rang - xalqning farovonligi, saxovati va samimiyligi timsolidir. Yashil rang yangilanish ramzi, qizil chiziqlar esa hayotiylik nishonasidir. Bayroqdagi yarim oy va yulduzlar tasviri erkinlik, e’tiqod va barqarorlik, ertangi kunga ishonch belgisi bo‘lsa, Sharqda o‘n ikki raqami komillik timsolini anglatgan.
Umuman aytganda, mamlakatimiz bayrog‘i xalqimizga xos bo‘lgan oliyjanob fazilatlar, xususan vatanga bo‘lgan muhabbatning oliy timsolidir. Tarixiy qadriyatlar asosida yaratilgan, o‘tmishimiz, bugunimiz va kelajagimiz ramzi bo‘lgan davlatimiz bayrog‘ida buyuk ajdodlar o‘gitlari bilan singdirilgan ulkan qudrat, yuksak aql va iroda o‘z ifodasini topgan. Barcha davlat ramzlari qatorida Davlat bayrog‘i xalqimizning qadr-qimmati, g‘urur-iftixori, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi, tarixiy xotirasi va orzu-umidlarini o‘zida mujassam etgan. Bu yuksak baxt va mustaqillik timsoli, o‘zini shu zamin farzandi deb bilgan har bir insonning cheksiz g‘ururiga sabab bo‘ladi.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi xodimi
Izoh qoldirish