30.09.2021

HOJI MUHAMMAD SHAHDIY IJODIDA TARIQAT AHLI TAVSIFI

Annotasiya. Qo‘qon adabiy muhitida tarbiya topgan zullisonayn va orif shoir Hoji Muhammad Shahdiy adabiy merosida Xoja Bahouddin Naqshband va naqshbnadiya tariqatiga doir tarixiy va badiiy ahamiyatga xos ma’lumotlar mavjud. Shahdiy she’riyatida bu zotga bo‘lgan yuksak ixlosi ko‘plab manoqibnoma mazmunli she’rlarida o‘z aksini topgan. Shuningdek naqshbandiya silsilasida bo‘lgan ustozlardan ta’lim olganligi va ularni o‘z piri sifatida talqin etganligi Shahdiy tariqat ahli bo‘lganligini isbotlab beradi. Maqolada Hoji Muhammad Shahdiy devonida kelgan Xoja Bahouddin Naqshband hazratlariga bog‘liq manoqibnoma mazmunli she’rlar tadqiq qilingan.

Kalit so‘zlar: Shoh Naqshband, tariqat, pir, murshid, zikr, qutb, valiy, sunnat, ibodat, muhabbat.

  Annotation. The literary heritage of the great and learned poet Haji Muhammad Shahdi, who was brought up in the literary environment of Kokand, contains historical and artistic information about Khoja Bahauddin Naqshband and the Naqshbandi sect. In Shahdi’s poetry, his high devotion to this person is reflected in many meaningful poems. He also learned from the teachers in the Naqshbandi series and interpreted them as his piri, proving that he was a member of the Shahdi sect. The article examines the manaqibnama poems related to Hazrat Hoja Bahauddin Naqshband in the poems of Haji Muhammad Shahdi.

Keywords: Shah Naqshband, Tariqat, Pir, Murshid, Zikr, Qutb, Wali, Sunnah, Prayer, Love.

Аннотация. Литературное наследие великого и ученого поэта Хаджи Мухаммада Шахди, воспитанного в литературной среде Коканда, содержит исторические и художественные сведения о Ходже Бахауддине Накшбанде и тарикате Накшбандия. В поэзии Шахди его высокая преданность этому человеку отражена во многих значимых стихотворениях. Он также учился у учителей из серии Накшбанди и интерпретировал их как свой наставник (пир), доказывая, что он был членом тариката Шахди. В статье исследуются стихотворения манакибнама, связанные с Хазратом Ходжей Бахауддином Накшбандом в стихах Хаджи Мухаммада Шахди.

Ключевые слова: Шах Накшбанд, тарикат, пир, муршид, зикр, кутб, вали, сунна, ибада (богослужение), любовь.

 KIRISH. Xoja Bahouddin Naqshband – Sharq olamida e’tirof etilgan zabardast olim, irfon ahli, naqshbandiya tariqatining asoschisi va murshidi sanaladi. Bu vatandoshimiz hayoti ilmiy faoliyati butun tariqat ixlosmandlariga koni ibrat. O‘rta asrlarda chuqur ildiz otgan naqshbandiy sayru- suluki va hayotiy qarashlari butun dunyo musulmon xalqlari ichiga tarqalgan. Shu sababdan ko‘plab olimlar naqshbandiya tariqati ta’sirida qimmatli asarlar yozganlar. Bu zot hayoti va ilmiy merosi yoshlar tarbiyasiga oid muhim manba sanaladi. Hoji Muhammad Shahdiyning Bahouddin Naqshband hazratlariga bag‘ishlangan she’rlari aksari o‘zining u kishiga bo‘lgan muhabbatidan

ASOSIY QISM. Hoji Muhammad Shahdiy adabiy merosi islomiy qarashlar bilan boy. Shahdiy g‘azallarida naqshbandiya tariqatining g‘oyaviy ta’siri ko‘plab g‘azallarida namoyon bo‘ladi. Jumladan Xoja Bahouddin Naqshband va naqshbandiylar vazifa qilgan “virdlar” shoir she’rlarida radif sifatida ko‘p istifoda etilgan. “Astag‘firulloh”, “Alhamdu lillah”, “Laa ilaha illalloh”, “Yo Ilohiy anta Robbiy yo Gʻofur”, “Alloh-Alloh”[9,275-79] va boshqa zikrlar ko‘plab g‘azallarida takror keladi. U “Shohi Naqshband”, “Pir”, “Tariqat peshvosi” [9:111] kabi unvonlar bilan tilga oladi. Quyida “Naqshband” radifli g‘azali shoirning bu valiy zotga bo‘lgan ixlosi va muhabbati namoyon bo‘ladi. Sharq shoirlari asarlarida pir, murshid, orif, valiy, solik, murid, solih, sohibdil, darvesh, gado, soqiy, hodiy, faqir va qutb so‘zlariga tez-tez duch kelamiz. Va aksar bu so‘zlarda shoir ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq hodisalar aks ettiriladi. Masalan, Shahdiy ijodidagi pir, murshid, solik, soqiy, hodii rohi nur, qulfkushoi darho va murid so‘zlari o‘zining real hayotiga daxldor ifodalar sanaladi. Bu so‘zlar bilan shoir Abdulqodir Giloniy, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Muso, Xoja Ubaydullohi Solik va boshqa tariqat peshvolarini zikr etgan.

Ey fayzbaxshu murshid, ey oshiqi ilohi,

Sohibi kamolu a’zam, yo shoh Naqshband...

Mazmuni: Ey fayz ulashuvchi va Allohning oshiqi bo`lgan murshid! Ey shoh Naqshband sen kamol ahlining ulug`vorisan.

Shahdiy she’riyatining matniy tarkibida irfon ahli va tariqat ahli pirlariga bo‘lgan muhabbat bot- bot takrorlanadi. Lirik qahramon Xoja Bahouddin Naqshband timsolida ilohiy ishqga mubtalo bo‘lgan oshiq, irfon ahli bilimdoni, shijoatli murshid, ma’naviy pirni va duosi ijobat bo‘ladigan orifni ko‘radi. “Bahouddin Balogardon”, “Shoh Naqshband”, “Shahboz”, “Yo pir” va “Madad beruvchi” leksik birikmalari bilan, u kishining tariqatdagi maqomini bayon etadi. She’rilardagi undalma va ritorik xitob ko‘proq munojotnoma mazmunini olgan.

Tariqat ahli bo‘lgan ko‘plab shoiru ulamolarda sukr va sahv holatlari uchrab turadi. Mansuri Halloj umrining so‘nggi damlarida sukr holatida bo‘lganligini olimlar ta’kilashadi. Sukr va mastlik bir-biriga ma’nodosh so‘zlardir. Ammo tasavvuf istilohiga kelsak, sukr – ilohiy muhabbatdan bexudlik va ma’naviy mastlikdir. Mastlik – ko‘ngilning ishq g‘alabasidan bexudligi, fano filloh holati [5:49]. Shahdiy she’rlaridagi ma’no ko‘lami ilohiy ma’rifat va ilohiy muhabbat bilan aloqador. Chuqurroq qaraganda, so‘fiylarning shatahot  holatiga  o‘xshaydi.  Ramz,  kinoya va istioralar bilan o‘z zavqiga xos bo‘lgan dil izhorini bayon etadi. She’rlaridagi shatahot – harakat va to‘lib-toshishlarning asl sababi sukr va mastlikda aytganligidadir. “Shatahot So‘fiyning og‘zidan oddiy holatda emas, balki jazb va qattiq ta’sirlanish oqibatida chiqadi. Zikr ila Alloh taologa yetishib qolgan so‘fiy o‘zini yo‘qotib qo‘yib, nima deyayotganini bilmay qoladi” [11:232].

Hoji Muhammad Shahdiy Bahouddin Naqshband qabrini ziyorat qilish uchun Samarqand shahriga boradi. Maqbaraga borganida vajd va hayajon ila surush san’atiga xos quydagi g‘azalni insho qiladi:

Boz omadam bar oston, yo hazrati shoh, yo madad,

Kun az qatori on sagon, yo hazrati shoh yo madad.

...Rahme bikun moro bubin, bar Shahdii zoru hazin,

Umed dorem inchunin yo hazrati shoh, yo madad  [9:111-112].

Mazmuni: Ey hazrati shoh Naqshband, huzuringga keldim, meni muridlaring qatoridan joy ber. Muhabbat va sadoqat ko‘rsatishda pahlavonlarning shohisan. Hidoyat maqomida murshidsan. Bu Shahdiy zoru hazindir, holiga boq va rahm qil. Ey shoh Naqshband, ey piri komil, ey tariqat ahli peshvosi, ey shohi jahon va ustozi komil menga yo‘l ko‘rastasan deb umid qilaman. She’rdagi takroriy radif “yo hazrati shoh, yo madad” hissiy ohangdorlikni kuchaytirib, g‘azalga joziba baxsh etgan. Shahdiy adabiy merosida, “pirim” “shoh” va “sag-i ko‘yat” (ostonangdagi it) kabi iboralar g‘azallarida ko‘p uchraydi. Buni tasavvufda “vasila” deyiladi. U kishi Xoja Bahouddin Naqshband hazratlarini vasila qilib, Alloh taolodan najot so‘ragan. Bu kabi vasila qilish tariqat ahliga xos bo‘lgan. Ular valiy zotlar hurmati bilan Alloh taolo duolarini ijobat qilishiga sidqi dildan ishongan. Ahli sunna ulamolari o‘z asarlarida vasila qilishning joiz ekaniga oyat va hadislardan qator dalillarni keltirishgan. Jumladan, Alloh taolo  Qur’oni karimda mo‘min insonlarni vasila qilishga amr qilib shunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va Unga vasila (vosita) izlangiz” [Moida surasi, 35-oyat]. Ushbu oyatda Alloh taolo insonlarga O‘ziga vasila izlashlarini buyurmoqda. Tafsir kitoblarida vasilani Allohning ism va sifatlari, yaxshi amallar, payg‘ambarlar va solih bandalar hurmati ila qilishni joiz deyiladi.

Usmon ibn Hanif (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Bir ko‘zi ojiz kishi Payg‘ambar (s.a.v.)ning huzurlariga kelib: “Allohga duo qiling, menga shifo bersin”, dedi. “Xohlasang duo qilaman. Xohlasang sabr qil. Bu sen uchun yaxshidir”, – dedilar”. “Duo qiling”, – dedi. Uni yaxshilab tahorat qilishga va ushbu duoni o‘qishga amr qildilar: “Allohim! Albatta, men Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, ushbu hojatim ravo bo‘lishi uchun Robbimga sizni vasila qilib yuzlandim. Allohim! U Zotning men haqimdagi shafoatini qabul qil”. Shundan so‘ng uning ko‘zi ochilgan holda qaytib ketdi (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari). Ushbu rivoyatda Rasululloh (s.a.v.) ko‘zi ojiz insonga duo qilayotganda Payg‘ambarni vasila qilib so‘rashni o‘rgatdilar. Shunga binoan, insonlar duolarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni o‘rtaga qo‘yib hojatlarini so‘rashlari mana shu hadisga muvofiq bo‘ladi.

Manbalarda sahobalarning ham vasila qilganlari keltiriladi. Bu borada Hazrati Umarning qurg‘oqchilik vaqtida qilgan quyidagi vasilalari juda mashhurdir. Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qurg‘oqchilik vaqtida Abbos ibn Abdulmuttalib ila Allohdan suv so‘rab quyidagicha duo qilar edi: “Ey Allohim! Biz Senga Payg‘ambarimiz ila vasila qilar edik va Sen bizni suv bilan serob qilar eding. Endi biz Senga Payg‘ambarimiz amakisini vasila qilamiz. Bizni suv bilan serob qilgin”. Natijada ular suv bilan serob qilinar edilar (Imom Buxoriy rivoyatlari). Ahli sunnaning to‘rt mazhab ulamolari tomonidan vasila qilishning joiz ekanligi, uning turlari hamda mumkin bo‘lmagan tavassul masalasini keng yoritib berganlar.

Bir qator hanafiy, molikiy, shofiiy va hanbaliy olimlar bu borada asarlar yozgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, vasila qiluvchi inson duosida haqiqiy yaratuvchi, duolarni ijobat qiluvchi Zot faqat Alloh taolo ekaniga e’tiqod qilishi lozim. Shar’an joiz bo‘lgan vasiyla “Ey Allohim! Men Sendan falon yaxshi amalim yoki falon insonning sening huzuringdagi hurmati ila so‘rayman” shaklida bo‘ladi. Aksincha, qabrlarni ziyorat qilish chog‘ida ba’zi ilmsiz insonlarning qabrlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sajda qilishlari, “Ey falonchi menga farzand ber!” yoki “Ey falonchi meni hojatimni chiqar!”, – deb so‘rashlari islom dini shariatiga mutlaqo zid amal hisoblanadi. Shuning uchun ham musulmon kishi qabr ziyorati hamda ulug‘larni vasila qilishni shariatga muvofiq amalga oshirmog‘i lozim bo‘ladi [https://hidoyat.uz/].

Tariqat ahli shoirlari “ishq” shiori ostida Allohning muhabbati, pirining xizmati va ma’naviy jasoratini bayon etgan. Shahdiyning barcha she’rlarida shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat g‘oyalari yaqqol sezilib turadi. Jumladan naqshbandiya tariqatining pirlariga sadoqati o‘zgacha bo‘lgan.

Ey keshi haqiqat, ey hodii tariqat,

Ey rahbari shariat, fayzi sahar muborak.

 Mazmuni: Ey haqiqat sohibi, ey tariqat rahnamosi, ey shariat rahbari, erta tongning fayzi muborak.

Sodda va ravon ifodalar bilan yo‘g‘rilgan baytlarda shoir qalbidagi muhabbat ifori zuhurlangan. Binobarin, ushbu she’rlardan kelib chiqib, shoir ijodini xalqona, orifona, “rindona va so‘fiyona desak to‘g‘ri bo‘ladi” [7:94]. Belinskiy ta’kidlaganidek, “Xalqchillik chinakam badiiy asarning zarur shartidir. Har qanday xalqning hayoti faqat uning o‘ziga xos shakllarida namoyon bo‘ladi, binobarin, hayot tasviri haqqoniy bo‘lsa, u xalqchil hamdir” [1:250]. Shoir adabiy merosi ana shu xislat bilan imtiyozlidir. Chunki uning merosidagi g‘oyalar – xalqning qalbidagi orzu umidlari, oshiq qalblarning dardu iztiroblari va hissiy kechinmalari bilan jilvalangan. Mavlaviy Jununiy “Ma’dan ul-hol” asarida aziz zotlar muhabbati va fayzi – insonni oliy maqomga etkazishni ta’kidlab aytadiki: “Valiylar muhabbati inson qalbini nur bilan to‘ldirib, egasini yuksak maqomlarga ko‘taradi” [3:483 ].

 XULOSA. Shoir milliylik va umuminsoniylik odob- axloqi pirinsiplarini she’rlarida sharqona an’alarga mos ravishda bayon qilgan. Shahdiy adabiy muhitiЙva Qo‘qon adabiy muhiti doirasida ijod qiladigan ko‘plab shoirlarning ilmiy adabiy merosi mavzu mundarijasi va uning badiiy g‘oyasi Islom dini ta’limoti, tasavvuf g‘oyalari va tariqat ahli suluki bilan barpo bo‘lgani ma’lum [6:112]. Darveshlik, qalandarlik, naqshbandiya, qodiriya va kubraviya tariqatlarining yo‘l-yo‘riqlari va ularning ma’naviy qarashlari Shahdiy ijodiga qorishib ketganligi oddiy hol bo‘lgan.

Naqshbandiya tariqati Qo‘qon va O‘rateppa adabiy muhitiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘plab namoyandalar qodiriya, naqshbandiya va kubraviya tariqati qarashlarini targ‘ib etgan holda ijod qilgan. Shahdiy boshqa tariqat ahli bo‘lgan shoirlar qatori naqshbandiya tariqatini tavsif etib shu yo‘lga ergashgan. Natijada she’rlarida badiiy va irfoniy qarashlari naqshbandiya g‘oyalari bilan hamohang bo‘lgan.

Shahdiy ijodi musulmon Sharq she’riyatining ma’lum va mashhur an’analari asosida, jumladan, Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy, Mavlono Lutfiy lirik merosi ta’sirida rivojalanadi. U o‘zining ijtimoiy hayotga bo‘lgan munosabatini she’rlarida jozibali tasvirlab bergan. Uning devonidan bir necha tur va janrlardagi she’rlar o‘rin olgan. Diniy- didaktik, munojotnoma, holnoma, manoqibnoma, orifona, oshiqona, dilnoma, muhabbatnoma, rindona, zikrnoma, pandnoma va ijtimoiy mazmunli she’rlar shoir adabiy merosninig asosiy koloriti sanalgan.

ADABIYOTLAR RO‘YXATI

1.             Belinskiy V.G. Adabiy orzo`lar (adabiy-tanqidiy maqolalar). – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1977. – B. 250.

2.             Nodim Istaravshaniy. Devon. – O‘ratepa adabiy osorxonasi. №127 raqamli qo‘lyozma nusxasi – V. 290.

3.             Mavlaviy Jununiy. Ma’dan-ul-hol. – Dushanbe: Maorif. 2009. – S. 858.

4.  Mirzo Kenjayebk. Buyuk Termiziylar. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2017. – 512 b.

5.  Komilov N. Ma’nolar olamiga safar. – Toshkent: Tamaddun, 2012. – 316 b.

6.             Sultonov S. Ta’rixi doirai adabii Istaravshan dar nimai duvvumi asri XVIII va avvali asri XIX. – Dushanbe: Surushan. 2002. – S. 112.

7.             Xoja Muhammad Porso. Risolai qudsiya (Tas’hihi Ahmad Iroqiy). – Tehron: 1973. – 147 b.

8.             Hoji Muhammad Shahdiy. Devon. – Shaxsiy kutubxonamizdagi qo‘lyozma nusxasi. – 152 v.

9.              Қуръони карим маъноларининг таржима ва тафсири / Таржима ва тафсир муаллифи: Абдулазиз Мансур. – Тошкент: “Тошкент ислом университети” нашриёт-матбаа бирлашмаси, 2018. – 624 б.

10.        Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tasavvuf haqida tasavvur. – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2010. – 232 b.

11.                     Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Naqshbandiya: vazifalar, zikrlar. – Toshkent: Hilol nashr, 2018. – 160 b.

 

  ✍️Karomiddin JAMAHMATOV

Samarqand davlat universiteti

tayanch doktoranti, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-

tadqiqot markazi manbashunoslik bo‘limi boshlig‘i

Izoh qoldirish