16.11.2023

BAG’RIKENGLIK – BARQARORLIK VA OSUDA HAYOTNING ASOSI

Davlatchilik asoslariga e’tibor qaratadigan bo’lsak, har qanday davlat va xalq barqarorligining, tinch va osuda hayotining garovi, eng avvalo bag’rikenglik tamoyilining ta’minlanishi bilan bevosita bog’liqdir. Diniy nizolarning avj olishi, ksenofobiya va separatizmning avj olishi esa jamiyat barqarorligiga tahdiddir. 

Islom olamida yuz bergan ikkita Renessans – uyg’onish davrining asosida ham turli xalq va millatlar o’rtasida ta’minlangan adolat, tenglik, bag’rikenglik muhiti muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Jumladan, IX-XII asrlardagi birinchi Sharq Renessansining yuzaga chiqishida musulmon allomalari bilan bir qatorda, boshqa dinlarga, millat va elatlarga mansub bo’lgan allomalarning xizmati beqiyos ekanligini tarixiy ma’lumotlar tasdiqlaydi. Bu davrda tarjima sohasining bilimdonlari sifatida fors olimlari mashhur bo’lgan bo’lsalar, tibbiyot va ilmi nujum borasida hind, nasroniy olimlari ham beqiyos xizmat qildilar. Oxir-oqibat jamiyat a’zolari o’rtasida ta’minlangan bag’rikenglik muhiti ilm-fan, iqtisodiyot va madaniyatning Yevropaga nisbatan shiddat bilan o’sishiga katta ta’sir ko’rsatdi.

Bag’rikenglik dini hisoblangan Islom dini, uning muqaddas kitobi – Qur’oni karim va Payg’ambarimiz Muhammad s.a.v. ning hadisi shariflarida ham bag’rikenglikka, birodarlikka, do’stlikka kuchli da’vatni ko’rishimiz mumkin. Jumladan Qur’oni karimning Baqara surasi 256-oyatida “Dinda zo’rlash yo’q”, – deyilgan. Shuningdek, “Hujurot” surasining 13-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: Ey insonlar, men sizlarni har xil elatlar, xalqlar qildim, bir-birlaring bilan tanishinglar, ma'rifat hosil qilinglar deb”. Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom ham Makkadan Madinaga hijrat qilganlarida, eng avvalo yerlik yahudiylar bilan o’zaro hurmatga aoslangan ahdnoma tuzishdan ishni boshlaganlar. 

Mamlakatimiz o’z istiqlolini qo’lga kiritgan ilk yillardan boshlab jamiyatda bag’rikenglik muhitini qaror toptirish, turli din va konfessiyalar o’rtasida tinchlik va totuvlikni ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylandi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida mamlakatda istiqomat qiluvchi turli din va millat vakillari o’rtasidagi do’stona munosabatlarni rivojlantirish, qonun oldida barchaning bir xil huquq va erkinliklarga ega ekanligi mustahkamlab qo’yilgan. 

2023-yil 30-aprelda qabul qilingan Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham bag’rikenglik tamoyilining huquqiy asoslari aks etgan. Jumladan, Konstitutsiyaning 19-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, – deyilgan bo’lsa, 33-moddada esa “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega” ekanligi ko’rsatilgan. 

2021-yil 5-iyulda qabul qilingan 35-moddadan iborat “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi Qonunning yangi tahriri ham mamlakatimizda bag’rikenglik muhitining, dinlararo va konfessiyalararo totuvlikning mustahkamlanishida muhim huquqiy asos vazifasini bajarib kelmoqda.

Yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalardan xulosa qilish mumkinki, bag’rikenglik xalqimizga xos bo’lgan azaliy qadriyat sifatida avloddan avlodga o’tib kelayotgan, xalqimizga xos bo’lgan go’zal axloqning namoyoni bo’lgan tamoyil hisoblanadi. Uning bardavom bo’lishi esa mamlakatimizning kuchli huquqiy-demokratik va fuqarolik jamiyati qurish borasidagi orzu-intilishlari yuzaga chiqishida poydevor bo’lib xizmat qiladi. 

 

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro 

ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

 

Izoh qoldirish