11.01.2024

EGASI BOR YURTNING ERTASI BORDIR

Yaratgan tomonidan inson zotiga berilgan eng buyuk neʼmatlardan biri – bu uning ona vatan bagʻrida umrguzaronlik qilishi, vatan bagʻrida kamol topishidir. Zero, vatan kindik qonimiz toʻkilgan tuproq, ajdodlarimiz mangu qoʻnim topgan maskan, avlodlarimiz kamolotga yetadigan diyordir. Vatan ona kabi yakkayu yagonadir. Alloh taolo har bir bandani yaratar ekan, uning oʻsib-unishi uchun ularga bir vatan ham ato etdi. Shu nuqtayi nazardan aytish mumkinki, dunyoda vatan mudofaasidan, uning har bir qarich tuprogʻini asrab-avaylashdan ham koʻra buyukroq burch boʻlmasa kerak.

Paygʻambarimizning hayot yoʻllariga nazar tashlaydigan boʻlsak, vatanga boʻlgan muhabbatning oliy namunasini, muqaddas dinimizda vatanga boʻlgan sevgi naqadar yuksak darajada taʼrif etilishini koʻramiz. Jumladan, Rasululloh s.a.v.ning qavmi Makkadan chiqib ketayotganda Makka bilan xayrlashib, unga qarata shunday xitob qilganlar: “Qanday ham yaxshi shaharsan, qanday ham menga suyuklisan! Agar qavmim meni sendan chiqarib yubormaganida, sendan boshqada yashamasdim” (Termiziy rivoyati 3926).

Ona diyorimizda azal-azaldan vatanni asrab-avaylash, uni ham maʼnaviy, ham harbiy nuqtayi nazardan mudofaa etish borasida olim va mutafakkirlar, harbiy sarkardalar namuna koʻrsatganlar. Jumladan, yurtimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy kabi allomalar oʻzlarining bebaho asarlari orqali mamlakat qudratining yuksalishiga, maʼnaviy hayot taraqqiyotiga xizmat qilgan boʻlsalar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi buyuk sarkardalar esa vatanning harbiy qudratini oshirishga, uni mudofaa qilishga tayyor turganlar. Kubraviya tariqatining asoschisi Shayx Najmiddin Kubro vatan mudofaasi yoʻlida namuna koʻrsatgan ulugʻ ajdodlarimizdan hisoblanadi. Zero, Shayx Najmiddin Kubro hazratlari vatan yoʻlida nafaqat oʻz ilmlari orqali, balki dushmanga qarshi mardonavor jang qilish orqali ham xizmat qilganlar.

Alloh taolo oʻz bandalariga bergan eng bebaho neʼmat, albatta tinchlik hisoblanadi. Darhaqiqat, Islom dini, uning nomidan ham maʼlumki, tinchlikni targʻib qiluvchi, osoyishtalikka daʼvat etuvchi din hisoblanadi. Alloh taolo oʻz bandalarini oʻzaro bahamjihatlikka, doʻstlik va hamkorlikka, tinchlikka daʼvat etib: “Agar moʻminlardan ikki toifa oʻzaro urushib qolsalar, darhol  ular oʻrtasini isloh etingiz!”[1] degan. Yaratganning ushbu muborak kalomidan ham tinchlikning naqadar bebaho, insonning maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy va aqliy rivojida benazir ahamiyatga ega ekanligini bilib olishimiz mumkin.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, barcha ilmiy yuksalishlar, Sharqda va Gʻarbda yuz bergan Uygʻonish davrlarining asosida tinchlik omili turganligini koʻrishimiz mumkin. Jumladan, IX-XII asrlardagi birinchi Sharq  Renessansi, Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan sohasidagi taraqqiyotga mamlakatda oʻrnatilgan osoyishtalik asos boʻlib xizmat qildi. 

Ushbu neʼmatning qadrlanmasligi, asrab-avaylanmasligi natijasida esa jamiyatlar, qudratli saltanatlar tanazzulga yuz tutgan, ming-minglab insonlarning hayoti barbod boʻlgan. Birgina XX asrda yuz bergan ikkita jahon urushlari oqibatida insoniyat oʻz tarixida mutlaqo koʻrmagan azob-uqubatlarga, vayronagarchiliklarga duchor boʻldi. Allohning kalomi – Qurʼoni karimda tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, unga shukronalik keltirish borasida Yaratuvchi shunday deb marhamat qiladi: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) inʼom etsak, u (shukr qilishdan) yuz oʻgirib, oʻz holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambagʻallik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid boʻlur”[2].  

Bugungi globallashuv davrida, mafkuraviy xurujlar butun dunyo uchun xavfli boʻlib bormoqda, turli vayronkor kuchlar yoshlar ongini nomaqbul gʻoyalar bilan zararlashga harakat qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan muqaddas Islom dinidagi tinchlikka, yaxshilikka daʼvat etuvchi tushunchalarni notoʻgʻri talqin qilayotgan, ushbu tushunchalardan oʻzlarining gʻarazli maqsadlarini amalga oshirish yoʻlida foydalanuvchi kuchlarning xatti-harakatlari, dinni obroʻsizlantirishga qaratilgan gʻoyalariga qarshi immunitetni shakllantirish masalasi muhimdir. Bu jarayonda tinchlikni asrab-avaylash, uning mohiyatini butun jamiyat ongiga singdirish yanada dolzarb ahamiyatga egadir. Bu esa vatan mudofaasi nafaqat harbiy soha vakillarining, balki har bir insonning yurt oldidagi sharafli vazifasi ekanligidan dalolatdir.

 

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi


 

[1] Hujurot surasi 9 oyat.

[2] Isro surasi 83 oyat.

Izoh qoldirish