TAQVO
Insonlar bu dunyoda turli xil jihatlari bilan bir-biridan farq qilishadi. Masalan, fe’l- atvorlari, yoshi, rangi, jussasi, ijtimoiy holati, nasl-nasabi va hokazo. Ammo Alloh taoloning huzurida bularning barchasi barobardir, illoki, ularning taqvodorlari Allohning nazdida eng mukarramli, eng hurmatli va afzalidir. “Albatta, Alloh nazdida (eng aziz-u) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir” (“Hujurot” surasi, 13-oyat).
Taqvo lugʻatda “saqlanish”, “tiyilish”, “ehtiyot boʻlish” singari maʼnolarni anglatadi. Qolaversa, “ittiqo”, “taqiya” shakllarida ham qoʻllaniladi. “Taqvo” soʻzidagi “ta” harfi aslida “vov” harfi oʻrnida ishlatilgan. Chunki “taqvo”ning asl oʻzagi “vaqaya” feʼli hisoblanadi.
Taqvoning sharʼiy yaʼni istilohdagi maʼnosi Allohning amr-buyruqlarini soʻzsiz bajarish hamda qaytargan ishlarini qilmaslik. Haqiqiy va yetuk taqvoga shariat buyurganlarini bajarish, man qilgan va shubhali narsalarni tark qilish kiradi. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Taqvo – Allohdan qoʻrqish, Qurʼon koʻrsatmasida yashash, oziga rozi boʻlish va oxiratiga tayyorgarlik koʻrish”, – degan ekanlar.
Qurʼoni Karimning bir yuz yetmish beshta oyatida taqvo soʻzi kelgan. Alloh taolo Oʻz kalomida taqvodorlarga tavfiq, ilm, hikmat, ajrlarning ziyoda boʻlishi, gunohlarning yuvilishi, magʻfirat, bu dunyoda rizqi keng boʻlishi va oxiratda ham azob-uqubatlardan najot topishi singari bir qancha bebaho neʼmatlarning bashoratni vaʼda qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mezonlari ham taqvo ustiga bunyod qilingan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Insonlarning mukarrami kim?”, deb soʻrashdi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga taqvo qilganlari”, dedilar (Buxoriy rivoyati).
Hazrati Umar roziyallohu anhudan odamlar: “Taqvo nima? Bizga uni tushuntirib bering”, deb soʻrashganida, shunday dedilar: “Taqvo katta bir maydondir, bu maydon tikonlar bilan toʻla, bir odam pochasini tizzasigacha shimarib olib, ana shu maydondan oyogʻiga tikon tekkizmay oʻtib ketsa, mana shu taqvo qilgani boʻladi”. Shariatimizdagi barcha gunohu masiyatlar mana shu maydondagi tikonlar kabidir, agar moʻmin musulmon kishi taqvo qilsagina bu tikonlardan saqlana oladi. Aks holda, taqvo qilmasa tezda bu tikanlarga qoqiladi, shikastlanadi, zarar koʻradi.
Koʻplab ulamolar taqvoning istilohiy maʼnosi haqida bir-biridan goʻzal fikrlar aytishgan. Ulardan biri Tolq ibn Habib boʻlib, shunday deydilar: “Allohga ishonib, Allohning savobini umid qilgan holingda Uning buyruqlarini bajarishing va Allohga ishonib, Allohning azobidan qoʻrqqan holingda Uning qaytarganlarini tark qilishing”, dedilar.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, insonning turli vaziyatlardagi o’ziga yetadigan zararli ishlardan tiyilishi taqvodir. Masalan, qishning sovug’idan, yozning chillasidan, bemor bo’lishdan o’zini asrashi ham taqvodandir. Allohga taqvo qilish butun bashariyat uchun nafaqat oxiratda, balki bu dunyoda ham foydadir. Imom G’azzoliy rohimahulloh aytganlaridek: “Taqvo – bebaho boyliklardan biri bo’lib, agar u qo’lga kiritilsa, qanchadan-qancha sharafli dur-gavharlar, ko’p yaxshiliklar, barakali rizq, ulkan mukofot va ko’p mol-mulkka erishiladi. Birgina xislat, ya’ni Allohga taqvo qilish tufayli dunyo va oxirat yaxshiliklari qo’lga kiritiladi”. Odam bolasi dunyoga kelibdiki, ayb-u nuqsonlar, xato-kamchiliklar va gunohlardan xoli emas. Nafs va shayton turli istak-xohishlar va mayllarni yuzma-yuz qilib, insonni to’g’ri, halol yashash yo’lidan chalg’itadi, iymon va hidoyat yo’lidan adashtirish payida bo’ladi. Avvolo, o’z nafsimizga qarshi sobit tura olishimiz lozim. Mo’min kishi o’tgan gunohlari uchun tavba qilishi, hoziri uchun solih amallar hamda kelajak uchun yaxshi umidlar bilan yashashi darkor.
Muxlisa Ergashova – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish