13.11.2023

USTOZLAR – UCHINCHI RENESSANS BUNYODKORLARI

Har qanday taraqqiy etgan jamiyatning rivojlanishi, farzandlar kamoloti, eng avvalo undagi ta’lim-tarbiya tizimining qay darajada to’g’ri yo’lga qo’yilganligi bilan bevosita aloqador hisoblanadi. Ta’lim-tarbiyaning rivoji, tizimdagi islohotlarning muvaffaqiyati esa koʻp jihatdan oʻqituvchi va murabbiylarga bog’liqdir. 

Ustoz maqomining naqadar yuksak darajada ekanligi, umrini ilm o’rganib, uni boshqalarga o’rgatishga bag’ishlagan ushbu sharafli kasb sohiblarining erishadigan dunyo va oxirat savoblari masalasiga muqaddas dinimizda, uning bosh manbai – Qur’oni karim va hadisi shariflarda alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida shunday marhamat qiladi:

“…. Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko’tarur. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir”. Musulmonlarning insonlar ichidagi eng buyuk ustozi payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomning hadisi shariflarida esa ustoz-muallimlikning maqomi ulug’lanib, unga shunday ta’rif beriladi: “Sizlarga saxiylar saxiysining xabarini beraymi? Saxiylarning saxiysi Allohdir. Men odam bolasining eng saxiysiman. Mendan keyin sizdan eng saxiyingiz, ilm o’rganib, uni boshqalarga tarqatgan odamdir”. Payg’ambarimizning yana bir hadislarida esa: “Albatta, Alloh taolo, uning farishtalari, osmonlar-u yer ahli, hatto kovakdagi chumoli va baliqqacha odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchiga salovat aytadilar”, – deyiladi.

Darhaqiqat, har bir insonning ham ruhan, ham jismonan unib-o’sishi, jamiyatning munosib a’zosi sifatida kamol topishi, eng avvalo, ilk ustoz sanalmish ota-ona, keyin esa ma’rifat ahli – muallimlarga bog’liqdir. Muallimlarni e’zozlash nafaqat dinimiz talabi, balki ertangi farovon hayotning ham garovidir. Zero, she’riyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy: “Agar shogird shayxulislom, agar qozidur, agar ustoz rozi — Tangri rozidur”, – deydi. 

Shu nuqtai nazardan so’nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, ustoz-murabbiylarga munosib shart-sharoitlar yaratib berish, o’qituvchining jamiyatdagi maqomini oshirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu borada ayniqsa rivojlangan davlatlar ta’lim andozalari asosida ustoz-murabbiylarning kasbiy malakalarini oshirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. 

2023-yil 30-aprelda qabul qilingan “Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi”dagi eng katta yangiliklardan biri ham o’qituvchi maqomining bosh qomusimizda mustahkamlab qo’yilganidir. Jumladan, “Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi”ning 52–moddasida shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri hisoblangan ustozlarni ulugʻlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarning asosi bo’lib, Yangi O’zbekiston shiori ostida Uchinchi Renessansning ro’yobga chiqishiga xizmat qiladi. 

 

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro 

ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

 

 

Izoh qoldirish