05.01.2024

TERMIZIY ALLOMALARNING PEDAGOGIK TAʼLIMOTLARI — OʻQUV FANI SIFATIDA

Termiz – Oʻzbekiston janubida, koʻhna  Jayxun, yaʼni Amudaryoning oʻng sohilida joylashgan bandargoh shahar. U asrlar davomida Tarmita, Antioxiya – Tarmita, Demetrias, Tarmid, Tarmiz, Tami, Tamo singari turli nomlar bilan atalib kelgan. X asrddan boshlab Termiz deb nomlangan (arab va fors manbalarida Tirmiz deyiladi). Azaldan maʼmuriy jihatdan Termizga qarashli boʻlgan hudud Termiz deb atalgan. Mazkur shahar va uning atroflarida yetishgan buyuk allomalarning barchasi Termiziy taxallusi bilan shuhrat topganlar. Shubhasiz, bashariyat tamadduni shakllanishida, jumladan, qadimgi Sharq ilmu fani ravnaqida Termiz va Termiziy allomalarning oʻz oʻrni va alohida hissasi bor. 

Hamisha navqiron Termizning shon-shavkati, eʼtibor va sharafi ham mangu Termiziylar bilandir. Termizning abadiy bezavol qalʼalari ulugʻ Termiziylar hisoblanadi. Termiz – daho zotlar yetishmogʻiga zamin boʻlgan qutlugʻ maskan mustamlaka davrida har jihatdan yopiq shahar boʻlgan. 

Mustaqillik tufayli shaharning moddiy va maʼnaviy eshiklari ochildi: maʼnaviy xazinalar kashf boʻldi. Aziz Termiziylarning maʼnaviy meroslari xalqqa qaytarila boshlandi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 22-avgustdagi Farmoniga muvofiq, Termiz shahri Amir Temur ordeni bilan mukofotlangan edi. Ushbu yuksak mukofotni topshirishga bagʻishlangan tantanali marosimda birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nutq soʻzlab quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi. “Termiz shahri Vatanimizning bu yuksak mukofoti bilan taqdirlanishida chuqur ramziy maʼno bor. Termiz barcha zamonlarda yov qarshisida metin qoʻrgʻon vazifasini oʻtab kelgan. Bu zaminda mard va tanti, Vatani uchun jonini ham fido etishga tayyor oriyatli xalq yashaydi”.

Ayniqsa, Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 14-fevralda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi ilm-maʼrifat rivojiga hissa qoʻshgan ulugʻ allomalarimizning maʼnaviy merosini chuqur oʻrganishga yana bir asos boʻldi. Termiz shahrida “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” tashkil etildi. Ushbu qarorda markazning asosiy maqsadi va vazifalari aniq belgilab berildi. Jumladan:

birinchidan, islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va Termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish; 

ikkinchidan, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulugʻ allomalar, aziz-avliyolar vatani boʻlib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish; 

uchinchidan, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish; 

toʻrtinchidan, yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirishga koʻmaklashishga qaratilgan.

Albatta, Termiz shahridan juda koʻplab olimu-fuzalolar, shoirlar, din peshvolari, musavvirlar etishib chiqqan. Jumladan, Al-Hakim at-Termiziy, Abu Iso at-Termiziy, Burhoniddin Muhaqqiq Sayyid Sirdon Termiziy, Abu Bakr Varroq Termiziy, Xoʻja Samandar Termiziy, Adib Sobir Termiziy va boshqalar. Buyuk allomalarimizning maʼnaviy merosini oʻrganish bugungi kunning dolzarb masallaridan hisoblanadi. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun 2017-yildan boshlab Termiz davlat universitetida “Termiziy allomalarning pedagogik taʼlimotlari” oʻquv fani tanlov fani sifatida joriy qilindi. 

Oʻquv fani sifatida “Termiziy allomalarning pedagogik taʼlimotlari” oʻquv fani mazmunini quyidagicha taʼriflash mumkin:

Termiziy allomalarning pedagogik taʼlimotlari — Termiz va termiziy allomalarning ilmiy faoliyati va ularning maʼrifatparvarlik qarashlaridan yoshlar tarbiyasida foydalanishning mazmuni, jarayoni, tamoyil, yetakchi gʻoya, shakl, metod va vositalari haqida maʼlumot beradigan oʻquv fanidir.

Har bir fan, shu jumladan, oʻquv fani oldiga muayyan maqsad qoʻyiladi. Aslida oʻquv fanlarining maqsadi uning mohiyatini umumiy nuqtai nazaridan yoritishga xizmat qiladi.

“Termiziy allomalarning pedagogik taʼlimotlari” oʻquv fanining maqsadi – talaba-yoshlarga Termiz shahridan oʻzbek ilmi dovrugʻini jahonga taratgan buyuk allomalarning hayoti, faoliyati va tarbiyaviy – axloqiy qarashlarinining umumiy asoslari (mazmuni, oʻziga xos jihatlari, ustuvor gʻoyalari, samarali shakl, metod va vositalari)ga oid nazariy bilimlarni berish, ularni boʻlajak pedagog sifatida oʻquv-tarbiya jarayonida samarali foydalanishni oʻrgatishdan iborat.

Oʻquv fani sifatida “Termiziy allomalarning pedagogik taʼlimotlari” aniq maqsadni ifodalash bilan birga muayyan vazifalarni ham hal qilishga yoʻnaltirilgan. “Termiziy allomalarning pedagogik taʼlimotlari” fanining vazifalari esa quyidagilardan iborat:

talabalarni termiziy allomalarning hayoti va faoliyati, ularning maʼrifatparvarlik qarashlari bilan yaqindan tanishtirish;

talabalarda termiziy allomalarning Gʻarb va Sharq mamlakatlarida oʻrganilishi va ularning qimmatli asarlarining dunyo mamlakatlari kutubxonalarida saqlanishi borasidagi tasavvurlarini hosil qilish hamda ularning pedagogik faoliyatini rivojlantirish yoʻlida ilmiy izlanishlarni olib borish koʻnikmalarini shakllantirish;

talabalarga termiziy allomalarning asarlarini mazmun va mohiyatini oʻrganish va bugungi davrda qiyosiy-tahlil qilishga oʻrgatish;

talabalarda termiziy allomalarning pedagogik taʼlimotlari (mazmuni, oʻziga xos jihatlari, ustuvor gʻoyalari, samarali shakl, metod va vositalari) oʻquv-tarbiyaviy jarayonda allomalarining tarbiyaviy-axloqiy qarashlaridan foydalanish borasidagi tasavvurlarini hosil qilish.

Yuqorida keltirlgan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, fanning predmetini quyidagicha taʼkidlash imkonini beradi.

“Termiziy allomalarning pedagogik taʼlimotlari” fanining predmeti — Termiziy allomalari maʼrifatparvarlik qarashlarining umumiy asoslari mazmuni, oʻziga xos jihatlari, ustuvor gʻoyalari, samarali shakl, metod va vositalariga oid gʻoya, qarash, konsepsiya, nazariya va taʼlimotlar yigʻindisidan iborat.

Ushbu fanning asosiy debochasi “Termiz va buyuk Termiziylar” deb boshlanadi va Termiz sahri tarixiga bagʻishlangan. Shu maqsadda sizning eʼtiboringizga shaharning qisqacha tarixi bilan tanishtirib oʻtmoqchimiz. Bizning diyorimizda asrlar qaʼriga borib taqaladigan, yoshi minglab yillar bilan oʻlchanadigan shaharlar kam emas. Ana shunday jahondagi eng haroratli – issiq shahar Termiz shahri ham shunday shaharlar jumlasidandir. Amudaryo kechuvi oʻrnida milloddan avvalgi 1 ming yillik oʻrtasida yuzaga kelgan Termiz qadimgi davrda va oʻrta asrlarda Oʻrta Osiyodagi qator davlatlar tarixida muhim oʻrin egallaydi. Termiz shahri dunyoning strategiya nuqtayi nazaridan muhim qismida hamda janubdan shimolga va sharqdan gʻarbga olib boruvchi savdo yoʻllari chorrahasida joylashganligi tufayli jadal ravnaq topgan. “Buyuk Ipak yoʻli” tarmoqlaridan biri, Baqtriya poytaxti Baqtrani qoʻshni Soʻgʻdiyonaning poytaxti Samarqand bilan bogʻlovchi yoʻl Termiz orqali oʻtgan. Shaharning eng qadimgi nomi Tarmita deb nomlangan. Ilk oʻrta asrlarga oid manbalarda “Drmat” tarzida mashhur edi. Bu shaharda 630-yillar atrofida boʻlgan xitoylik sayyoh Syuan Stzyan uning nomini “Tami” shaklida  yozib qoldirgan. IX–XIII asrlarga oid arab manbalarida uning turlicha: “Tarmiz”, “Tirmiz”, “Turmiz” shaklida yozilgan nomlarini uchratish mumkin. Eski Termiz shahri hozirgi shahardan 7 km shimoliy gʻarbda, Amudaryoning oʻng sohili boʻylab joylashgan. 

Milloddan avvalgi 329-yil bahorida Makedoniyalik Aleksandr Baqtriya hududida hujum boshlaydi. U Aorn va Baqtra shaharlarini bosib olib, Baqtriya satrapi Bessni taʼqib qilib, Oks sohillariga chiqdi. Milloddan avvalgi 293-yillar atrofida Termiz koʻchmanchilar tomonidan vayron etildi. Biroq salavkiy podsho Antiox I shahrni tez orada tiklab, unga Antioxya deb oʻz nomini berdi. Milloddan avvalgi III asr oʻrtalarida Salavkiylarning Baqtriyadagi satrapi Diodot markaziy hokimiyatdan ajralib, oʻzini podsho deb eʼlon qildi, natijada Yunon-Baqtriya davlati yuzaga keldi. Uning poytaxti Baqtra shahri edi. Bu davrda Baqtriya ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida tub oʻzgarishlar yuz berdi – aholining moddiy va maʼnaviy madaniyati yangi darajaga koʻtarildi, bunga Baqtriyaning ellin olami shaharlari hamda Hindiston bilan savdo va madaniy aloqalari yanada jadalahtirish oqibatida erishildi. Shuning uchun antik tarixiy anʼanada Baqtriya “Ming shahar mamlakati” deb taʼriflangan. Chunki, Ptolemey uning hududida 18 shahar bor, deb taʼkidlaydi. Bu yerda koʻplab mustahkam shaharlar mavjud boʻlgani haqida bu viloyatda milloddan avvalgi 129-128 yillarda boʻlgan xitoylik sayyoh Chjan Styan ham guvohlik beradi. Bu davrda shaharda hunarmandchilikning turli sohalari, savdo, kulolchilik, toʻquvchilik, toshga ishlov berish rivojlandi. Shu vaqtning oʻzida bu yerda tovar pul munosabatlari jadal rivojlandi.

Miloddiy I asr boshida Kushon podshohligi davrida Termiz Oʻrta Osiyoda buddizmning yirik markaziga aylangan. Sharning janubiy-sharqiy chekkasida joylashgan yirik budda stupasining qoldigʻi boʻlgan Zurmola budddaviy yodgorliklaridan biridir. Shaharda buddizimning asosiy ravnaq topish davri milodiy II-IV asrlarga toʻgʻri keladi. Shahardagi budda markazida taʼlim-tarbiya olganlarning koʻpchiligi boshqa mamlakatlarda ham buddaviylik dinini targʻib qilishda hissa qoʻshgan. 

Milodiy IV asr oxiridan Tarmita-Termiz vaqti-vaqti bilan kidariylar, xioniylar va eftalitlar mulklari tarkibiga kirgan. Termizning keyingi tarixi arab xalifaligi va uning oʻrniga kelgan Oʻrta Osiyo davlatlari tarixi bilan bogʻliq boʻlgan. Termizning arablar tomonidan bosib olinishi va arab xalifaligi tarkibiga kirishi shaharda yangi madaniyat va dinning yoyilishiga olib keldi. Arablar boshqa dinlarni soxta deb eʼlon qilib, shahardagi buddaviy, zardushtiy va boshqa ibodatxonalarni yer bilan yakson qilib, ularning oʻrniga masjidlar qurdirgan.

Somoniylar davlatining tarkib topishi Oʻrta Osiyo shaharlarining yanada rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Bu davrda Termiz shahriga alohida eʼtibor bergan. 

1220-yil kuzida Termiz ostonalarida moʻgʻul bosqinchilari hujum qilgan. Aholi dushmanga mardona qarshilik koʻrsatgani uchun shahar “Madinat ar-rijol” (“Mardlar shahri”) deb taʼriflangan. Shahar oʻn kun qamal qilindi. Bu Chingizxonning gʻazabini qoʻzgʻatib, shahar olingach, uni talash, yer bilan yakson qilish, oʻt qoʻyib, kulini koʻkka sovurish toʻgʻrisida jangchilarga buyruq bergan.

XI–XII asrlarda Termizda fan-madaniyat, adabiyot rivojlanishida davom etdi. Bu davrda ham somoniylar davridagidek masjid va madrasalar faoliyat yritgan. Madrasalarda diniy ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy fanlar ham oʻrgatilgan. Maʼrifatni targʻib qilishda Termizlik sayyidlar orasidan etishib chiqqan shayxlar faollik koʻrsatishgan. Ayniqsa, shoir-u olimlar, muarrixlar, notinchliklarga qaramay, ijod bilan shugʻullanishgan. Termizda Habob ibn Muhammad Termiziy, Solih ibn Nosir Termiziy, falakiyotchi Jaloliddin Jaʼfar ibn Husayn Termiziy, fiqh va hadis ilmi peshqadami Aloviddin Termiziy, shoir Sobir Termiziy kabi zamonasining ilgʻor, bilimli kishilari faoliyat yuritishgan. 

Amir Temur va Temuriylar davrida Termizlik sayyidlarga va aholisiga doim eʼtibor berib, uning obodonchiligiga qarashganlar. Sohibqiron davrida Chingizxon davridan beri ancha vayrona boʻlib qolgan Eski Termiz ham obodonlashdi, sayyidlar istiqomat qiladigan yangi qismi esa juda kengaydi. Olim va ijodkor Ulugʻbek davrida fan-madaniyat rivojlandi. Termizlik ilm ahllaridan baʼzilari Samarqandga bordilar. Masalan, termizlik usta Hoshim Muhammad Ulugʻbek rasadxonasi uchun usturlob yasab bergan.

Shayboniylar davrida Termizda tangalar zarb qilina boshlagan. Ipak matolar va yarim ipak gazlamalar ishlab chiqarilgan, ular sifati va guldorligi bilan ajralib turgan. Yogʻoch va ganch oʻymakorligi rivojlangan. Termiz muhim kechuv joyida boʻlganidan turli tomonlardan keladigan savdo karvonlari shu yerda kemalar orqali oʻtkazilgan va undan tushgan mablagʻ shahar iqtisodiy qudratining oshishiga xizmat qilgan.

1901–1905 yillarda Rossiyada yuz bergan inqilobiy harakatlar nafasi Termizga ham etib kelgan. Termiz shahri taraqqiy etib borgani sari bu yerda fan va madaniyat, maorif rivoji uchun imkoniyatlar vujudga keldi. 1906 yilda harbiylar cherkovi qoshida 35 nafar bolaga moʻljallangan diniy-dunyoviy maktab ochildi. Keyinroq uning binosiga Lunacharskiy nomli maktab faoliyat koʻrsatgan. Albatta aholisi koʻpayib hududi kengayib borayotgan shahar uchun 50-60 nafar bolaga moʻljallangan maktab juda kichiklik qilar edi. Shu sababli Termizda oʻquvchilar gimnaziyasini tashkil etish masalasi kun tartibiga qoʻyilgan. Buxoro amirligi Termiz gimnaziyasi uchun 1 ming soʻm pul ajratishga vaʼda bergan. Biroq pul oʻrniga amir oʻzining ochiladigan gimnaziyaga homiyligini bildirib, dasxati tushirilgan suratini yuborgan. Dastlab chor hukumati, keyinroq Kerenskiy vaqtli hukumati Termizda gimnaziya ochishni ortiqcha dabdaba hisoblagan. Shunga qaramasdan, 1913 yilda ofitserlar farzandlari uchun boshlangʻich rus maktabi, 1917-yilda esa shahar rus maktabi ochilgan. 

Albatta, bu davrda Termiz shahri atrofida istiqomat qiladigan mahalliy aholi ham oʻz masjid va madrasalariga ega boʻlgan. Oʻzbeklar, turkmanlar, tojiklar, yahudiylar va forslarning farzandlari mahalliy mulallalar qoʻlida taʼlim-tarbiya olishar edi. 1916-yilda Imomaliboy tomonidan musulmon masjidi Murch bobo qurilgan. Bu masjid qoshida ham musulmon bolalari taʼlim oladigan diniy maktablar bor edi. 1921-yilda Termizda 6 ta sinf xonasi boʻlgan dastlabki rus maktabi faoliyat yurita boshladi. Unda 6 nafar muallim va 213 nafar oʻquvchisi boʻlgan. 1923-yilda esa Behbudiy nomli (soʻngra Tesha Saydaliyev nomi berilgan) dastlabki oʻzbek maktabi tashkil etildi. Uning uchta sinf xonasi bor edi. Bu maktabda birinchi yili uch nafar oʻqituvchi ishladi va 56 nafar oʻquvchi taʼlim olgan. 1925–1926 oʻquv yilida sovet maktabiga 344 nafar oʻquvchi jalb qilinib, ularga 14 nafar muallim taʼlim bera boshlagan. 1926-yilga kelib, Termizda bir yillik oʻqituvchilar tayyorlash kursi tashkil qilindi. 1927-yilning martida viloyatda birinchi bor oʻqituvchi-kadrlar tayyorlash bilim yurti tashkil qilingan. U 1928-yilga kelib oʻrta maxsus bilim yurtiga aylantirilgan. Surxondaryo xalq maorifining qaldirgʻochlari olim Qulmurod Shodmonov, shoir va tarjimon Eshboy Pardayev, Joʻra Mirzayev, Abror Xoliqov kabilar ana shu bilim dargohida taʼlim oldganlar.

Urush yillarida vohada muallimlar, darsliklar, boshqa turdagi oʻquv qurollari etishmasada, maktablarda oʻqish-oʻqitish ishlari davom ettirilgan. 1944-yilda shahardagi 5 ta maktabda 2 mingdan koʻroq bola oʻqirdi. 1949-yilda mamlakatda 7 yillik taʼlimning joriy etilishi shahar maktablari faoliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatgan. 

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilikka erishgach Termiz shahrining rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning 1992-yil 28-fevraldagi farmoyishi bilan pedagogika instituti negizida Termiz davlat universiteti tashkil etildi. 1998-2005-yillarda Maktab taʼlimini rivojlantirishga moʻljallangan dastur ishlab chiqilib, Viloyatda, zamonaviy maktablar qurilib, oʻquvchilar ixtiyoriga topshirildi. Ayni vaqtda Prezidentimiz tashabbuslari bilan taʼlim tizimining barcha bosqichlarida islohotlar amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlardan asosiy maqsad yuqori saviyadagi bilimga ega boʻlgan yoshlarni tayorlash  va oʻsib kelayotgan avlodda oʻz vataniga naf keltirish, uning buyuk kelajagini yaratishda faol qatnashish hissini uygʻotishdir. 

Achilov Nuriddin Abdugafforovich,

TerDU, Pedagogika va ijtimoiy ish kafedrasi mudiri v./b. dots.,

pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. (Mukammal asarlar toʻplami). 17-jild. – Toshkent: 2001.
  2. Choriyev Z, Annayev T, Murtazoyev B, Annayev J. Al hakim at -Termiziy. –  Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008.
  3. Choʻtmatov J. Muhammad Hakim Termiziy risolalari tarjimasi. – Toshkent: Movaraunnahr, 2017.
  4. Fariddin Attor. Tazkirat ul-avliyo (M.Kenjabek tarjimasi) – Toshkent: 1997.
  5.            Kenjabek M. Buyuk Termiziylar. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: 2017. 
  6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2774-sonli “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Toshkent shahri, 2017-yil 14-fevral.
  7. Tursunov S, Murtazoyev B. Termiziylarning ilmiy tafakkuri.  – Toshkent: Oʻzbekiston, 2016. 

 

Izoh qoldirish